Tramp jurnalistlar koʻz oʻngida Netanyaxuga bosim oʻtkazishi kerak — Isroil sobiq rahbari Ehud Olmert

12:56 10 Iyun 2025 Dunyo
120 0

2006-yildan 2009-yilgacha Isroil bosh vaziri boʻlgan Ehud Olmert AQSHning Isroil hukumatiga taʼsir oʻtkaza olishini aytib, prezident Donald Trampni Netanyaxuga bosim oʻtkazishga undadi. Bu haqida “Al Jazeera” nashri xabar berdi.

Sobiq Isroil bosh vazirining taʼkidlashicha, Tramp Netanyaxuni Oq uyga chaqirishi va jurnalistlar koʻz oʻngida Isroil tomonidan qilinayotgan harakatlarni qoralashi hamda bas qilish lozimligini aytishi kerak.

“Tramp buni amalga oshiradi deb umid qilaman. Amerika rahbari hech narsa yutqazmaydi. Toʻgʻri, bu ishning sodir boʻlish ehtimoli juda past. Lekin biz umid qilishimiz va bu harakatni ragʻbatlantirishimiz kerak”, — deydi Olmert.

Shuningdek, sobiq bosh vazir Gʻazoda sodir boʻlayotgan urushni jinoyat deb bilishini maʼlum qilgan. Olmert ushbu mojaroga barham berishning yagona yoʻli ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro bitim tuzish ekanini ham qoʻshimcha qilgan.

Ehud Olmertning soʻzlariga koʻra, Netanyaxu 2023-yilning 7-oktyabrda HAMASning misli koʻrilmagan hujumiga toʻsqinlik qila olmagani uchun yetakchi sifatida butunlay muvaffaqiyatsizlikka uchragan hamda ishonchni yoʻqotgan.

Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, kecha, 9-iyun kuni Isroil kuchlarining Gʻazoga qilgan hujumlari oqibatida kamida 60 nafar falastinlik halok boʻlgan. Yuzdan ortiq kishi esa turli darajadagi tan jarohatlari olib shifoxonalarga yotqizilgan.

Gʻazo Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, Isroilning Gʻazoga qarshi urushi davomida kamida 54 ming 927 nafar falastinlik halok boʻlgan. 126 ming 615 nafari esa turli darajadagi tan jarohatlari olib shifoxonaga joylashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер