Energetika sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi tashkil etiladi. Markazning asosiy vazifasi nimadan iborat?

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-iyuldagi 426-son qarori bilan energetika sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar tasdiqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum boʻlishicha, elektr energetikasi va neft-gaz sohasida 80 ming kishi mehnat qilib kelmoqda, ammo soha xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishning yagona tizimi yoʻq. Bu esa energetika obyektlaridagi taʼmirlash ishlari sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatib, avariyalar va halokatlar sonining oʻsishiga sabab boʻlmoqda.
Shunga koʻra, Energetika vazirligi huzuridagi “Oʻzenergoinspeksiya”, “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekgidroyenergo”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari”, “Oʻzbekneftgaz”, “Oʻztransgaz” va “Hududgaztaʼminot” hamda “Oʻzkimyosanoat” AJ taʼsischiligida hududiy filiallarga ega boʻlgan Energetika sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi MCHJ shaklida tashkil etiladi.
Qayd etilishicha, markazning asosiy vazifalari sifatida zamonaviy talablarga muvofiq kadrlar taʼlimi sifatini taʼminlash, zarur kasbiy kompetensiyalar darajasini shakllantirish, oʻz kasbiy bilim, koʻnikma va malakalarini doimiy takomillashtirish mexanizmlarini joriy etish, ilgʻor xorijiy tajriba asosida oʻquv dasturlarini ishlab chiqish, oʻquv jarayoni sifati va samaradorligini tahlil qilish va monitoring qilishning raqamli axborot tizimlarini joriy etish kabi yoʻnalishlar koʻzda tutilmoqda.
Bundan tashqari, energoaudit va energomenejment boʻyicha maxsus oʻquv kurslarini tashkil etish, malaka oshirish uchun raqamli taʼlim resurslarini yaratish va masofaviy taʼlim tizimini joriy etish ham aynan mazkur markazning vazifalaridan sanaladi.
Ushbu malaka oshirish jarayonlari 2025-yil 1-apreldan boshlanadi va unga koʻra, rahbarlar va mutaxassislar – besh yilda kamida bir marta, muhandis-texnik, ishlab chiqarish va ishchi xodimlar – uch yilda kamida bir marta malaka oshirishlari zarur boʻladi.
“Markazda qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini muvaffaqiyatli oʻtagan tinglovchilarga tegishli sertifikat beriladi”, deyiladi xabarda.
Avvalroq, davlat mulkini “nol” qiymatda sotish amaliyoti bekor qilingani haqida xabar berilgandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring