Yoshlar uylari qachon oʻz egalariga beriladi?

12:14 27 Fevral 2019 Jamiyat
9588 0

Yoshlar — kelajagimiz, yurt tayanchi hamda ishonchi, deymiz. Shu bois ayni paytda yurtimizda yosh avlod vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilyapti.

Oʻqish va ishlashlari uchun yaratib berilayotgan shart-sharoitlar esa ularni yangi marralar sari ­undayotgani bor gap. Binobarin, hozirgi kunda oʻz bilim hamda mehnati bilan yurtimiz ­taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshayotgan yigit-qizlarimiz ham talaygina. Prezidentimizning 2017 yil 5 iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-­quvvatlash toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda Vazirlar ­Mahkamasining 2017 yil 23 sentyabrdagi “Mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan taʼminlashda qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori esa ularning ilm hamda mehnat yoʻlida, umuman, hayotda munosib oʻrin topishlari uchun gʻoyat muhim hujjat boʻldi, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Tahririyatimizga bir guruh yoshlar nomidan kelgan arizada xuddi shu masala, aniqrogʻi, uy-joy taʼminoti ­masalasi koʻtarilgan. Arizada 2018 — 2021 yillarda mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib, alohida namuna koʻrsatayotgan yosh oilalar uchun uy-joylar qurish parametrlari tasdiqlangan holda, oʻtgan yili Toshkent shahrida 420 xonadonli koʻp qavatli uylar qurilishi belgilangani, ammo ushbu uylar barpo etilmagani, bu paytga kelib, 2015 — 2017 yillardan buyon Toshkent shahrida Yoshlar uylari qurib, foydalanishga topshirilmaganligi sababli, yoshlar orasidan saralab olingan nomzodlar soni 630 nafarga yetganligi bayon qilinadi. Vaholonki, ushbu masala davlatimiz rahbarining 2018 yil 26 oktyabr kuni Yunus­obod tumaniga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar yuzasidan majlis bayonida ham aks ettirilgani keltiriladi.

— Sergeli tumanidagi 21-bolalar musiqa maktabida boʻlim ­boshligʻi vazifasida ishlayman, — deydi ulardan biri ­Sanʼatjon ­Sharipov. — Oʻzim Xalq taʼlimi aʼlochisiman. 630 ta yosh oilaga berilgan sertifikatni olganlar qatorida men ham borman. Ijtimoiy hayotda yutuqqa erishgan yoshlardan biri sifatida Sergeli tumanining “Choshtepa” MFY hududidan uy ­olmoqchiman. Chunki sertifikatda aynan shu mahalla koʻrsatilgan. ­Lekin shu kungacha uydan darak yoʻq. Shu bois bir necha bor masʼul ­tashkilotlarga murojaat qilishga majbur boʻlyapmiz...

Qisqasi, mazkur yoshlarning qay biri bilan suhbatlashmang, shu savolni oʻrtaga tashlashmoqda: bizga qachon va qayerdan uy beriladi? Chunki ular bu masalada Oʻzbekiston yoshlar ittifoqida bir necha bor boʻlishganda, uyning qachon topshirilishi-yu, qayerdan berilishi ­xususida aniq javob olisholmaganini taʼkidlashmoqda. Shu bois mazkur tushunarsiz holatga javob olishni istashyapti.

Xoʻsh, bunga mutasaddilar nima deydi? Shu maqsadda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashiga murojaat qilib, uning yuridik xizmat ­boʻlimi mudiri ­Bahrom IlHomjonovning fikrlariga quloq tutdik.

— Ushbu masaladan xabarimiz bor, — deydi suhbatdoshimiz. — Bu boʻyicha biz 2018 yil iyun oyi­da Toshkent shahar hokimligiga murojaat qilganimizda, ular tomonidan Yoshlar uyi uchun ajratilgan kvota va limit 2017 yilda nogironligi boʻlgan, kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga imtiyozli ipoteka krediti asosida berilgani maʼlum qilindi. Bu ham maqsadsiz emas, albatta.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va Toshkent shahar hokimligi tashabbusi bilan 2018 yil iyul oyida Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilinib, Sergeli tumanida 420 ta kvartirali koʻp qavatli uy qurilishi belgilandi. Ayni payt­da ular barpo etilmoqda. Qolaversa, bu uylar qurilishi sentyabr va oktyabr oylarida boshlanganligi bois tugallanishi may-iyun oylariga belgilangan. Bu 2018 yil hisobidan. Bundan tashqari, Prezidentimizning 2018 yil 24 noyabrdagi ­qarori asosida joriy yil uchun yana 420 ta uy qurilishi belgilangandi. Hozir mazkur uylar qurilishi ham boshlangan. Bu joriy yilda 2018-2019 yillar hisobidan mamlakat ijtimoiy hayotida alohida namuna koʻrsatayotgan yosh oilalarga 840 ta uy qurilishi rejalashtirilyapti, deganidir. Yanayam aniqroq aytadigan boʻlsak, Toshkent shahar hokimligining 2018 yil 3 dekabrdagi “Toshkent shahrida qurib bitkaziladigan koʻp qavatli uylardagi xonadonlar taqsimotini samarali tashkil etishga qaratilgan qoʻshimcha choralar haqida”gi farmoyishining birinchi ilovasiga muvofiq, Sergeli tumani 8-qurilish maydonidan 2 ta (84 ta kvartira, 29-30 raqamli) va 9-qurilish maydonidan 8 ta (336 ta kvartira, 9, 10, 18, 19, 34, 55, 72, 73-raqamli) uylar, ikkinchi ilovasi bilan esa 8-qurilish maydonidan 10 ta (72 — 81 raqamli) yana 420 ta kvartira ajratilishi belgilangan. Demak, bu yil Toshkent shahrining Sergeli tumanida jami koʻp qavatli uylar kvartiralarining 840 tasi Yoshlar uyi sifatida ­mamlakat ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarga ­topshiriladi.

Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, uylarni qurib bitirish muddati, ularning sifati qanday, degan savollarga javob berish bizning vakolatimizga kirmaydi. Bu holat inobatga olinishi kerak. Navbatda turgan yosh oilalarning ham bu uydan olaman, bunisidan olmayman, deyishga haqqi yoʻq. Sababi Yoshlar uylari Prezidentimiz tomonidan qabul qilinadigan qarorlar asosida barpo etiladi. Ayni paytda qurilayotgan uylar yuqorida aytib oʻtganimizdek, sakkizinchi va toʻqqizinchi qurilish maydonida. Yoshlar aytyaptiki, ­uyimiz “Choshtepa” MFY hududida boʻlishi kerak.

— Chindan ham, ularning qoʻlidagi sertifikatlarda aynan “Choshtepa” MFY hududi koʻrsatilgan-ku, bunga nima deysiz?

— Yosh oilalarga Yoshlar uyi sifatida rejalashtirilgan uy-joylar mazkur qurilish maydoni hududida qurilishi koʻzda tutilgan edi.

Biroq “Choshtepa” MFY hududida bugungi kunda qurib bitkazilgan uylar xususiy tadbirkorlar tomonidan bunyod etilgan. Shunga qaramasdan yuqorida qayd etganimizdek, ­dastlabki 150 yosh oila aynan “Choshtepa” MFY hududida qurib bitkazilgan uy-joylarga koʻchib oʻtadi.

Bu masalada biz, albatta, vaziyatni tushunib, uzoq muddat uy-joylar topshirilishini kutayotgan yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlagani uchun Toshkent shahar hokimligi va Moliya vazirligiga oʻz minnatdorligimizni bildiramiz.

Vaholonki, bu Yoshlar uylari emas. Oʻz navbatida, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Davlat dasturi asosida belgilab berilgan uylarga tavsiyanoma beradi. Shartnoma tuzilgach, biz oldindan uylarning boshlangʻich toʻlovi, yaʼni 25 foizini toʻlab beramiz. Bu — bizning majburiyatimiz. Davlat dasturidan tashqariga chiqishga bizning ham huquqimiz yoʻq.

Lekin shu oʻrinda qayd etish ­kerakki, yaqinda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqiga Vazirlar Mahkamasi tomonidan mamlakat ijtimoiy hayotida faollik koʻrsatgan yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Choshtepa” MFY hududidan ularga uy ajratish uchun roʻyxatni shakllantirish va oʻrnatilgan ­tartibda Toshkent shahar hokimligiga taqdim etish boʻyicha topshiriq xati kelib tushdi. Shunga muvofiq, 2019 yil 31 yanvar kuni Toshkent shahar hududiy komissiyasining navbatdan tashqari yigʻilishi boʻlib oʻtdi va unda oʻsha 630 nafar nomzod orasidan roʻyxatda turgan ­dastlabki 150 yosh oilaning roʻy­xati tasdiqlanib, hokimlikka ­yuborildi. Bugungi kunda buning uchun ­kredit resursi ajratilgan.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi 150 yosh oilaning Yoshlar uyini sotib olish uchun dastlabki badal toʻlovlarini, yaʼni 9 779 828 850 (toʻqqiz milliard yetti yuz yetmish toʻqqiz million sakkiz yuz yigirma sakkiz ming sakkiz yuz ellik) soʻm pul mablagʻini joriy yilning

5 fevral sanasida oʻrnatilgan tartibda tegishli hisob raqamga oʻtkazib berdi. Hozirgi kunda yosh oilalar bilan dastlabki uch tomonlama oldi-sotdi shartnomalari tuzilishi boshlandi.

Bugungi vaziyat shu.

— Dastlabki, yaʼni 150 yosh oilaning roʻyxati ­nimaga asoslanib shakllantirilgan?

— Bunda yosh oilalarning Oʻzbe­kiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi huzuridagi Respublika ­komissiyasi tomonidan hisobga qoʻyilganlik ketma-ketligiga alohida eʼtibor qaratilgan. Yaʼni kim oldinroq hujjat topshirgan va hisobga (navbatga) qoʻyilgan boʻlsa, ular mazkur roʻyxatga kiritilgan. Bu roʻyxatga 2014 — 2016 yillarda hujjat topshirib, hisobda turgan yosh oilalar kiritilgan. Jarayonda ularning orasidan vakillar ham sayladik. Ular jamoatchilik nazoratchisi sifatida ishtirok etishdi.

Shu oʻrinda qolgan 480 ta oilachi, degan savol tugʻilishi mumkin. Mutaxassisning taʼkidlashicha, joriy yilda yoshlar uchun 840 ta ­xonadon qurilmoqda. Bu 2018-2019 yil dasturi boʻyicha may-iyun-iyul oylariga belgilangan ishlar. Yoshlar ittifoqi 480 nafar yosh oilaga ham xuddi shu “Choshtepa” MFY hududidan uy berilishini istisno qilmayapti. Demak, ularni shu yilning oʻzida joylashtirish imkoniyati ­mavjud. Moliya vazirligi tomonidan 75 foiz ­kredit resursi topib berilsa, Yoshlar ittifoqi boshlangʻich toʻlovni amalga oshirishga tayyor.

Vaziyatni hokimlik qanday izohlaydi?

— “Choshtepa” mahalla fuqarolar yigʻini hududida 3 996 xonadonli 66 ta uy qurilishi kerak, — deydi Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari Elbek Shukurov. — Uylarni barpo etish ketma-ketligi boʻyicha oladigan boʻlsak, bugungi kunga kelib, bu yerda 21 uy bitgan. Bu — birinchi bos­qich uylari. Mart oyi oxiri va aprel oyi boshlarida ikkinchi bosqich uylari qurilishi yakunlansa, uchinchi bosqich uylari bunyodkorlik ishlari yakunlanishi iyun ­oyiga toʻgʻri ­keladi.

Ayni paytda chiqarilgan taqsimotda ­dastlabki bosqichda 150 ta yosh oilaning 80 tasi uy bilan taʼminlanishi nazarda tutilmoqda. Chunki ushbu uylar 6 ta kontingent, yaʼni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senati aʼzolari, ­Prezident Adminis­tratsiyasi, ­Vazirlar Mahkamasi xodimlari, yosh oilalar hamda ogʻir sharoitda yashayotgan, imkoniyati cheklangan, nogironligi bor insonlarga taqdim etilyapti. Xullas, uylar shu toifalarga teng taqsimlanganda, bir va ikki xonali xonadonlarda muammo yoʻq. Ular yetarli. Lekin birinchi bos­qichda oladiganlar uchun uch xonali xonadonlar yetishmovchiligi vujudga kelmoqda. Sababi deputatlar, ­Senat aʼzolarining yoshi katta. Farzandlari soni, jinsidan kelib chiqqanda, uch xonaliga talab yuqori boʻldi. Aslida, yosh oilalarda ikki xonaliga ehtiyoj koʻp boʻladi, deb oʻylagandik. Biroq yosh oilalar ichida ham ikki, uch, hattoki, toʻrt nafar farzandlilar ham boʻlganligi uchun 150 taning ichida bor-yoʻgʻi 30 tasida ikki xonaliga ehtiyoj borligi maʼlum boʻldi. Uch xonali uy topib berolmaganimiz nuqtai nazaridan qayta taq­simot qilindi. Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan yoshlarni hududga olib borib uylar koʻrsatilganda, hali taqsimot qilinmagan edi.

Aslida, muammo qayerdan kelib chiqqan edi? Gap shundaki, shahar hokimligi sobiq rahbariyati tomonidan qilingan taqsimot tufayli yosh oilalarga moʻljallangan 420 ta xonadon boshqa kontingentga berilgan. Yaʼni poytaxtimizning boshqa tumanlaridagi imkoniyati cheklangan aholi vakillariga. ­Natijada yosh oilalar uylarini kutib qoldi. Shu bois hokimligimiz tomonidan mazkur mahallada qurilayotgan uylarni yosh oilaga berish toʻgʻrisida rahbariyatga taklif bilan chiqilgandi. Va taklif maʼqullangandi. Lekin oʻsha paytda Moliya vazirligi tomonidan bunga mablagʻ topib berish masalasi paydo boʻladi, deb oʻylamagandik. Lekin shu muammo paydo boʻldi.

Bundan tashqari, yosh oilalar uchun moʻljallangan 420 ta xonadonning berib yuborilganligi xususida Hukumatga xat bilan murojaat ­qilganimizda, Choshtepa hududiga yaqin joyda bu yilga moʻljallangan 420 tadan tashqari, yana 420 ta xonadon qoʻshib berildi. Hozir mazkur yoshlarga moʻljallangan 840 ta xonadonli uylar qurilishi davom etmoqda. Yaʼni Hukumat tomonidan ham vaziyat toʻgʻrilab qoʻyildi. Biz ham hokimlik tomonidan qoʻshimcha 630 ta xonadon ajratdik. Yaʼni yoshlarning koʻngli oʻksimasin, kutganligi oʻrnini kompensatsiya qilish nuqtai nazaridan.

Yoshlarimizni eshitadigan boʻlsak, toʻgʻri, ularga yana bir marta koʻchishing sal kechikadi, deyish ogʻir botishi, tabiiy holat. Bu bilan oʻzimizni oqlash niyatimiz yoʻq. Lekin vaziyat shunaqaki, hozir moʻljallangan kontingentga teng taqsimlashga hokimlik ham majbur. Koʻpchilik oʻylayaptiki, uy berilmas ekan, olib qoʻyilar ekan, deb. Bu haqda hech qanaqa gap boʻlishi mumkin emas. Hammasi beriladi. Faqat maʼlum bir muddat farqi bilan.

Aytib oʻtganimizdek, dastlabki bosqichda 80 ta yosh oila, keyin, yaʼni aprel oyida 70 ta yosh oila uy ­bilan taʼminlanadi. Albatta, bunda avvalgi taqsimotdagi xonadon raqamlari oʻzgarishi mumkin.

Uchinchi bosqich boʻyicha aynan “Choshtepa” MFY hududida 480 ta oilaga uy berilishi ­Moliya vazirligi tomonidan moliyaviy manba topilishiga bogʻliq. Shu bilan birga, mazkur yoshlar uchun yuqorida keltirilgan, qurilishi davom ­etayotgan 840 ta xonadonning moliyaviy manbasi aniq. Ushbu uylarni yosh oilalarga berish uchun hech ­qanday muammo mavjud emas. Qurilish yakunlanishi bilan Oʻzbekiston yoshlar ­ittifoqi tavsiyasiga koʻra, mazkur uylar oʻz egalariga topshiriladi.

Suhbatdoshlarimizning fikrlaridan anglash mumkinki, bu ­boradagi ishlarga kirishilmoqda. Biz ham yoshlarimiz bot-bot ­taʼkidlayotganidek, oʻz uyiga, oʻz “Vatani”ga joriy yilda ega ­boʻlishlariga umid qilib qolamiz.

Dilshod ULUGʻMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер