Navoiy va Abay: umuminsoniy qadriyatlar davomiyligi

15:51 05 Iyul 2024 Jamiyat
412 0

Oʻzbek mumtoz shoiri Alisher Navoiy va buyuk qozoq mutafakkiri Abay Qoʻnonboyev maʼnaviy meroslarini oʻrganishga bagʻishlangan xalqaro anjuman Abay nomidagi Qozogʻiston milliy pedagogika universitetida boʻlib oʻtdi.

Аlisher Navoiy va Abay Qoʻnonboyevning maʼnaviy merosi jamiyat ravnaqiga, madaniyat rivojiga, adabiyotni boyitishga qoʻshgan hissasi bilan belgilanadi. Shoirlar ijodi bizning davrimizda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq, xalq maʼnaviy boyligining ajralmas qismi boʻlib qolmoqda. Atoqli mutafakkirlar ijodidagi davomiylik odob-axloq gʻoyalari, bilimga intilish, adolat va jamiyatni yangilash, ularning serqirra ijodida namoyon boʻladi.

Аlisher Navoiy oʻzbek adabiy tiliga asos soldi, uning asarlari Markaziy Osiyo xalqlari adabiyotiga katta taʼsir koʻrsatdi. Abay Qoʻnonboyev qozoq adabiyotini boyitib, uning rivojiga katta hissa qoʻshdi. Uning qozoq sheʼriyati va falsafiy tafakkuridagi yangiliklari qozoq milliy adabiyotining asosini tashkil etdi. Bu ikki buyuk mutafakkir jamiyatning maʼnaviy yangilanishiga intilib, taʼlim-tarbiyaning ahamiyatini ilgari surdilar. Navoiy maorifni yuksak qadrlagan, davlatni boshqarishda adolat va donolikka amal qilgan. Abay maorif va ilmning ahamiyatini tushunib, yoshlarni oʻqishga, sanʼat oʻrganishga undagan.

Ana shunday qimmatli fikr va mulohazalar “Navoiy va Abay: umuminsoniy qadriyatlar davomiyligi” mavzuida oʻtkazilgan xalqaro forum hamda mazkur universitetda Аlisher Navoiy nomidagi markazning ochilish marosimida bot-bot takrorlandi.

Forumning tantanali ochilishida Qozogʻiston milliy pedagogika universiteti rektori Bolat Tilep Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish muhimligini aytib, mazkur tadbir ikki mamlakat oʻrtasidagi ilmiy va akademik hamjamiyatning yanada rivojlanishiga yangi surʼat bagʻishlashini taʼkidladi.

— Qardosh mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlik oʻzaro hurmat, doʻstlik va yaqin qoʻshnichilik tamoyillari asosida muvaffaqiyatli rivojlanmoqda, — dedi rektor. — Sharqning buyuk mutafakkirlari sharafiga tashkil yetilgan ushbu forum bunga yorqin misoldir. Bizning umumiy maqsadimiz – har ikki davlatda ham maʼnaviy-madaniy qadriyatlar davomiyligini rivojlantirish, shuningdek, oliy taʼlim va ilm-fanni modernizatsiya qilishdir.

Oʻzbekistonning Almati shahridagi Bosh konsuli Аbdurahim Qayumov ham ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik chuqur tarixiy ildizlarga ega ekanligini taʼkidladi:

— Anjumanda Navoiy va Abay ijodida oʻz aksini topgan umumiy madaniy merosni eʼzozlash orqali asrlar osha kelayotgan davomiylikning muhimligini koʻrdik. Darhaqiqat, buyuk mutafakkirlar bizlarga umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan kelajak qurishga yordam beradigan maʼnaviy meros qoldirgani rost.

— Universitetda buyuk shoir Аlisher Navoiy sharafiga markazning ochilishi ikki buyuk ajdod ijodi va gʻoyalari zamonaviy jamiyat uchun muhimligini koʻrsatib, ularning umuminsoniy qadriyatlarni targʻib yetishdagi oʻrnini eʼtirof etadi, — dedi Qozogʻiston Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisining maslahatchisi Yergʻali Qistaubayev. — Mazkur tadbir ikki qardosh davlat oʻrtasidagi taʼlim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim qadam boʻldi.

— Oʻzbek va qozoq xalqlari oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar, adabiy-madaniy aloqalar kundan-kunga mustahkamlanib bormoqda, — deydi Oʻzbekistondagi Respublika qozoq madaniyat markazi raisi Serikbay Usenov. — Davlatlarimiz rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jomart Toqayevning xalqlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash borasidagi qoʻshma harakatlari koʻp asrlik doʻstlikni sezilarli darajada kengaytirib, uni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Ikki mamlakat adabiyotshunoslari, mutaxassis tarjimonlari oʻzbek shoir va yozuvchilari Аlisher Navoiy, Oybek, Gʻafur Gʻulom, Yerkin Vohidov, Аbdulla Oripov ijodlarini qozoq tiliga, Abay, Shakarim, Muxtor Аuyezov, Sobit Muqanov, Oʻljas Sulaymonov kabi taniqli qozoq yozuvchilarining asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilishmoqda. Masalan, biz yaqinda Аlisher Navoiyning sara asarlarini qozoq tilida chop yetib, Oʻzbekistondagi taʼlim qozoq tilida olib boriladigan maktablar, shuningdek, oliy oʻquv yurtlariga tarqatdik.

Anjuman doirasida oʻqituvchi va talabalar oʻrtasida Аlisher Navoiy ijodiga bagʻishlangan plener (tabiat qoʻynida rasm chizish), “Sharq motivlari qozogʻistonlik talabalari ijodida” koʻrgazmasi, Аlisher Navoiy markazining tantanali ochilishi, Navoiy oʻqishlari, “Navoiy asarlari jahon tillarida” badiiy oʻqish tanlovi, “Аlisher Navoiy merosi: fan, taʼlim va tarbiya uygʻunligi” mavzusida xalqaro ilmiy-metodik seminar boʻlib oʻtdi.

— Ilmiy-amaliy tadbirlar davomida zamonaviylik sharoitida ikki mamlakat madaniy merosi va maʼnaviy taraqqiyotining muhim jihatlari muhokama qilindi, — deydi universitet prorektori Oygul Isʼhoqova. — Mutaxassislar anʼanalar va madaniy xilma-xillik qadrlanadigan barkamol jamiyatni shakllantirishga xizmat qiluvchi tarixiy qadriyatlarni asrab-avaylash masalalariga eʼtibor qaratishdi. Shuningdek, soʻzga chiqqanlar Navoiy va Abay ijodining jahon madaniyatidagi adabiy-badiiy yoʻnalishlar rivojiga taʼsiri, ularning universalligi va zamonaviy dunyoda dolzarbligini taʼkidladilar.

Аdabiy-maʼrifiy, ilmiy-uslubiy tadbirlarda Oʻzbekistondagi qator oliy oʻquv yurtlaridan bir guruh olimlar, professor-oʻqituvchilar va talabalar ham ishtirok etgani quvonarlidir. Ular orasida Аlisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti prorektori Nodirbek Joʻraqoʻziyev, Navoiy davlat pedagogika instituti prorektori Dilnoza Narziqulova, Samarqand davlat universiteti professorlari Nazmiya Muhiddinova, Kibriyo Hasanova, Toshkent davlat pedagogika universiteti dotsenti Dilbar Duysebayeva va Chirchiq davlat pedagogika universiteti dotsenti Oʻsarboy Boyqobilovlar bor.

“Navoiy va Abay: umuminsoniy qadriyatlar davomiyligi” anjumani Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi madaniy va ilmiy aloqalarni mustahkamlash, buyuk mutafakkirlarning boy merosini asrab-avaylash va rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim voqea boʻldi.

Nurlan USMONOV,

“Xalq soʻzi”ning maxsus muxbiri.

Toshkent — Olmaota — Toshkent.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?