Andijon viloyatida 87,7 gektar yer noqonuniy oʻzlashtirilgani aniqlandi

20:29 05 Sentyabr 2023 Jamiyat
669 0

Mamlakatimizda har bir qarich yer hisobli. Shu bois undan toʻgʻri va unumli foydalanishning qonuniy meʼyorlari ishlab chiqilgan. Shunday boʻlsada, joylarda hanuz qonunbuzarlik holatlari uchrab turibdi. Misol uchun, Andijon viloyatida yilning oʻtgan davri mobaynida 1103 ta holatda 87,7 gektardan iborat maydon oʻzboshimchalik bilan egallab olinganligi aniqlandi. Eng koʻp noqonuniy oʻzlashtirilgan yer qishloq xoʻjaligi sohasiga tegishli boʻlib, 65,9 gektarni tashkil etmoqda.

— Qonunga xilof xatti-harakatlarning 438 ta holatida fuqarolar tomonidan noturar joylar, 387 tasida yashash uchun uy-joy qurib olinganligi qayd etilgan, — deydi kadastr agentligi Andijon viloyati boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari Botirjon Mirzaahmedov. — Shuningdek, koʻp yillik daraxtlar parvarishini tashkil etgan, tadbirkorlik yoʻnalishida foydalanayotgan holatlar ham uchrab turibdi. Sodir etilgan holatlar yuzasidan fuqarolar bilan tushuntirish ishlari olib borilishi natijasida 766 ta noqonuniy egallangan yer oʻz ixtiyorlari bilan bartaraf etildi. 191 tasi yuzasidan majburiy tartibda buzdirish uchun Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga daʼvo arizalar kiritilgan boʻlsa, 91 tasida jinoyat alomatlari mavjud boʻlganligi sababli hududiy prokuratura organlariga taqdim etildi.

Bu kabi salbiy xatti-harakatlarning oldini olish va unga qarshi kurashish maqsadida viloyat boʻyicha nazorat tadbirlari boʻlib oʻtmoqda.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер