Zullisonayn shoir nega saroydan bosh olib ketgan edi?

15:07 23 Oktyabr 2024 Madaniyat
8620 0

Abdurahmon Tamkin Buxoriy XIX asr oxiri – XX asr boshlarida yashab, ijod etgan zabardast shoir, mudarris, tarixchi, tabib va zamonasining peshqadam olimlaridan edi. U fors – tojik, arab va oʻzbek tillarida qalam tebratgan. Ahmad Donish Tamkinni ulugʻ shoirlar qatorida sanab, uning ijodiga yuqori baho bergani ham koʻp narsani anglatadi.

Tamkin Buxorodagi “Dorushshifo” madrasasida mudarrislik qilgan. Unga qadar imomlik qilgan. Davlat ishlarida ishlagan. Shoir oʻzining “Moʻliston” asari muqaddima qismida shunga ishora etadi. “Moʻliston” 17 baytdan iborat, u amir Abdulahadxonga madhiya tarzida bitilgan boʻlib, qitʼa janrida yozilgan.

Tamkin 1898-1901-yillarda amir saroyida eshikbonlik qiladi. Saroydagi muhitni koʻrgan shoir barcha zulm va jaholatning sababchisi amir tevaragidagi kazo-kazolar degan xulosaga keladi. U amir Abdulahadni bu kimsalarga ishonmaslikka, diyonatli boʻlishga chaqiradi.

Oʻz navbatida, amir ham shoirga nisbatan eʼtiborli edi. Biroq, gʻalamis odamlarning igʻvosi tufayli u asta-sekin hukmdorning nazaridan qoladi. Oxir oqibat Tamkin koʻnglidagi ishonch va iltijo oʻrnini cheksiz nafrat egallaydi. Saroydan uzoqlashadi. Uning saroy ahlidan shunchalik koʻngli qoladiki, hatto ular bilan roʻbaroʻ kelishni ham istamaydi. Buni u “Moʻliston” asarida keltirilgan hikoyat orqali yaqqol ifodalagan.

Tamkinning bu nafrati oʻrinli edi. “Navodiri Ziyoiya” asarining muallifi Sharifjon Maxdum ham Buxoroning nodon va layoqatsiz qozikaloni mulla Burhoniddin haqida Tamkin bildirgan fikrlarni tasdiqlaydi.

Ayon boʻladiki, bir guruh riyokorlar Abdulahadxon atrofini oʻrab olgan. Ular taʼma va ochkoʻzlik bilan xalqni aldab keladi. Tamkin bu fitna-yu fasod va badkirdorlik qobigʻiga oʻralib qolgan kimsalardan uzoqroq ketgani uchun Ollohga shukrona ruhidagi sheʼrlar yozadi.

Haq soʻzning dasti uzun. Tabiiyki, Tamkinning bitiklari qozikalon qulogʻiga yetib boradi. Oqibatda u shoirni mudarrislikdan ham ketkizadi. Tamkin majburan uzlatni ixtiyor qiladi. Shoir “Jaroid” nomli asarining muqaddimasida hayotining bu davri (1914-yillar) haqida gapirib oʻtadi.

Shu oʻrinda, Tamkin taxallusi haqida qisqacha toʻxtalmoqchimiz. Tamkin “sabr, qanoat, ogʻirlik, vazminlik” maʼnolarini ifodalaydi. Tamkinlik yaʼni, sokinlik, miskinlik, qanoatlilik kabi fazilatlar Abdurahmon Tamkin Buxoriy hayoti va ijodining tub mohiyatini tashkil etadi.

Ijodkorning adabiy merosi boy. U qasida, gʻazal, muxammas, qitʼa, fard, chiston, muammo kabi janrlarda barakali ijod qilgan. “Moʻliston” “Devoni Tamkin”, “Tamkin. Ruboiyot” kitoblari bizgacha yetib kelgan. Ular Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti kutubxonasida saqlanmoqda. 2022-yilda shoir hayoti va ijodi Buxoro davlat universiteti tadqiqotchisi Mehriniso Choriyeva tomonidan atroflicha oʻrganildi.

Abdurahmon Tamkin hayoti ziddiyatli bir tarzda, adolatsizlik va riyokorliklar ichra kechdi. Bu uning sheʼrlarida ham oʻz ifodasini topdi. Deylik, bir sheʼrida u shunday deb yozadi:

Koʻp pand berdi menga bu zabun zamon,

Ilm tahsili deb yutdim qancha qon.

Koʻp ranjlar chekdim-u bir naf koʻrmadim,

Hech kimsa boʻlmasin mendek notavon.

Har qanday zamonda adabiyotning dunyodagi jamiki, yolgʻon va soxtakorliklarga sochadigan nafrati, abadiyat umriga teng armonlari boʻladi. Daholar buni u yoki bu tarzda bilishgan. Lekin bir achchiq haqiqatdan ham koʻz yumib boʻlmaydi: oʻtmishda goho talantli shoirlar ham saroy adabiyoti gʻoyaviy yoʻnalishlari chegarasida qolib, shohlarni madh etish, ularni koʻklarga koʻtarib maqtashdan oʻzlarini tiya olmagan. Bunday paytda oddiy xalq turmushi tasviri chekkada qolgan. Bu baʼzan shoirdagi samimiyatga putur yetkazgan.

Lekin Abdurahmon Tamkin maddoh shoir sifatida qolib ketmadi. U amir saroyidagi razil kimsalar bilan murosa qilmadi. Adolatsizliklarga befarq qaramadi. Qabih ishlar etagidan tutganlarga oʻz sheʼrlari bilan isyon koʻtardi. Uning sheʼriyati, avvalo, shu jihati bilan ibratlidir.

Tamkin barchani ahil va hamjihat boʻlib yashashga, berilgan umrni foydali ishlarga sarflashga undadi. Oʻzi yashagan jamiyat illatlarini bartaraf etishga urindi. Mamlakat va millat taqdiri uchun ilm-maʼrifat toʻgʻri yoʻl ekanligi gʻoyasini ilgari surdi. Millatdoshlarining toʻlaqonli munosib hayot va turmushga loyiqliklarini isbotlashga urindi. Ijodida amaldorlar tanqid qilingan, baʼzi kimsalardagi hasad, kibr kabi salbiy xislatlar fosh etilgan gʻazallarning koʻpligi shundan dalolat beradi.

Zullisonayn shoirning ijodi murakkab va ziddiyatlar bilan toʻla davr barcha xususiyatlarini oʻzida aks ettirgani bilan qadrlidir.

Nazora BEKOVA,

Buxoro davlat universiteti professori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер