Zulfiyaxonning tomorqasi

20:50 09 Oktyabr 2023 Jamiyat
477 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Shahrisabz tumanidagi Istiqlol mahallasida yashovchi bu ayol hovlisidagi 2 sotix tomorqada dehqonchilik qiladi. U ana shu kichik maydonni oilasi uchun katta daromad manbaiga aylantirgan.

— Tomorqadan bir yilda kamida uch marotaba hosil olamiz, — deydi Zulfiya Meyliyeva. — Masalan, erta bahordan sentyabr oʻrtalariga qadar avval kartoshka, soʻng makkajoʻxori ekib, saranjomlab olishga ulguramiz. Shundan soʻng to qishga qadar koʻkatchilik bilan shugʻullanamiz.

Foto: “Xalq soʻzi”

Ayni vaqtda ham tomorqaning yarmida sarimsoqpiyoz, qolgan qismida esa piyoz baravj rivojlanmoqda. Oila bekasining aytishicha, yana yigirma kunlardan soʻng koʻkatlarni bozorga yetkazib berishni boshlaydi va bu jarayon dekabrning oʻrtalariga qadar davom etadi. Oʻtgan yili oila faqat koʻkatning oʻzidan 10 million soʻm daromad olgan ekan. Bu yil esa yanada koʻprogʻini moʻljallab turibdi. Umumiy hisobda oilaning tomorqadan oladigan yillik daromadi 50 million soʻmdan oshadi. Bu mablagʻ roʻzgʻorning ancha-muncha kam-koʻstiga yaramoqda. Agar har bir fuqaro tomorqasidan xuddi Zulfiya Meyliyevadek foydalanib, moʻmay daromad topsa, roʻzgʻorining bir chekkasini koʻtarib yuboradi.

Eʼtibor berilsa, har bir hududning oʻziga xos dehqonchilik yoʻnalishi bor. Shahrisabz tumanining Istiqlol mahallasida esa koʻpchilik oilalar koʻkatchilikdan yaxshi daromad topishar ekan.

Foto: “Xalq soʻzi”

Shu mahallada yashovchi Shoira Umarova ham 2,5 sotix maydonda koʻkat yetishtirishni yoʻlga qoʻygan.

— Yaqin kunlar ichida piyozlarimizni koʻkat sifatida bozorga chiqarishni boshlaymiz, — deydi u. — Har kuni 500-600 bogʻgacha tayyorlaymiz. Bu jarayon 1 oydan ziyod davom etadi. Shu bilan birga, tomorqada turli sabzavotlar yetishtiramiz, chorva, parranda boqamiz. Avvalo, bu mahsulotlarni sotib olmaymiz, hammasi oʻzimizdan chiqadi. Isteʼmoldan ortiqchasini esa bozorga chiqaramiz.

Foto: “Xalq soʻzi”

Ha, tomorqa — rizq-nasiba, moʻmay daromad manbai. Uning dasturxonimiz fayzu barakasi, aholi turmush farovonligi, yurt obodligini taʼminlashdagi oʻrni beqiyos. Hamma gap undan oqilona foydalana olishda.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер