Jurnalist qanday qilib robotdan ustun bo‘la oladi?

10:51 31 May 2018 Jamiyat
5859 0

Bugungi shiddatli davr axborot sohasi oldiga ham yangi “xatar”larni qo‘ymoqda. Xo‘sh, ularga qanday qarshi turmoq kerak?

Buni yaqinda tashkil etilgan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida o‘rgatishadi.

...Bundan to‘rt yil ilgari mart oyida AQSHning Los-Anjeles shahri aholisini unchalik kuchli bo‘lmagan yer silkinishi uyg‘otib yubordi.

Bir necha daqiqa o‘tar-o‘tmas, “Los Angeles Times” nashrining saytida shunday xabar paydo bo‘ldi: “AQSH Geologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, dushanba kuni ertalab Kaliforniya shtatida, Uestvuddan besh milya masofada 4,7 magnitudali zilzila kuzatildi. Zilzila Tinch okeani vaqti bilan soat 6.25 da sodir bo‘ldi...” Va yana bir necha shunga o‘xshash jumlalar. Bir qarashda, oddiy xabarga o‘xshaydi. Boshqalardan farqi va yangiligi esa — uni robot yozganligida.

Muallifning ismi “Quill”, ya’ni maqola yozishning texnologik tizimi. Uning ko‘plab “hamkasblari” turli qit’alarda uchraydi. Misol uchun, Pekin universitetida “Xiao Nan” dasturini ishlab chiqishdi. U bir soniyada Yangi yil kuni ko‘chalarda yuz bergan tirbandlik haqida xabar yozib berdi. Janubiy Koreyaning “Yonhap” axborot agentligi negizida yana shunday kompyuter tizimi ishlaydiki, Angliyadagi Premyer-liga o‘yinlari to‘g‘risida yangiliklar o‘sha zahotiyoq paydo bo‘ladi. Maxsus dasturlar “Forbes” uchun matnlar tuzyapti, “Yandeks” axborot agentligida ham yangiliklarni endi robotlar yozadi.

Xo‘sh, bunday holat yaqin orada tahririyatlardagi kompyuterlar bo‘shab qolishi va gazeta-jurnallar sahifalarini, saytlarning axborot lentasini algoritmlar tayyorlagan materiallar to‘ldirishini anglatadimi? Bu savolga ekspertlar “yo‘q” deya javob berishmoqda.

Axir mikrosxema hamda simlardan yasalgan “jurnalistlar” jonli insonlardan afzal bo‘lishi mumkinmi? Faqat ish “qolip” usulida olib borilgan joydagina “sun’iy aql” bir necha soniyadayoq benuqson hisobotni tayyorlab berar balki. Ammo o‘sha matnga jon kirgiza oladimi? Hech qachon. Chunki uning o‘zida yo‘q-da.

Odamning “sun’iy aql”dan ustunligi shubhasiz. Masalan, jurnalist yozgan matn tushunarli va qiziq. Robotlar hech qachon intervyu olishni o‘rganmasa kerak. Ular mavzuni rivojlantiradigan savollarni topa olmaydi yoki kinoyani tushunmaydi-ku. Mutaxassislar fikricha, ajoyib maqola hamda reportajni yozish uchun yumor, kinoya bilan birga, ijtimoiy temperament, his-tuyg‘ular ham talab etiladi.

Oksfordlik tadqiqotchilar qaysi kasblarda robotlar kelajakda inson o‘rnini bosishi bo‘yicha ro‘yxat tuzib chiqishdi. Ro‘yxatga kirgan 366 ta kasb orasida jurnalistika 285-o‘rinni egalladi. Demak, bu musobaqada yutqazish xavfi 11 foizni tashkil qilar ekan. Ha, jurnalistlar kelgusida o‘z ishini yo‘qotib qo‘ymaydi. Shunga qaramay, kasbimizda katta o‘zgarishlar ro‘y beryapti. Tomoshabin va gazetxonning e’tiborini qozonish uchun endi nafaqat o‘zaro, balki “sun’iy aql” bilan ham raqobat qilishga to‘g‘ri keladi.

Diplomli bitiruvchi emas, mutaxassis

Iqtidorli jurnalist faqat gazeta yoki sayt uchun sifatli matn tuzib bera olish qobiliyati bilan cheklanmaydi. U o‘quvchisini o‘z ortidan ergashtirishga, har bir navbatdagi maqolasini kutishga majbur qilishga qodir. Ana shunday mahoratli, o‘z kasbining ustasi bo‘lgan xodim axborot siyosatini to‘g‘ri anglaydi, shakllantiradi hamda ro‘y bergan voqea-hodisaning o‘zidan ham muhimroq jihatlarga, turlicha fikr va qarashlarga ahamiyat beradi.

Shu kabi yuqori malakali mutaxassislarga ehtiyoj har doim bo‘lgan va bo‘ladi. Ayni vaqtgacha bu juda o‘tkir muammo bo‘lib keldi. Amaldagi tizim jurnalist diplomi bo‘lgan yigit-qizlarni yetishtirar, afsuski, ularni ushbu nomga munosib, deyish qiyin edi. Soha bitiruvchilari tahririyatlarga ishga joylashar, ammo ularda ilmiy baza mavjudligiga qaramay, amalda maqola o‘zi qanday yoziladi — buni faqat nazariy jihatdan tasavvur etishardi, xolos. Shunday qilib, katta qiyinchiliklarga duch kelinardi. Yozishni “noldan boshlab” o‘rganishga majbur edilar. Negaki, to‘rt yillik tahsil davomida ularga darslik asosida mashg‘ulotlarni o‘tgan nazariyotchilarning o‘zlari ham ommaviy axborot vositasida deyarli ishlamaganlar.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ijodkor ziyolilar vakillari bilan uchrashuvda ilm-fan hamda ijod sohasi vakillarini murabbiylik an’analarini davom ettirgan holda, yosh avlodga tajriba, mahorat sirlarini o‘rgatishga chaqirdi. Ko‘pgina tashkilot va muassasalar bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladilar. Bizning tahririyatda ham jurnalistik mahorat maktabi tashkil qilindi. Amaliyotchi muharrir hamda muxbirlarimiz, soha mutaxassislari olib borgan mashg‘ulotlarda mavjud kamchiliklar ko‘zga yaqqol tashlandi. Ulardan eng kattasi, yuqorida aytilganidek, amaliyotdan yiroqlik ekani ma’lum bo‘ldi. Bo‘lajak jurnalistlarning ko‘pchiligi ikki-uch yil o‘qigandan keyingina tahririyatni endi birinchi marta ko‘rib turardi. Mahorat maktabini tahririyat bo‘ylab ekskursiyadan, oddiygina narsalarni, deylik, gazeta qanday tayyorlanishini ko‘rsatishdan boshlash... Bunday holatda robotlar ustidan g‘alabaga yo‘l bo‘lsin...

An’anaga asoslangan innovatsiya

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etilishi to‘g‘risida 24 may kuni imzolangan Prezident qarori yuzasidan hamkasblar bilan fikr almashganimizda, uning naqadar dolzarbligi ta’kidlandi. Yaqinda teleko‘rsatuvlardan birida “jurnalistni oyoqlari boqadi” degan ibora quloqqa chalingan edi. Haqiqatan ham, ilgari ayrim kishilar shunday tasavvurda edi. Endi bu ibora o‘zgaradi: jurnalistni keng bilim, zukkolik hamda iste’dod boqishiga shubha yo‘q.

Yangi ochilgan oliy ta’lim muassasasi aynan ana shunday mutaxassislarni yetishtiradi. Malakali jurnalistlar ilg‘or texnologiya va uslubiyotdan foydalangan, nazariy hamda amaliy faoliyatga jalb etilgan holda, xorijiy tajriba asosida o‘qitiladi. Qarorda ko‘rsatilganidek, ular bir nechta xorijiy tillarni egallashadi.

Universitet talabasiga aylanish nasib qiladigan yoshlar uchun ibrat bo‘lishga arzigulik ajdodlarimiz bor. O‘z ismi bilan Is’hoqxon Ibrat — milliy tiklanish davrining mashhur arbobi bo‘lgan. Qator chet tillarni o‘rgangan, turli fanlarda yutuqqa erishgan, dunyoni ko‘rgan va ilm ziyosini taratgan. Shu maqsadda ilk matbaachilardan biri sifatida Orenburg shahridan litografik mashina xarid qilib, uni Qo‘qongacha poyezdda, so‘ng To‘raqo‘rg‘ongacha tuyalarga ortgan holda olib kelgan hamda bosmaxona tashkil etgan. U yerda kitob va risolalar, gazetalar chop qilingan. Ma’rifatparvar bobomiz o‘zidan bebaho meros qoldirgan. Qani edi, shu yo‘lni davom ettirish har kimga ham nasib qilsa.

“Qalbaki” yangiliklarga iste’dodni qarshi qo‘yamiz

“Is’hoqiya bosmaxonasi”da birinchi bosma amalga oshganidan beri 110 yil o‘tdi. Ayni kunlarda — 2018 yili O‘zbekistonda gazetalar soni bir necha yuztadan, televideniye hamda internet foydalanuvchilari soni esa bir necha o‘n million nafardan oshib ketdi. Keyingi paytda miqdor o‘zgarishlaridan sifat o‘zgarishlariga ham o‘tildi. Ommaviy axborot vositalari bugun tiklanish bosqichida.

Jurnalistlar o‘zini ancha erkin his qilyapti. Tanqidiy materiallarning ko‘paygani ham bundan dalolat beradi. Axborot monopoliyasidan voz kechish sezildi. Turli tadbirlar munosabati bilan tuziladigan jurnalistlar guruhida taniqli hamkasblarimiz bilan birga, nodavlat OAV vakillarini ham ko‘ryapmiz.

So‘z erkinligiga yo‘l ochuvchi huquqiy tizim shakllandi va rivojlanmoqda. Fikrlar xilmaxilligi 1500 dan ortiq ommaviy axborot vositalari faoliyatida namoyon bo‘lmoqda. Ular jamiyatning turli qatlamlari nuqtai nazarini aks ettiruvchi maydonga aylandi. Media-tashkilotlar uchun teng sharoitlar yaratildi. Va nihoyat, endi yangi oliy o‘quv yurtining tashkil qilinishi bilan jurnalistlarni kasbiy jihatdan tayyorlash imkoniyati ham kengaydi. Aytish joizki, YUNЕSKOning tegishli tuzilmasi tomonidan ishlab chiqilgan OAV rivojining mazkur ko‘rsatkichlari bo‘yicha mamlakatimizga beriladigan baholar yomon emas.

Ijodiy faoliyat yuritishga katta imkoniyatlar berildi. Biroq kelgusida hal etilishi kerak bo‘lgan o‘ta muhim va dolzarb vazifalar ham kun tartibiga chiqdi. Ularni, albatta, yangi universitetda tahsil oladigan yoshlar bajarishadi.

Bu vazifalarning eng birinchisi — yolg‘on, asossiz yangiliklar media-makonga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan bugungi sharoitda OAVga bo‘lgan ishonchni qaytarish. Mazkur muammoni muhokama qilishga bag‘ishlangan alohida anjumanlar o‘tkazilmoqda. Masalan, yaqinda ana shunday tadbirlarning birida yaponiyalik media-mutaxassislar ta’kidlashicha, “yangi OAV” deb ataluvchi tarmoqlarda ishonchsiz ma’lumotlar ko‘payib ketganligi sababli ko‘pchilik o‘quvchilar ularga shubha bilan qaray boshlashdi. Kunchiqar mamlakatda keyingi o‘n yil ichida bunday nashrlarning nufuzi pasaydi. Agar ilgari ularga auditoriyaning 60 foizi ishongan bo‘lsa, endi 50 foizdan ham kamaygan. Aksincha, an’anaviy OAVga bo‘lgan ishonch ko‘rsatkichi 70 foizdan ortgan.

Albatta, so‘z media-subyektlarning turiga qarab qat’iy ajratish haqida borayotgani yo‘q. Gazeta-jurnallar ham “O‘rgimchak to‘ri” va ijtimoiy tarmoqlardan mohirona foydalanib, o‘z auditoriyasini kengaytirishi mumkin. An’anaviy ommaviy axborot vositalari esa, mumtoz jurnalistika tavsiya etganidek, faktlarni sinchiklab tekshirgan holda taqdim qilish orqali internetda sifatli media-mahsulot hajmini ko‘paytirishga hissa qo‘sha oladilar.

To‘plangan tajriba bilan bir qatorda, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining bitiruvchilari kelajakda zamonaviy iste’molchining didiga mos media-kontentni yarata oladilar.

Axborot ummoni shu qadar ulkanki, unda cho‘kish hech gap emas. Shu bois an’anaviy OAV zimmasiga nafaqat birinchi bo‘lib xabar berish, balki o‘quvchini o‘ylantiradigan, ro‘y bergan voqeaning sabab hamda oqibatlari haqida mulohaza yuritishga undaydigan, tom ma’noda jurnalistik materiallarni taqdim etishdek mas’uliyatli vazifa yuklandi.

Bir tomondan, shuning uchun ham mutaxassislar jurnalistikada avtomatlashtirish jarayoniga tabiiy hodisa, deb qaramoqdalar. Rossiyalik tadqiqotchilar fikricha, kelgusida robotlarga ma’lumotlarni to‘plash va qayta ishlash vazifasini topshirish mumkin. Bu muharrirlar hamda muxbirlar uchun yaxshi, chunki eksklyuziv maqola va reportajlarni tayyorlashga vaqtlari bemalol bo‘ladi.

Albatta, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallash muhim ahamiyatga ega. Yangi universitet talabalari, ishonamizki, bu sohada chuqur bilim olishadi. Robotlarni “qo‘lga olib”, ularning “sun’iy aqli” bilan bir musht bo‘lib ishlashga majbur eta olsak, ham ommaviy axborot vositalari, ham axborot oluvchilar uchun foydadan xoli bo‘lmaydi.
R. ALISHЕROV.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер