JSST salomatlik boʻyicha sunʼiy intellektga asoslangan virtual maslahatchini ishga tushirdi

16:54 07 Aprel 2024 Dunyo
1595 0

JSST Jahon sogʻliqni saqlash kuni (7-aprel) arafasida S.A.R.A.H. — generativ sunʼiy intellektga asoslangan takomillashtirilgan empatik javob funksiyasiga ega salomatlik masalalari boʻyicha virtual maslahatchi (konsultant) prototipining ishga tushganini eʼlon qildi.

S.A.R.A.H. (Smart AI Resource Assistant for Health) sunʼiy intellektga asoslangan, salomatlik masalalari boʻyicha interaktiv yordamchi degan maʼnoni anglatadi hamda yangi til modellari va eng zamonaviy texnologiyalarga asoslangan tibbiy-sanitariya sohasidagi maʼlumotlarning intellektual generatorlari (avatarlari) evolyutsiyasi natijasidir.

Tizim har qanday kompyuter qurilma foydalanuvchisi bilan kecha-yu kunduz sakkiz tilda muloqot qilish imkoniga ega boʻlib, salomatlik bilan bogʻliq qator masalalar boʻyicha maʼlumotlarni taqdim etadi. Bunda sogʻlom turmush tarzi, ruhiy salomatlik yoʻnalishlari ham qamrab olingan boʻlib, foydalanuvchilarga oʻz sogʻligi va farovonligini mustahkamlashga rejali koʻmaklashib boradi.

S.A.R.A.H. yordamida foydalanuvchilar butun dunyo boʻylab asosiy oʻlim sabablari, xavf omillari, jumladan, saraton, yurak-qon tomir va nafas olish tizimi kasalliklari hamda qandli diabet haqida batafsil maʼlumotlar bilan tanishishlari mumkin. Ular tamaki chekishni tashlash, faol turmush tarziga amal qilish, sogʻlom ovqatlanish, stressdan chiqish va boshqa turli mavzular boʻyicha dolzarb maʼlumotlarni olishlari mumkin.

Shuningdek, tizim butun dunyoda salomatlik uchun huquqlarni targʻib qilishning yana bir vositasi boʻlib xizmat qilishi koʻzda tutilgan.

“Raqamli texnologiyalar sogʻliqni saqlash sohasining kelajagini belgilab bermoqda va JSSTning ustuvor vazifalaridan biri mamlakatlarga salomatlikni asrash yoʻnalishida raqamli texnologiyalardan foydalanishda koʻmaklashishdir, — dedi JSST Bosh direktori Tedros Gebreyesus. — S.A.R.A.H. salomatlik haqida maʼlumotlar ommabopligini oshirish uchun kelajakda sunʼiy intellektdan qanday foydalanish mumkinligi haqida bizga tushuncha beradi”.

S.A.R.A.H.нинг yangiligi shundaki, ushbu tizim berilgan algoritm yoki ssenariydan emas, balki real vaqt rejimida javoblar mazmunini aniqroq tanlashga yordam beruvchi generativ sunʼiy intellektdan foydalanadi. Bir vaqtning oʻzida odamlarning oʻzaro muloqotini eslatuvchi rejimda koʻp sonli foydalanuvchilar bilan dinamik, individual oʻzaro aloqani amalga oshiradi.

Shuningdek, u javoblarni hamdardlik va bagʻrikenglik ruhida, foydalanuvchi soʻrovining mayda jihatlarini ham inobatga olgan holda taqdim etadi.

Eslatib oʻtamiz, ushbu tizimning avvalgi versiyasi “Florens” nomi bilan atalgan boʻlib, undan COVID-19 pandemiyasi davrida muhim tibbiy-sanitariya sohasiga oid maʼlumotlarni tarqatish uchun foydalanilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер