Jondorda ilk bor gastronomik koʻcha barpo etilmoqda
U yoki bu davlatga yoʻl olishdan avval sayyoh oʻsha yurtning milliy taomlari, pazandachiligi bilan qiziqishi tayin. Bu tabiiy hol sanaladi. Shuni inobatga olgan holda Buxoroda gastronomik turizmni rivojlantirish chora-tadbirlari koʻrilyapti. Jumladan, Jondor tumani markazidagi Mahmud Torobiy koʻchasi gastronomik goʻshaga aylanmoqda.
— Yurtimiz milliy taomlari bilan ham dong qozongan, — deydi jondorlik hamkasbimiz I. Haydarov. — Qoʻli shirin oshpazlarimiz tomonidan tayyorlanayotgan sofi oshu kabob, baligʻu somsalar xorijiy mehmonlarning tahsiniga sazovor boʻlyapti. Qolaversa, tumanimizda olis oʻtmishdan hikoyalar soʻzlovchi koʻhna manzillar bor. Qadimiy Varaxsha shahri xarobalari, Qizbibi qadamjosi, Mahmud Torobiy bilan bogʻliq goʻshalarni tomosha qilgani sayyohlar tez-tez kelishadi. Ularga boʻlgʻusi gastronomik koʻcha vositasida sifatli xizmat koʻrsatiladi, albatta.
Gastronomik koʻcha mahalliy byudjet uchun ham qoʻshimcha daromad manbai vazifasini oʻtaydi. Gap shundaki, mutaxassislar fikricha, sayyohlar oʻz xarajatlarining taxminan 30 foizini ovqatlanishga sarflashadi. Qolaversa, mazali taomlar ularning tashrif kunlarini uzaytirish ham mumkin.
Aytmoqchi, barpo etilayotgan koʻngilochar maskan tunu kun faoliyat koʻrsatadi. Quyosh panelli yoritgichlar, shinamgina piyodalar yoʻlagi, soyabonlar, oʻrindiqlar, shinam oshxonalar – bularning barchasi mehmonlarning milliy taomlardan tanovul qilib, koʻngilli hordiq chiqarishlari imkonini beradi. Gastronomik koʻcha sharofati bilan xizmat koʻrsatish sohasida yuzdan ziyod tadbirkorlik subyekti oʻz faoliyatini boshlaydi.
Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Rossiya Osiyo grandni magʻlub etdi
- Saida Mirziyoyeva Bryusselda Yevropa Ittifoqi komissari bilan uchrashdi
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring