Jomboyda zamonaviy kutubxona ochildi

21:58 23 Mart 2023 Jamiyat
507 0

Foto: Xalq so‘zi

Navroʻz umumxalq bayrami tadbirlari doirasida Samarqand viloyati Jomboy tumanida yangi axborot-kutubxona markazi foydalanishga topshirildi.

Prezidentimizning «Aholiga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatishni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida»gi qaroriga asosan Jomboy tumanida 2020-yilda axborot-kutubxona faoliyati yoʻlga qoʻyilgan edi. Ammo zamonaviy sharoitga ega boʻlmagani bois talab darajasida xizmat koʻrsata olmayotgandi. Oʻtgan yili tuman ziyolilari tomonidan kutubxona uchun zamonaviy bino qurish tashabbusi ilgari surildi. Yoshlar ishlari agentligi tuman boʻlimi va axborot-kutubxona markazi hamkorligida «Tashabbusli byudjet» platformasiga joylashtirilgan ushbu loyiha tuman aholisi tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Natijada Moliya vazirligi tomonidan 1 milliard 200 million soʻm ajratilib, tuman markazida yangi bino bunyod etildi va kitobxonlar uchun zamonaviy sharoit yaratildi.

Axborot-kutubxona markazining ikki qavatli binosi yuz oʻringa ega boʻlib, unda ikkita oʻquv zali, bolalar boʻlimi, AKT va saqlash, shuningdek, konferensiyalar oʻtkazishga moʻljallangan xonalar mavjud. Markaz fondida 15,5 ming dona kitob boʻlib, ularning 12 ming 128 donasini badiiy adabiyotlar tashkil qiladi.

Yangi binoning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirda tuman hokimi Qayum Sobirov, Oliy Majlis Senati aʼzosi Farmon Toshev va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbirda soʻz olganlar yangi maʼrifat markazining ochilishi bilan yigʻilganlarni, ular orqali barcha tuman ahlini qutlab, kitobxonlikni ommalashtirish zaruratini qayd etdilar.

— Yurtimizda kitobxonlikni ommalashtirish, yoshlar oʻrtasida kitob mutolaasini rivojlantirish borasida keng koʻlamlik islohotlar jarayonida markazimiz zamonaviy binoda faoliyat boshladi, — deydi Jomboy tuman AKM rahbari Farida Nurillayeva. — Markazimizda kitobxonalar uchun barcha sharoit yaratildi. Bugun bu yerga kelgan keksayu yosh buning guvohi boʻldilar. Albatta, endi kitobxonlarimiz soni ham keskin ortadi. Shunga koʻra kitob fondini oshirib, kitobxonlarga sifatli xizmat koʻrsatish asosiy vazifamizga aylandi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, «Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер