Jo Bayden bilan uchrashishi aniq boʻlmagach Avstraliya bosh vaziri NATO sammitiga bormaslikka qaror qildi

10:42 02 Iyul 2024 Dunyo
331 0

Foto: AP

Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaniz NATO sammitida ishtirok etish uchun Vashingtonga bormaslikka qaror qildi. Bu haqda «Sydney Morning Herald» gazetasi xabar bermoqda.

Albaniz 9-iyul kuni boshlanadigan NATOning 75-yillik yubiley sammitida «Hind-Tinch okeani toʻrtligi» aʼzolari sifatida Yaponiya, Janubiy Koreya va Yangi Zelandiyadagi hamkasblari bilan uchrashishi kutilgan edi. Biroq tadbirdan bir hafta oldin uning oʻrniga mudofaa vaziri Richard Marles tadbirda qatnashishi maʼlum qilindi.

Marlesning idorasi bergan bayonotga koʻra, uning NATO sammitida ishtiroki Avstraliyaning mintaqaning strategik ustuvorliklarini qoʻllab-quvvatlash va qoidalarga asoslangan global tartibni saqlash, shu bilan birga mamlakatning xavfsizlik, iqtisodiy va savdo kun tartibini ilgari surishga sodiqligini ifodalashi qayd etilgan.

Avstraliya hukumatidagi manbaning gazetaga aytishicha, Entoni Albaniz sammit oldidan AQSH prezidenti Jo Bayden bilan ikki tomonlama uchrashuvni tasdiqlay olmaganidan keyin shunday qaror qabul qilingan. Ayni shu sabab Albaniz idorasi bosh vazirga sammitda qatnashmaslikni maslahat bergan.

Bu Avstraliya bosh vazirining NATO sammitiga boshqa vazirni yuborishi bilan bogʻliq birinchi holat emas. Mamlakatning avvalgi bosh vaziri Malkolm Ternbull oʻsha paytdagi mudofaa vaziri Marise Peynni 2018-yilda Belgiyada oʻtkazilgan NATO sammitiga yuborgandi.

Avstraliya NATO hamkori maqomiga ega. Bu yilgi sammitda ishtirok etish taklifini alyansning oʻz lavozimini tark etayotgan bosh kotibi Yens Stoltenbergdan olgandi.

Albanizning 2022-yilda Madrid va 2023-yilda Vilnyusda boʻlib oʻtgan NATO sammitlarida ishtirok etishi Pekin, shuningdek, sobiq bosh vazir Pol Kiting va sobiq tashqi ishlar vaziri Bob Karr tomonidan keskin tanqidlarga sabab boʻlgan edi. Ular AQSH va Yevropa davlatlari Hind-Tinch okeani mintaqasidagi davlatlarning muammolariga aralashmasligi kerak, degan fikrni ilgari surgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер