Jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi joriy etiladi

14:05 11 Iyun 2024 Hujjatlar
485 0

“Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF-89-son, 10.06.2024 y.) qabul qilindi.

Farmonga koʻra, 2025-yil 1-yanvardan:

— jinoyat ishlari boʻyicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalasi jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlarida alohida sudyalar – tergov sudyalari tomonidan koʻrib chiqilishi tartibi joriy etiladi;

— jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi kiritiladi;

— jinoyat ishlari boʻyicha sudga qadar ish yurituv davrida tergov sudyasi tomonidan protsessual qarorlarga berilgan sanksiyalar faqatgina apellyatsiya instansiyasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Oʻzbekiston Respublikasi harbiy sudi tomonidan yakka tartibda qayta koʻrib chiqilishi tartibi belgilandi;

— tergov sudyalariga maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolati beriladi;

— tergov sudyalari tomonidan koʻrib chiqiladigan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni yuqori instansiyalarda qayta koʻrib chiqishning amaldagi tartibi saqlab qolinadi.

Shuningdek, tergov sudyasiga quyidagi jinoyat materiallarini, shu jumladan sanksiyalar va majburlov choralarini qoʻllash masalasini koʻrib chiqish vakolati beriladi:

quyidagilar boʻyicha sanksiyalar:

— qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash bilan bogʻliq iltimosnoma;

— qamoqda saqlash yoki uy qamogʻi muddatini uzaytirish masalalari bilan bogʻliq iltimosnoma;

— pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi iltimosnoma;

— murdani eksgumatsiya qilish haqidagi iltimosnoma;

— pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma;

— tintuv oʻtkazish haqidagi iltimosnoma;

— telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish haqidagi iltimosnoma;

— mol-mulkni xatlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma;

quyidagilar boʻyicha majburlov choralari:

— ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma;

— shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqidagi iltimosnoma;

— ayblanuvchining tibbiy muassasada boʻlishi muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnomasi;

— ushlab turish muddatini 48 soatga qadar uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma;

Prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy daʼvogarning) koʻrsatuvlarini oldindan mustahkamlash toʻgʻrisidagi iltimosnomasi.

Farmonga koʻra:

— tergov sudyasi oʻz faoliyatini mustaqil amalga oshirib, faqat qonunga boʻysunadi hamda tergov sudyasiga odil sudlovni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlmagan har qanday vazifalar yuklatilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;

— tergov sudyalarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish, shuningdek, sudyalar korpusini shakllantirish qonunda belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi;

— tergov sudyasining tashkiliy faoliyatiga rahbarlik tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Harbiy sud raislari tomonidan amalga oshiriladi.

Qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini taʼminlash tergov sudyasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan biri etib belgilandi.

Tergov sudyasi lavozimi uchun shtat birliklari sudlarning mavjud shtat birliklari hamda 2025–2027-yillar uchun ajratiladigan qoʻshimcha shtat birliklari hisobidan shakllantiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер