Navoiyda xususiy bogʻcha ochish bahonasida firibgarlik qilganlar ushlandi

Illyustrativ foto
Uchquduq tumanida xususiy maktabgacha taʼlim muassasasi ochib, noqonuniy daromad topmoqchi boʻlganlarning nayranglari fosh etildi.
Uchquduqlik tadbirkor Gullola Xoʻjayeva (maqoladagi barcha ism-shariflar oʻzgartirilgan) tumanda xususiy bogʻcha faoliyatini yoʻlga qoʻyishni niyat tutib, hujjatlarni rasmiylashtirish bilan birga muassasa uchun kadrlar topish ishlarini ham birvarakayiga boshlab yubordi.
- Ish axtarib yurgan tanishlaring boʻlsa “gaplashaver”, faqat “ishonchli” boʻlsin, - dedi u tanishi Gulasalga.
Shu kuni ikkovlon gumashtalar hali qurilishi rejalashtirilayotgan muassasada yaratilajak 16 ta ish oʻrnining “stavka”larini oʻrnatib oldilar. Unga koʻra oliy maʼlumotli tarbiyachilar “bepul”, oʻrta maʼlumotli yordamchi tarbiyachi, oshpaz shunga oʻxshagan texnik xodimlarning “stavka”si 3 milliondan 4 million soʻmgacha belgilandi.
Bandlik muammosi Uchquduqqa ham daxldor. Tumanning oʻnlab yoshlari qatori Xurshida ham ish axtarayotgan edi.
- Senbop ish bor, xarajatidan qochmasang boʻldi, - dedi unga Gulasal. – 4 million soʻm ketadi. Oliy maʼlumotli boʻlganingda boshqa gap edi.
Savdo 3 million 800 ming soʻmga pishib, pul ertaga keltirilishiga kelishildi. Biroq Gullolaning sabri chidamadi.
- Bugun kechqurun kelishilgan pulni olib kelmasang, oʻrningga boshqa odam olarkan, — dedi “shart”ni Xurshidaga yetkazgan Gulasal.
Xurshida huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan edi. “Qadrdonlar” ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.
Ularning har ikkalasiga jinoyat ishlari boʻyicha Uchquduq tuman sudi hukmi bilan eng kam oylik ish haqining 40-50 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Temur ESHBOYEV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Milliy sertifikat imtihoni natijalari 21 ish kuni ichida e’lon qilinadi — Bilimni baholash agentligi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Ichki ishlar vaziri Buxoro viloyati IIBning 10 ga yaqin rahbarini ishdan boʻshatdi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Yangi hafta avvalida qanday ob-havo kuzatilishi maʼlum qilindi
- “Qutadg‘u bilig” dostoni qo‘lyozmasining faksimile nusxasi yaratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring