Janubiy Koreyaning yetakchi universiteti Sirdaryoda oʻz filialini ochadi

14:46 02 Fevral 2024 Jamiyat
252 0

Janubiy Koreyaning “Sun moon“ universiteti prezidenti Son Je Mun boshchiligidagi delegatsiya Sirdaryo viloyatiga keldi.

Mehmonlar va viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev oʻrtasida oʻtkazilgan muloqotda 2023-yil dekabr oyida viloyat vakillarining mazkur nufuzli universitetda boʻlishi va uning faoliyati bilan tanishishi oʻz samarasini berganligi taʼkidlandi. Xususan, Son Je Mun Sirdaryoda universitetning filialini tashkil etish taklifini bildirdi.

Guliston shahrida ochilishi moʻljallanayotgan taʼlim muassasasida dastlab IT va sunʼiy intellekt texnologiyalariga asoslangan beshta dolzarb yoʻnalishlarda oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi. Yana bir ahamiyatli jihati shuki, universitet filialini sanoat tarmoqlariga tayyor mutaxassislarni tayyorlovchi taʼlim klasteriga aylantirish koʻzda tutilgan. Buning uchun taʼlim jarayonlari ishlab chiqarish bilan toʻliq integratsiya qilinadi.

Muloqot yakunida bildirilgan takliflar boʻyicha amaliy ishlarni davom ettirishga kelishildi va oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?