Janubiy Koreyada Alisher Navoiyga haykal oʻrnatiladi

13:54 11 Fevral 2021 Dunyo
1005 0

Oʻzbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi tomonidan nafaqat turkiy tilli xalqlar, balki jahon madaniy merosiga munosib hissa qoʻshgan Mir Alisher Navoiy haykalini Seulning soʻlim goʻshalaridan biriga oʻrnatish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.

Qayd etish kerakki, bugungi kunda Alisher Navoiy haykali Tokio, Shanxay, Moskva, Boku, Minsk, Dushanbe kabi qator shaharlarda qad rostlab turibdi.

Koreya Respublikasi poytaxtida zamonaviy haykaltaroshlik usullari asosida bunyod etiladigan ushbu haykal ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini yana-da mustahkamlab, madaniy aloqalarimizni kuchaytirishi shubhasiz.

Taʼkidlash joizki, buyuk mutafakkir, soʻz va gʻazal mulkining sultoni hazrat Mir Alisher Navoiyning boy maʼnaviy merosi asrlar osha butun bashariyatni hayratga solib kelmoqda. Uning asarlari bashariyat qalbiga ezgulik, insonparvarlik, saxovat, mehr-muruvvat ziyosini taratmoqda.

Mamlakatimizda ulugʻ bobokalonimizga ehtirom koʻrsatish, asarlarini oʻrganish, bebaho merosini dunyoda keng targʻib etishga doimiy eʼtibor qaratilmoqda.

Shu kunlarda nafaqat yurtimizda, balki dunyoning koʻplab mamlakatlarida Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligi katta tantanalar bilan nishonlanyapti. Zero Alisher Navoiy bugun haqli ravishda jahon madaniyatining mumtoz vakillari qatoridan joy olgan. Uning asarlari yuzlab tillarga tarjima qilindi. Dunyo ahli uning merosi bilan qiziqmoqda, asarlarida tarannum etilgan olijanob gʻoyalar va falsafiy mushohadalaridan zavq olyapti.

Buyuk ajdodimiz yaratgan bebaho madaniy-maʼrifiy merosdan Janubiy Koreya jamoatchiligi ham bahramand boʻlib kelmoqda.

— Alisher Navoiyning tavallud ayyomini dunyo xalqlari uchun adabiyot bayrami desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi, — deydi Janubiy Koreyaning Xangkuk chet tillari universiteti professori Li Ji In. — Chunki Navoiy oʻzining serqirra ijodi bilan butun dunyoda ezgulikni, insonparvarlikni, yaxshilikni tarannum etdi.

Alisher Navoiy dunyo adabiyoti tarixida tengi topilmas siymo hisoblanadi. Isteʼdodining ulugʻvorligiyu teranligi jihatidan ham, xalqparvar davlat arbobi sifatida jamiyatda tutgan yuksak mavqei yuzasidan ham, ilm-fan, madaniyat va sanʼat, adabiyot ahliga koʻrsatgan homiyligi jihatidan ham oʻxshashi yoʻq siymodir.

Janubiy Koreyada ham Alisher Navoiy ilmiy merosini, uning asarlarini oʻrganishga qiziqish katta. Chunki Navoiy merosi va uning asarlari XV asrdan hozirgi kungacha dunyo adabiyoti rivoji uchun xizmat qilib kelmoqda.

Seul shahrida Alisher Navoiy haykalini ochish borasida elchixona tomonidan olib borilayotgan ishlarni eshitish, bir pedagog sifatida meni xursand qildi. Chunki Navoiy haykalining Koreya Respublikasi poytaxtida qad rostlashi xalqlarimiz oʻrtasidagi tarixi Buyuk ipak yoʻli rivojlangan asrlar qaʼriga tutashgan madaniy aloqalarimizni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?