Janub gavhari

08:18 26 Iyun 2025 Jamiyat
143 0

1

Hayitboy degan ogʻam bor. 91 yoshda. Surxondaryoning Qiziriq tumanida yashaydi. Eski zamonda uzoq yil katta xoʻjalikning rahbari boʻlgan. Boobroʻ odam. Yer bilan, el bilan, ekin-tekin bilan tildosh. Yigitdek tetik, har tong bomdod namozidan keyin uch kilometr yuguradi. Yetmish yildan buyon kundalik tutadi. Kitobxon. Ziyolilar, ayniqsa, yozuvchi, shoirlar-u jurnalistlarga mehri boshqacha. Toshkentga kam keladi. Tez-tez telefonda gurunglashib turamiz.

— Bilasiz, men tinmay gazeta-jurnal oʻqiyman, — dedi tunov kuni Hayitboy ota. — Internetniyam tinch qoʻymayman. Oʻqisang, koʻngil suv ichadigan maqolalar bor. Lekin kam...

— Toʻgʻri... — deyman sekingina. — Biz qalamkashlar hayot shiddatidan sal orqada...

— Sayoz gaplar, quruq raqamlar, — gapimga parvo qilmay davom etadi otaxon. — Qanday zoʻr ishlar boʻlyapti. Zavod, fabrika, butun-butun shaharlar qurilyapti. Gazetga qarasang, xuddi “tap” etib osmondan tushganday. Jumlalar ohanjama, maqtovlar beoʻxshov. Ishchi ishchiga, dehqon dehqonga oʻxshab gapirmaydi. Aytaymi nega? Bormay, koʻrmay yozasizlar. Qayerdandir, eshitganlaringni qoʻshib-chatib toʻqiysizlar. Uka, bu oʻzgarishlar Qorboboning sovgʻasi emas. Televizorda Prezidentimizning “Boʻlayotgan ishlarning qiyinligini bilganlar biladi, bilmaganlar baxtli”, deb kuyunganlarini eshitganimda, u kishiga qoʻshilib yonib ketaman. Prezidentimiz nega bunchalar kuyib-pishyapti, nega qiyinchiliklarni tushunmaganlar baxtli, deb yozgʻiryapti, jurnalistlar shu haqiqatning tomirini koʻrsatishi kerakmasmi, uka?

Hayitboy otaning gaplari, “nozik” koʻngilga malol kelsa-da, tan olishdan oʻzga iloj yoʻq edi.

— Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurovning telefon raqami bormi? — Murakkab vaziyatni yumshatmoqchidek soʻradi ogʻam. — Domlaning “Tanlangan asarlar”ini oʻqib, koʻp mutaassir boʻldim. Rahmatimni aytishim kerak. Xurshid Doʻstmuhammadnikiyam kerak. Kitobga “Soʻzboshi”ni qoʻshiq qivoribdi.

— Biz tomonga qachon kelasiz? — soʻradi iltimosi bajarilgach. — Keling, Surxon toʻgʻrisida bir “Soʻzboshi” yozing siz ham Xurshid inimga oʻxshab. Kelsangiz, oʻzim koʻrsataman, aylantiraman Alpomishlar yurti Surxonda, alplar vatani Surxondaryoda nimalar boʻlayotganini...

2

Alpomishlar yurti, alplar vataniga borayotganimni Hayitboy otaga aytmadim. Avval oʻzim tanishib, koʻrib, “Soʻzboshi”ga material yiqqanimdan keyin ogʻamning ziyoratiga boraman.

Safarning birinchi kuni surxondaryolik jurnalist Xolmoʻmin Mamatrayimov bilan kerakli idoralarga kirdik, faktlar, raqamlar toʻpladik.

Raqamlar... Togʻ-u toshlar oralab kelayotgan jilgʻalar daryoga tutashmaguncha koʻzga tashlanmaydi. Turli jildlarda sochilib yotgan raqamlar ham bir daftarda jam boʻlgandan soʻng koʻkoʻpar choʻqqilarga aylangandek boʻlar ekan.

Nahotki, 7-8-yilda dunyoga kelgan boʻlsa bu pahlavon raqamlar, deyman koʻzlarimga ishongim kelmay. Nahotki, 2017-yili viloyat boʻyicha hammasi 1 ming 743 ta boʻlgan sanoat korxonalari 2024-yilga kelib 5 ming 845 taga yetgan? Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning sanoatdagi ulushi 1 milliard 204 milliondan 9 milliard 652 million soʻmga koʻpaygan?!

2017-yili viloyatda yetishtirilgan paxta tolasining atigi 11 foizi qayta ishlangan, hozir 100 foiz! Sariosiyoda “Surxon sifat tekstil” MCHJ, Denovda “Shashmaxkashob” MCHJ, Sherobodda “Sherobodtekstilinvest” MCHJ, Termiz shahrida “Amudaryoteks”, Jarqoʻrgʻonda “Surxonteks” va “Nortekstayl” korxonalari mazkur sohaning “drayver”lariga aylangan. Yalpi hududiy mahsulot hajmi 2024-yil yakuni bilan 63,7 trillion soʻmga, sanoat mahsulotlari hajmi 2017-yildagi 2,3 trilliondan 17,4 trillion soʻmga; koʻp qavatli uylar soni 108 tadan 832 taga koʻpayib, keyingi sakkiz yilda 31 ming xonadon hovli toʻylari oʻtkazgan.

2017-yilda viloyat boʻyicha 387 ming 406 xonadon tabiiy gazdan foydalangan boʻlsa, bu koʻrsatkich 452 ming 211 taga yetgan. Aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasi 2017-yildagi 42, 4 foizdan 64,7 foizga koʻpaygan.

Aholining toza ichimlik suvidan bahramand boʻlishida Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilayotgan “Toʻpalang” suv ombori bilan bogʻliq loyihaning alohida oʻrni bor. Mazkur loyiha doirasida naqd 90 milliard 83 million soʻm oʻzlashtirilib, 153,1 kilometr ichimlik suvi tarmogʻi barpo qilingan. Sariosiyoda sutkasiga 200 ming kubmetr suvni tozalaydigan inshoot qurilgan. Denov tumanida 20 ming, Shoʻrchi tumanida 10 ming, Qumqoʻrgʻon tumanida 5 ming kub metr sigʻimga ega ichimlik suvini saqlash hamda tarqatish havzalari bunyod etilgan.

Endi yoʻlga boʻlgan eʼtiborni koʻring: 2024-yilning oʻzida hududdagi 16 ming 171 kilometr avtomobil yoʻlining 901,1 kilometri tuzatilib, 20 ta koʻprik va yoʻloʻtkazgichlar qurilgan. 517,4 kilometr ichki yoʻllar hashar asosida taʼmirlangan.

Xorijiy investitsiyalarni jalb etish, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni oʻzlashtirish va mahalliylashtirishga jiddiy eʼtibor berilgani sababli oʻtgan yili 42 ta korxona 362,1 milliard soʻmlik import oʻrnini bosuvchi mahalliy mahsulotlar ishlab chiqargan va 20,4 million dollar tejab qolingan.

Vohaning iqtisodiy salohiyati oshib, 2024-yil 361,1 million dollarlik tovar, xizmat va mahsulotlar eksport qilingan. Ularning 182,5 million dollari sanoat, 178,5 million dollari meva-sabzavot, 58,4 million dollari toʻqimachilik sohasiga tegishli. 2017-yilgacha vohadan dunyoning bor-yoʻQi oʻnta davlatiga mahsulot joʻnatilgan boʻlsa, endi 40 ta mamlakatga mahsulot eksport qilinayotganiga nima deysiz?

Bunday mahobatli raqamlarni yana va yana sanayverish mumkin. Ular Sherobod dashtlaridek bepoyon, Boysun qirlaridek jilvakor...

3

Sherobod dashtlaridek bepoyon, Boysun qirlaridek jilvakor raqamlar Hayitboy ota “Gazetlarni ochsang, xuddi “tap” etib osmondan tushganday...” deganda qanchalar haq ekaniga yana bir karra amin boʻlasan kishi.

Mana, qarshimizda Oʻzbekiston bilan Afgʻonistonni bir-biriga bogʻlovchi mashhur Hayraton koʻprigi. Moviy osmon artilgandek tiniq, havo issiq, roʻparamizdan Jayhunning telba shabadasi esib turibdi. Uzoqda qoʻshni mamlakatning afsonaviy Balx viloyati dalalari, Mozori sharif, Hayraton shaharlari qorayib koʻrinadi. Katta yoʻlning bir tomonida bojxona, ikkinchi tomonida Termizning Hayraton mahallasi. Amudaryo yoqalab ozgina yurgan kishi yaqinda ishga tushgan “Termiz xalqaro savdo markazi”ga kirib boradi.

Oʻzbekistonning tashqi siyosatida insonparvar va pragmatik yondashuvning amaldagi ifodasiga aylangan bu majmuaning Markaziy Osiyoda muqobili yoʻq va u alohida geostrategik ahamiyatga ega. Markaz “Karachi — Termiz — Toshkent — Qozogʻiston — Rossiya” xalqaro transport yoʻlagining asosiy boʻgʻini hisoblanib, Oʻzbekiston va butun mintaqa uchun Hind okeani portlari orqali jahon bozoriga chiqish imkonini yaratmoqda.

Bu yerda Qozogʻiston va Xitoy savdo uylari tashkil etilgan. Rossiya, Tojikiston, Qirgʻiziston, Belarus kabi davlatlar ham savdo uylarini ochishga qiziqish bildirgan.

Mazkur majmuaning yana bir muhim jihati bor. Afgʻoniston bizning yon qoʻshnimiz. Yarim asr davom etgan urushlar, avval sovetlarning, soʻngra amerikaliklarning zugʻumlari, undan keyingi ichki nizolar... Butun boshli bir avlod oʻq yomgʻirlari ostida oʻsdi. Behisob janglar, toʻkilgan qonlardan soʻng hukumat Tolibon qoʻliga oʻtdi. Ammo oʻzini jahonning beklarimiz, deguvchi davlatlar yangi hokimiyatni tan olmadi. Afgʻon muammosi ular uchun muhim emas-da. Bizga esa Prezidentimiz dunyo minbarlarida, BMT yigʻinlarida qayta-qayta taʼkidlaganlaridek “tinch va barqaror, mintaqaviy hamkorlik jarayonlarida faol ishtirok etuvchi, qoʻshnilar va boshqa mamlakatlar bilan ochiq sheriklikka tayyor Afgʻoniston kerak. Juda kerak! ...Hozirgi qiyin davrda Afgʻonistonni yakkalab, uni muammolar girdobiga tashlab qoʻyish mumkin emas”.

Afsuski, Oʻzbekiston Prezidentining mana shu oddiy va oqilona siyosatini avval ham, hozir ham tushunmaganlar va tushunishni istamaganlar oz emas. Yurtboshimizning fikri esa oʻzgarmas va qatʼiy: bizga tinch Afgʻoniston kerak. Kerakli boʻlgani uchun qoʻshni mamlakatda Oʻzbekiston koʻmagi bilan koʻchalar, temir yoʻllar qurilyapti, madaniy va gumanitar yordamlar yuborilyapti, Tolibon rasmiylari bilan bir piyola choy ustida ogʻir-ogʻir muammolar hal qilinyapti. “Termiz xalqaro savdo markazi”ning barpo etilishi mazkur yumushlarning davomi hisoblanadi. Markazning ishga tushirilishi, Afgʻonlar bilan bordi-keldini rivojlantirishga, tadbirkorlikka yangi yoʻllar ochishga, yuzlab odamlarni ish bilan taʼminlab, dasturxoni toʻkin, xonadoni obod boʻlishga hissa qoʻshmoqda. Hozir bu yerda 480 dan ziyod qoʻshma va xorijiy korxona faoliyat yurityapti. Oʻtgan yilning oʻzida Afgʻoniston bilan tashqi savdo aylanmasi 57,4 million AQSH dollariga yetdi.

36 gektar maydonni qamrab olgan markazda savdo doʻkonlaridan tashqari zamonaviy mehmonxonalar, xostel, klinika, biznes markazi faoliyat yuritmoqda. Birgina “Akfa Medline” klinikasi yiliga 46 ming bemorga mehr-u muhabbat koʻrsatish imkoniga ega.

Logistika markazi yiliga 22 ming yuk mashinasiga xizmat koʻrsatadi. 1100 kishi doimiy ish bilan taʼminlangan.

Majmuadagi oʻzbek va Afgʻon tadbirkorlarining oʻzaro samimiy munosabatlarini kuzatganda, Amu toʻlqinlarining yoqimli epkinlari ruhingga ayricha halovat bagʻishlayotgandek tuyuladi — suyunasan. Beixtiyor: “Boʻlarkan-ku!” deya hayqirib yuborganingni bilmay qolasan. Ular bir-birlarining tilini, madaniyatini, urf-odatlarini qadrlaydilar.

Bu yerda Afgʻonlar uchun 15 kunlik vizasiz tartib yoʻlga qoʻyilgan. Bemalol soʻm, dollar, yevro, rubl va yuanda valyuta almashtirish mumkin.

Savol tugʻiladi: qani, ayting, shu olagʻovur zamonda qaysi davlat rahbari oʻz mamlakatidagi muammolarni hal qilish barobarida hamsoyamning roʻzgʻori obod boʻlsin, deb jon kuydiryapti? “Bir koʻngil imorati — ming Makka ziyorati”, deydilar. Necha yuz Makka ziyoratiga teng emasmi bir bozor ortidan necha yuzlab afgʻon-u oʻzbekning qora qozoni qaynab turgani?

“Termiz xalqaro savdo markazi”da esa kun-u tun hayot qaynaydi. Yuzlarda shodlik, koʻzlarda quvonch. Axir “Yon qoʻshning — jon qoʻshning”, “Qoʻshning tinch — sen tinch”-da! Yomgʻir bilan yer, tinchlik bilan el koʻkaradi. Tinchlikdan ulugʻ, tinchlikdan aziz neʼmat bor ekanmi bu gardishi davronda, bu figʻonli zamonda, bu jumlai jahonda?

4

Bu gardishi davronning, bu figʻonli zamonning, bu jumlai jahonning oʻnlab nuqtalarida qonxoʻr dronlar vahshiyona daydigan, bombalar portlagan, shahar-u qishloqlarning kuli koʻkka sovrilib, onalar dodlagan, chaqaloqlar jajji qoʻlchalarini musht qilgan koʻyi chinqirib yigʻlab turgan bir paytda, Xudoyimga ming shukur deysan, taʼzimlar qilging keladi Vatan sarhadlarini quchib yotgan sokin sukunatga. Chechaklar atri ufurib turgan tong yellari, yoʻngʻichqazorlardan koʻtarilayotgan beda hidi qalbingni allalaydi, shukronalik tuygʻulariga koʻmilib ketadi jon-u jahoning. Oq hovurli tong pardasi koʻtarilib-koʻtarilmay ulkan jang maydoniga — chinakam mehnat “fronti”ga aylanib ketadi Surxondaryoning shahar-u qishloqlari, dasht-u dalalari. Hamma jangda, hamma jangchi — jim turgan odamni koʻrmaysiz, koʻrolmaysiz.

“Mustaqillikning 25-yilligi”, Xovdogʻ, Kakaydi, Lalmikor neft va gaz xazinalarida; Shargʻun, Hisor, Boysun, Koʻhitang togʻlari etaklaridagi koʻmir, Xonjiza va Xoʻjaikondagi polimetall, osh tuzi konlarida hayot qaynaydi. Gips, bazalt, fosfor, granit, temir, kaolin, oltingugurt tayyorlanadigan; charm, farmatsevtika, oziq-ovqat, neft mahsulotlari ishlab chiqaradigan manzillarda mehnat qilayotgan kishilarning shiddati yanayam oʻzgacha. Yiliga 2,5 million tonna meva-sabzavot yetishtiradigan dehqonlarning avji baland. Hatto surxoncha tandirkabobga hozirlik koʻrayotgan, choʻponcha-yu biqtirma, toshpatir-u gʻilmindi, qurtoba-yu shirguruch kabi lazzatli taomlar tayyorlayotganlarning ham qoʻli-qoʻliga tegmaydi. Yogʻoch kuvilarda qatiqdan sariyogʻni ajratib olib, kuz-qish va bahor fasllarida tanovul qilish uchun chorva mollarining tozalangan qornida saqlash tadorigini koʻrayotgan togʻliklarning ishi zavqingizni battar toshiradi. Bu borada omonxonaliklar tajribasi hech kimnikiga oʻxshamaydi. Ular qoʻlbola sariyogʻni chorva molining tozalangan qorniga solib, gʻorlarda saqlaydilar.

Hey, bu surxonliklar-yey! Ajdodlar anʼanalarini ularchalik avaylab-asrayotgan el boʻlmasa kerak bu dunyoda. Toʻylari kurash, koʻpkarisiz oʻtmaydi. Uzoqdan kelgan mehmonlarni qoʻshnilarnikiga joylashtirib, ularga “qoʻshxona”, yaʼni oziq-ovqat berish udumi ham hanuz bardavom. Kunlar ilib, qish chekinayotganda oʻtkaziladigan “Darveshona” bayramida bahorning seryogʻin, hosilning moʻl-koʻl, yilning barokatli boʻlishi uchun ehson ulashiladi, duolar qilinadi.

“Beshik toʻyi”lari, toʻylardagi baxshiyona ashulalar, doʻmbirakashlik, chanqovuz musobaqalari... Ayniqsa, baxshichilik! Vohada doʻmbirani sayratib oʻlan aytmaydigan, sheʼr toʻqimaydigan odam boʻlmasa kerag-ov. Axir Prezidentimiz 2019-yilning 6-aprel kuni Termiz shahrida boʻlib oʻtgan Xalqaro baxshichilik festivalidagi nutqida bekordan-bekorga “Surxondaryo — azaldan baxshilar yurti sifatida nom qozongan”, demadilar-da.

Aytib ado qilish qiyin surxonliklarning odatlari-yu anʼanalarini, tabiat goʻzalliklari-yu yer osti va yer usti boyliklarini.

Hatto fasllarigacha oʻziga xos: yozi jazirama issiq va uzoq, qishi iliq va qisqa. Archazor-u pistazor, achchiq bodom-u olmazor bogʻlarida, butazor-u oʻrmonlarida, shifobaxsh giyohlar oʻsib yotgan chakalakzorlarida erkatoy qushlarning chugʻur-chugʻuri, bulbullarning yoqimli ovozi tinmaydi. Viloyatning janubi-sharqiy qismida tez-tez chang-toʻzonlar qoʻzgʻab turguvchi Afgʻon shamolining-da ayricha tashvishi bor.

Omonxona, Xoʻjaipok, Oʻrinbuloq, Qoʻtirbuloq kabi shifobaxsh buloqlari ham borki, ularning suvi jigar, oshqozon-ichak, teri, buyrak, qandli diabet deydigan kasalliklarning “dodi”ni beradi. Gʻalla, paxta, chorva, uzum, meva-sabzavot, subtropik oʻsimliklar... Ayniqsa, surxon uzumining dovrugʻi azal-azaldan mashhur. Manbalarda aytilishicha, sarkarda Iskandar Maqduniy voha uzumiga, uzumdan tayyorlangan musallasga maftun boʻlgan, mevalarining rangi va xushboʻy iforlaridan zavq olgan.

5

Mevalar rangi va xushboʻy iforlaridan zavq olgan yuz-yuzlab tadbirkorlar esa viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish yoʻlida astoydil mehnat qilishyapti.

Bahodir Qodirov shularning biri. U zamonaviy koʻp qavatli uy-joy qurilishlari uchun yovvoyi qamish qirindisidan qimmatbaho qurilish materiali ishlab chiqaradigan “Surxon KSP-Grand” korxonasi egasi.

— Viloyatimizning 26 ming gektardan ortiq maydonida yovvoyi qamish oʻsadi, — deydi tadbirkor. — Har yili kuzda qamishzorlar beayov yoqib yuborilar edi. Bu Termiz, Muzrabot tumanlari va Termiz shahrining hayvonot dunyosiga, oʻsimlik olamiga katta zarar yetkazib, ekologik muhitga yomon taʼsir koʻrsatayotgan edi. Biz muammoni oʻrgandik va unga chek qoʻyish va tabiat inʼom etgan bebaho boylikdan oqilona foydalanish uchun “Surxon sanoat qurilish” kompaniyasini tashkil qildik. Kompaniya mutaxassislarini xorijga yubordik, ular ilgʻor tajribalarni oʻzlashtirib keldilar. Shu tariqa qamish zarrachali plitalar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydik.

Korxonaning arzon va pishiq mahsuloti tezda oʻz xaridorlarini topdi. Tadbirkor esa klaster usulini joriy etib, qamish zarrachali plitalarni laminatsiya qilishni ham oʻzlashtirdi. “Komfort mebel servis” korxonasida zamonaviy, bejirim mebellar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi.

Yana bir sarmoyador Jamshid Pardayev esa vohada birinchi boʻlib xususiy oliy taʼlim muassasasini tashkil qildi. Hozir uning taʼsischiligidagi Termiz iqtisodiyot va servis universitetida yoshlar oʻndan ortiq yoʻnalishda bilim olmoqda. Tadbirkor shu bilan cheklanmadi — Oltinsoy tumanining Qaymoqli qishlogʻida oʻzi oʻqigan maktab uchun qiymati 32,5 milliard soʻmlik ikki qavatli bino qurib berdi. Yangi binoda oʻqituvchi va oʻquvchilar uchun barcha zamonaviy sharoit yaratilgan. Intellektual sinfxonalar, sport zali, mini oʻyingoh, kutubxona, majlislar zali, kompyuter sinfxonalari, oshxona... Sinfxonalar elektron doska bilan jihozlangan.

Tadbirkorlar haqida soʻz borganda, Termiz shahridagi “Surxon Sandvich” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischisi Bahrom Raupovning ism-sharifi alohida ehtirom bilan tilga olinadi. Bahromjon shu yilning 7-fevralida boʻlgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbariga amalga oshirgan ishlari va rejalari toʻgʻrisida gapirib berdi. Prezidentimiz Bahrom Raupovni yuksak mukofot — “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirladi.

Raupovni Vatan mukofotiga sazovor qilgan ishlar quyidagilardan iborat edi.

Bahromjon bundan sakkiz yil muqaddam import oʻrnini bosadigan sendvich ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi. Pishiq va zamonaviy materialdan vohada koʻplab ijtimoiy soha binolari, ishlab chiqarish korxonalari bunyod etildi. Ellikdan ortiq ishchilar mehnat qilayotgan korxona endilikda sendvich panelda ishlatiladigan bazalt va penoplast qoplamalari ishlab chiqarishni ham oʻzlashtirmoqda. Yangi korxona yil yakunigacha foydalanishga topshiriladi va yana toʻrt yuzga yaqin ish oʻrni barpo etiladi.

Faqat shu emas, tashabbuskor ishbilarmon Denov tumanidagi Qizilsuv daryosi boʻyida “Yoshlar sayilgohi”ni bunyod etmoqda. Zamonaviy loyihalar asosida qad rostlayotgan sayilgohda savdo va xizmat koʻrsatish nuqtalari, turli koʻngilochar maskanlar boʻladi. Qurilishga yuz milliard soʻm mablagʻ sarflanadi, mingdan ortiq kishilar ishli boʻladi.

Xullas, Surxon vohasida yuqorida nomlari tilga olingan elsevar tadbirkorlar juda koʻp. Ularning fidokorligi bilan Termiz shahri va barcha tumanlarda yoshlar sayilgohlari qad rostlamoqda. “Sayxunobod”, “Gʻijduvon”, “Uychi” tajribalari asosida hammaga koʻz-koʻz qilgulik loyihalar ishga tushirilyapti.

Biroq bu boradagi ishlarni barcha hududda bir maromda, deyish qiyin. “Qiyin”ligini Angor va Sherobod tumanlari misolida yaqqol koʻrish mumkin.

Angor hududiy jihatdan kichikroq, aholisi ham Sherobodnikidan kam. Hududining bir qismi togʻlikdan iborat boʻlgan Sherobod esa yer osti qazilma boyliklarining koʻpligi bilan Angordan ajralib turadi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyatlari keng. Tumanda oltingugurt, marmar, sement, osh tuzi, granit kabi yer osti qazilma boyliklari serob. Ammo ana shu boyliklardan samarali foydalanish oʻrniga mavjud korxonalar ham tanazzulga yuz tutayotgani, tumandagi Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining sement zavodi, kalava-ip, yogʻ ishlab chiqarish korxonalari past quvvatda ishlayotgani yoki ishlab chiqarish toʻxtab qolgani tashvishlidir.

Angorda esa buning aksi. Tumanga zamonaviy sanoat kirib kelmoqda. Bir necha kichik sanoat korxonalari barpo etildi, oziq-ovqat mahsulotlari, mebel, qurilish materiallari, yelim buyumlar, kiyim-kechak ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilmoqda. Viloyatda yagona boʻlgan “Top Qualty Brand” masʼuliyati cheklangan jamiyatining terini qayta ishlash korxonasi ham Angorda. Ishsizlik darajasi ham Sheroboddan keskin farq qiladi. Ishsizlar soni Sherobodda besh ming, Angorda 2 ming nafarga yetar-yetmas. Gap bu yerda aholining kam yoki koʻpligida emas, mavjud imkoniyatlardan kim qanday foydalanayotganida. Agar imkoniyatdan oqilona foydalanilganda edi, Sheroboddek katta salohiyatga ega hududda ishsizlik muammosi allaqachon oʻz yechimini topishi mumkin edi.

Yana bir gap: joriy yilning dastlabki choragida Angor tumanida 24,3 million dollar qiymatga teng xorijiy investitsiya oʻzlashtirildi. Xususan, “Zamin Angor Klaster” masʼuliyati cheklangan jamiyati 13,7 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya mablagʻini oʻzlashtirib, “Ingichka tolali paxtani qayta ishlashni tashkil etish” loyihasini amalga oshirmoqda. Hademay yana yuzlab angorlik ishli boʻladi.

Tumanda qiymati 109,1 milliard soʻmlik 52 ta loyiha shakllantirilgan. 6,5 gektar maydonda uchta Kichik va Yoshlar sanoat tadbirkorlik zonasi bunyod etilyapti. Bu loyihalar ishga tushirilgach, 350 ta yangi ish oʻrni yaratilib, byudjetga qoʻshimcha 2,6 milliard soʻm mablagʻ tushiriladi. Tumanning mahsulot ishlab chiqarish hajmi 56,9 milliard soʻmga yetkaziladi. Sherobodda esa...

Afsuski, faqat Sherobod emas, viloyatning boshqa joylarida ham ulkan evrilishlar yoʻliga sunʼiy gʻov boʻlayotganlar uchramoqda. Urugʻchilik, poraxoʻrlik, tamagirlik degan illatlarning ildizi qirqilmayapti. Masalan, oʻtgan yili viloyatda korrupsiyaga oid jinoyat ishlari boʻyicha 189 nafar shaxsga oid 125 ta jinoyat ishi koʻrilgan. Ularning 109 nafariga axloq tuzatish, 12 nafariga ozodlikni cheklash, 23 nafariga ozodlikdan mahrum etish, ikki nafariga muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. 38 nafariga jarima qoʻllangan. Sherobod tumanida korrupsiya bilan bogʻliq ishlari uchun 16 shaxsga oid oʻnta jinoyat ishi koʻrilgan.

Surxon, ona daryo, hayqir narakor,

Koʻksingda qolmasin zarracha gʻubor! —

deya hayqirging keladi bunday illatlarga duch kelganda. Chunki alpomishlar oʻlkasi, alplar vatani boʻlgan Surxondaryoda; dunyoga Hakim at-Termiziy, Sulton Saodat, Imom Termiziy, Xoʻja Alouddin Attor Valiy, Mavlono Muhammad Zohid, Soʻfi Olloyordek ulugʻ avliyolarni yetkazib bergan Surxondaryoda; Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida “Janub gavhari” deya taʼriflangan Surxondaryoda; Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “mard va oliyjanob, oriyatli el yashaydigan tabarruk zamin” deya ardoqlagan Surxondaryoda; Oʻzbekyurtning janubdan Afgʻoniston, shimoli-sharqdan Tojikiston va janubdan Turkmaniston Respublikalari bilan, shimoli-gʻarbdan Qashqadaryo viloyati bilan chegaradosh yirik viloyati boʻlgan Surxondaryoda; tarixi “Avesto”dan-da qadimiyroq boʻlgan Surxondaryoda boʻlmasligi kerak bunday qusurlar...

6

Tarixi “Avesto”dan-da qadimiyroq Surxondaryoning oʻtmishi hazilakam emas-ku, axir?

Boysunning Teshiktoshidan topilgan “neandertal odam”, Ayritom, Machay, Zarautsoy darasidan chiqqan tosh qurollar, qoyalarga chizilgan yovvoyi buqani itlar yordamida ovlash manzaralari, dinozavrlarning toshda qotib qolgan izlari...

Azizlar, tasavvur qiling, dinozavr qachon yashagan? Mezozoy erasida. Shundaymi? Demak, bundan 60 million yillar ilgari ham Surxon daralarida, zovlarida dinozavrlar sudralib yurgan. Ibtidoiy odamlar olishgan, jang qilgan afsonaviy ajdaholar, qirq kallali hayvonlar bilan. Neolit va eneolit davrlarida toshlardan bolta, pona, iskana yasagan. Keyin-keyin metalldan, misdan qurol yasashni oʻrgangan, suv boʻylarida yertoʻlalar, chaylalar tiklangan, guvalalardan uylar qurilgan. Sherobod, Shoʻrchi, Bandixon tomonlarda ilk shaharlar yuzaga kelgan. Sopollitepa manzilidan topilgan ashyolar zamonlar oʻtib hunarmandchilik, madaniyat, sanʼat rivojlana boshlaganini, shaharsozlik, mudofaa devorlari qurilganini tasdiqlaydi. Mudofaa devorlari tiklandimi, demak, oʻzaro kelishmovchiliklar, yer, mulk talashuvlari, bosqinchilik urushlari boshlangan. Miloddan avvalgi 8-7 asrlarga kelib, oʻz davrining qudratli davlati — Baqtriya podsholigi tashkil topadi. Biroq keyinchalik bu davlat shu qadar agʻdar-toʻntar boʻladiki, nom-nishon qolmaydi ne-ne mashaqqatlar bilan qurilgan koshonalardan.

Shu tariqa mamlakatning qoʻldan-qoʻlga oʻtish davri boshlanadi. Avval, Ahamoniylar sulolasidan boʻlmish Eron shohlari, keyin makedoniyalik Iskandar, undan keyin kushonlar, eftalitlar, turk xoqonligi, arablar, somoniylar, gʻaznaviylar, qoraxoniylar, saljuqiylar, xorazmshohlar, moʻgʻullar, temuriylar, shayboniylar; 19-asrning ikkinchi yarmidan boshlab chor Rossiyasi, undan soʻng shoʻrolar zulmi...

Zulmdan qutulishdek moʻtabar baxtni ming-ming yillar davomida orzu qilgan edi bobolarimiz. Ne baxtki, bizga nasib etdi bu muazzam davron — Vatan mustaqilligi! Erkin havolar kirdi oʻzbekning yuragiga. Yangi davr, yangi hayot... Ayniqsa, keyingi yillardagi bunyodkorliklar, yangiliklar, obodliklar.

— Yuqorida guvoh boʻlganlarimiz Surxondaryodagi evrilishlardan ayrim parchalar, xalos, — deydi iftixor bilan hamrohim Xolmoʻmin Mamatrayimov. — Qoʻhitang qoyalaridan kam emas viloyatimizda qilinayotgan ishlar. Yutuqlarimizning hammasi Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning elparvarligi orqasidan boʻlyapti. Mana qarang, soʻnggi yillarda mamlakatimiz rahbari roppa-rosa oʻn marta tashrif buyurdilar Surxondaryoga. Har tashrifda oʻnlab yirik loyihalarga poydevor qoʻyildi.

Hamrohimning soʻzi yakuniga yetmay, telefonim jiringlab qoldi. Hayitboy ota. Kelganimni eshitgan boʻlsa-ya.

— Assalomu alaykum...

— Prezidentimizning maʼruzasini eshitdingizmi?! — degan baland ovoz jarangladi telefonda. — Xalqaro investitsiya forumida qanday zoʻr gaplarni aytdilar. Soʻzlarini qarang, nur taratadi-ya, nur. Qalbi koʻrinib turganday boʻladi har gapida. U kishidan oʻrganish kerak vatansevarlikni, jonfidolikni, samimiyatni, rostgoʻylikni. Bunday shaxslarni davrning oʻzi olib chiqadi sahnaga. Prezidentimiz haqiqiy Oʻzbekiston Qahramoni. Hey, kerak boʻlsa, Nobel mukofotini berish ham kamlik qiladi bunday ulugʻ zotlarga. Lekin... — Hayitboy ota chuqur nafas olib, bir zum jim qoldi. — Shukronalikni bilmaydiganlar bor, — davom etdi salmoq bilan. — Qaysi kuni koʻchaga chiqsam, bir yigit hammani oʻgʻriga chiqaryapti, bizda adolat yoʻq, deb baqiryapti. Surishtirsam, hokimiyat bilan bogʻliq ishi bitmabdi. Bitta ishing bitmasa hammani oʻgʻriga, jamiyatda adolat yoʻqqa chiqarish kerakmi? Ammo amaldorlarning ichidayam kalondimogʻ, manman, tamagirlar bor-da, uka. Kitob koʻrmagan, dunyobexabarlardan chiqadi bunday koʻrimsiz nusxalar. Yil — oʻn ikki oyda bir bet kitob oʻqimaydi ular. Oʻn mingdan ortiq kitob bor mening kutubxonamda. Bir maqtanib qoʻyaymi, Toshkentning eng katta kutubxonasidayam yoʻq mendagi kitoblar. Hammasini oʻqiganman, har kun oʻqiyman. Prezidentimiz kitob oʻqiganlarga, mashina berib, sovgʻa-salomlar bilan ragʻbatlantirganlarini koʻrganimda gʻururga toʻlib ketaman, gʻururga. Xudoyim oʻzbek xalqini siylagan shunday oqil Prezident bilan. Surxondaryoni alplar yurti, alpomishlar vatani deymiz, bu juda toʻgʻri. Lekin bugun Prezidentimiz nutqini eshitayotib yana bir marta amin boʻldimki, butun Oʻzbekiston alplar Vatani ekan. Vatanimizning Shavkat Mirziyoyevdek jasur rahbari bor ekan, bundan ham obod, bundan ham boy boʻladi, “Janub gavhari” boʻlgan Surxondaryo, Xudo xohlasa.

Abdusaid KOʻCHIMOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер