“Zanjirband sher — yengaman der”

Jahon tarixida hech bir shoir Alisher Navoiychalik koʻp binolar qurgan, meʼmor sanʼatini shunchalik zavq-shavq bilan ulugʻlagan emas. Alisher Navoiy oʻzining shaxsiy daromadi hisobidan 360 dan koʻproq turli xildagi inshootlar, ulardan eng mashhuri — Ixlosiya madrasasi, Qudsiya masjidi, Xalosiya xonaqohi, Shifoiya shifoxonasini qurdirgan. Ulugʻ shoirning bagʻrikeng binokor boʻlib yetishishida uning Samarqandda yashagan davrda Ulugʻbek meʼmorchiligidan ilhomlangan. Samarqand hukmdori Bahodir Yalangtoʻsh ham Alisher Navoiy kabi meʼmoriy binolarni qurishda shaxsiy daromadidan pul sarflagan. Oʻz shaxsiy daromadlari hisobidan “Sherdor” va “Tillakori” madrasalarini qurdirgan.
Bahodir Yalangtoʻsh “Sherdor” madrasasi peshtoqiga sherlar (arslonlar) va kiyik tasvirini tushirishi katta qahramonlik edi. Chunki oʻsha davrdagi bidʼatchi mullolar inson va jonivorlar rasmini chizmoqlikni gunoh sanagan. Yalangtoʻsh oʻziga maʼnan ustoz bilgan Alisher Navoiy ijodiga yuzlanadi. Maʼlumki, oʻz davrida hazrat Navoiy moʻyqalam sohiblariga homiylik qilgan. Oʻzi qurdirgan binolarga turli hayvonlarning tasvirlarini chizdirgan. Bunday jurʼat Yalangtoʻsh Bahodirga ilhom bergan. U “Sherdor” madrasasi manglayiga sherlar va kiyik tasvirini tushirgan.
Bir kuni Alisher Navoiy zanjirband sher suvratini chizadi-da, tagiga oʻz dastxati, murod-maqsadi, nomai aʼmoli, orzu-armoni, butun oʻzligini ikki forsiy, uch turkiy – jami besh soʻzga jamuljam-u bir tutam qilib bitadi: “Zanjirband sher — yengaman der!” Ne baxtki, zanjirband sherning necha ming yillik zanjirlarini Bahodir Yalangtoʻsh “Sherdor” madrasasida ozod tarzda tasvirlaydi. Yaʼni, madrasa suratida Alisher Navoiy chizgan syujetni mantiqiy tugallab qoʻygan. Shundan keyin bir sher Alisher Navoiy, ikkinchisi Bahodir Yalangtoʻsh timsoliga aylanadi. Ikkinchi sherni nega Yalangtoʻsh Bahodirga mengzadik? Bu madrasa aslida “Bahodir Yalangtoʻsh” deb atalib, bu nom abjad hisobida uning qurilish yili – 1619 ni anglatadi. Samarqand hokimi oʻz nomi “Yalangtoʻsh Bahodir” deb ataladigan madrasaning “Sherdor” deb atalishiga qarshi boʻlmagan. Uning oʻzi sherlarning biri sifatida madrasa yuzida aks etgan.
Alisher Navoiy “qoʻsh uslub” degan meʼmoriy ansamblning ijodkori sanaladi. U Saripulda Injil anhori yonida hashamatli “Ixlosiya” madrasasi va unga yuzlanib turgan bagʻoyat koʻrkam “Xalosiya” xonaqosini qurdiradi. Registondagi Ulugʻbek madrasasi va unga qarab tiklangan “Sher dor” madrasasi ham shu uslubda qurilgan. Bahodir Yalangtoʻsh Registon ansamblini tiklashda hazrat Alisher Navoiyning meʼmorchilik uslubidan foydalangan. Bu uslubdan keyinchalik “Tojmahal” va uning qarshisida bino tiklamoqchi boʻlgan Hindiston hukmdori Shohjahon ham foydalangan.
Erkin MUSURMONOV,
Filologiya fanlari doktori, professor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring