Yuzsizlikning yuz xil yoʻli: eshitib yoqa ushlaysiz!

14:32 12 Dekabr 2025 Jamiyat
404 0

Qonun barcha uchun barobar. U haqiqatning asosi, odamni yaxshi yoʻlga boshlaydi. Jamiyatda tartib, adolat hamda tinchlikni taʼminlaydi. Ammo kimdir qonunni buzsa, albatta javobgarlikka tortiladi. Chunki noqonuniy xatti-harakat bor joyda tinchlik, ezgulik boʻlmaydi.

Yaqinda Shahrixon tumanida sodir boʻlgan voqea koʻpchilikka saboq boʻlmoqda. Bir qaraganda, Saidbek Ahmadov (ism-sharifi oʻzgartirildi) hamma qatori oddiy inson, tirikchilik qiladi, oilasi bor, kundalik hayot bilan band. Ammo bir yanglish qadam uni nafaqat erkinlikdan, balki jamiyat oldidagi obroʻsidan ham mahrum etdi. U joriy yilning 10-aprel kuni shaʼriy nikoh asosida birga yashab kelgan turmush oʻrtogʻi Sayyora Salimovaning boshqa bir fuqaro bilan ishqiy munosabatda boʻlganini eshitib, gʻazab otiga mindi. Turmush oʻrtogʻining xatosini tinch yoʻl bilan ham hal qilish mumkin edi, ammo u oʻta xatarli va noqonuniy yoʻlni tanladi.

U turmush oʻrtogʻidan behayo foto va videotasvirlarni internet orqali tarqatmaslik evaziga pul talab qildi. Bu nafaqat axloqsizlik, balki qonun nuqtayi nazaridan ham jinoyatdir. Insonning shaxsiy hayotiga aralashish, uning shaʼniga, qadr-qimmatiga tajovuz qilish bu jamiyat axloqini buzuvchi ogʻir illat hisoblanadi. Saidbek Sayyoradan 5 ming AQSH dollari talab qiladi. 11-aprel kuni esa ushbu pulning bir qismini 900 dollar va 1 million 300 ming soʻmni olayotgan paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Shahrixon tuman sudida ushbu holat atroflicha koʻrib chiqildi. Saidbek Ahmadov Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (“Tovlamachilik”) boʻyicha aybli deb topildi. Unga nisbatan 4-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Endi u ish joyiga borish va uyiga qaytish vaqtidagina harakatlanishi mumkin. Qolgan vaqtlarda uydan chiqishi man etilgan.

Bu hukm oddiy jazo emas, balki jamiyat yuziga tutilgan koʻzgu, insonlar uchun ogohlik qoʻngʻirogʻidir. Chunki har bir jinoyat nafaqat bir shaxsning, balki butun oilaning fojiasiga aylanadi. Inson hayotida hissiyot va aql oʻrtasidagi kurash doim mavjud. Bir daqiqalik gʻazab yoki hasad yillar davomida qurilgan obroʻni bir lahzada vayron qilishi mumkin. Saidbekning qilmishi ham shunday ahmoqona hissiyotning mahsuli edi. Mamlakatimizda har bir fuqaroga oʻz huquq va manfaatlarini qonun doirasida himoya qilish imkoniyati berilgan. Agar u haqiqatdan ham tahqirlangan boʻlsa, ichki ishlar boʻlimiga yoki sudga murojaat qilishi mumkin edi. Ammo u bu yoʻlni tanlamadi.

Bu yerda yana bir muhim jihat bor: axborot texnologiyalari asrida har bir harakatingizning izi qoladi. Internet orqali tahdid qilish, shaʼnini kamsitish, shaxsiy maʼlumotlarni tarqatish jinoyat deb baholanadi. “TikTok” yoki boshqa ijtimoiy tarmoq orqali kimnidir sharmanda qilish bu shunchaki qilmish emas, balki shaxsga qarshi jinoyat hisoblanadi.

Zarifjon RAHIMOV,

jinoyat ishlari boʻyicha Shahrixon

tumani sudi sudyasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер