Yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlashlar bilan qamrab olish darajasi 95-98 foizni tashkil etadi — Nurmat Otabekov

Bugun Sogʻliqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda immunizatsiya va vaksinatsiya jarayonlari, Milliy profilaktik emlash taqvimi va bu borada aholiga ishonchli maʼlumotlarni yetkazish yuzasidan soha ekspertlari ishtirokida matbuot konferensiyasi tashkil etildi.
Matbuot anjumanida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi oʻrinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Nurmat Otabekov ayni kunlarda dunyoning qator davlatlarida tarqalayotgan turli infeksiyalar, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan rejali emlash jarayonlari va boshqalar xususida batafsil maʼlumot berdi.
— Xalqimizda xastalikni davolashdan koʻra, uning oldini olgan afzal, degan hikmatli gap bor. Shundan kelib chiqib, tibbiyot sohasida kasalliklar profilaktikasiga alohida eʼtibor qaratiladi. Chunki oʻz vaqtida koʻrilgan chora-tadbirlar millionlab insonlar hayotini saqlab qolishi mumkin, — dedi N. Otabekov. — Hisob-kitoblarga koʻra, bunday yondashuv iqtisodiy jihatdan ham juda samarali. Masalan, yuqumli kasalliklarga qarshi ommaviy emlash tadbirlari nafaqat turli epidemiyalar tarqalishi, balki sogʻliqni saqlash muassasalariga yuklamalar keskin ortib ketishining ham oldini oladi.
Shu maʼnoda, aholini boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi emlash xastaliklarni kamaytirish, infeksiya oʻchoqlarini jilovlash va bartaraf etishda asosiy vosita hisoblanadi.
Ana shu omillarni hisobga olgan holda, mamlakatimizda Milliy profilaktik emlash kalendari joriy etilgan. Unga muvofiq, 13 turdagi yuqumli kasalliklar, jumladan, difteriya, koʻkyoʻtal, qoqshol, sil, virusli gepatit V, poliomiyelit, qizamiq, qizilcha, epidemik parotit, rotavirus, pnevmokokk, gemofilius inflyuensa tip B (XIB) infeksiyasi, bachadon boʻyni saratoniga qarshi rejali vaksinatsiya tadbirlari oʻtkaziladi.
Profilaktik emlashlar uchun 3 ming 138 ta emlash punkti ajratilgan. Chaqaloqlarni sil va gepatit V ga qarshi emlash esa tugʻuruq komplekslarida amalga oshirib kelinmoqda.
Muhimi, soʻnggi yillarda boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlashlar bilan qamrab olish darajasi 95-98 foizni tashkil etyapti. Mamlakatimizda 2003-yildan buyon emlashdan soʻng nojoʻya holatlar roʻyxatga olingani yoʻq.
Immunizatsiya tadbirlarining muntazam va samarali olib borilishi natijasida 1996-yildan buyon respublikamizda yovvoyi polioviruslar keltirib chiqaradigan poliomiyelit kasalligi tugatildi va Oʻzbekiston 2002-yilda “Poliomiyelitdan xoli hudud”, 2017-yilda esa “Qizamiq va qizilchaning 36 oylik eliminatsiyasiga erishgan hudud” nomli xalqaro sertifikatlarni olishga muvaffaq boʻldi.
Sizlarga ham yaxshi maʼlum, avvallari aholi, ayniqsa, bolalar oʻrtasida turli yuqumli kasalliklardan oʻlim koʻrsatkichlari yuqori boʻlgan. Chunki ular qator xavfli infeksiyalarga qarshi emlanmagan.
Bugungi kunda esa oʻgʻil-qizlarning hayotiga zomin boʻlgan bunday xavfli xastaliklarning oldini olish imkoni bor.
Masalan, 2000-yilgacha oʻgʻil-qizlarimiz 6 turdagi infeksiyaga qarshi emlangan xolos. 2001-yildan hozirgi vaqtga qadar yana 7 turdagi vaksina profilaktik emlash kalendariga kiritilib, ular soni 13 taga yetkazildi.
Ana shu vaksinalarning aksariyati bola bir yoshga toʻlgunicha qoʻllaniladi. Masalan, 2001-yildan beri 1 sutkalik chaqaloqlar virusli gepatit Vga qarshi VGV vaksinasi bilan emlanadi.
2000-yilgacha difteriya, qoqshol va koʻkyoʻtalga qarshi faqat AKDS vaksinasi qoʻllanilgan. Keyinchalik profilaktik emlash kalendariga oʻzgartirish kiritilib, 2, 3 va 4 oylik chaqaloqlarni Penta-1, Penta-2 hamda Penta-3 kombinatsiya qilingan vaksinalari bilan emlash yoʻlga qoʻyildi.
Qolaversa, ilgari 5 yoshgacha boʻlgan bolalar virusli diareya kasalligi tufayli ham nobud boʻlar edi. Bu kasallikni rotavirus infeksiyasi keltirib chiqarishi aniqlangach, unga qarshi vaksina ham yaratilib, 2014-yilda profilaktik emlash kalendariga kiritildi.
Hozir bolalar 2, 3 va 4 oyligida tegishli ketma-ketlikda Rota-1, Rota-2, Rota-3 vaksinalari bilan emlanmoqda. Natijada oʻgʻil-qizlar oʻrtasida virusli diareya kasalligidan oʻlim holatlari kuzatilgani yoʻq.
2018-yilda pnevmakokk kasalligiga qarshi bola 2, 3 va 12 oylik boʻlganida qoʻllaniladigan Pnevmo-1, Pnevmo-2, Pnevmo-3 vaksinalari profilaktik emlash kalendariga kiritildi.
Shu yili 2, 3, 4 va 16 oylik bolalarni poliomiyelitga qarshi vaksina bilan emlash ham joriy qilindi.
Bolalar 12 oylik vaqtida qizamiq, parotit va qizilchaga qarshi KPK-1, olti yoshligida esa KPK-2 vaksinalari bilan emlanadi.
Milliy emlash kalendariga 2019-yildan bachadon boʻyni saratoniga qarshi qoʻllaniluvchi OPV vaksinasi ham kiritildi. Har yili 9 yoshli 350 ming nafardan ortiq qizlar ushbu vaksina bilan emlanmoqda.
Shu oʻrinda yana bir tibbiy xulosani aytib oʻtmoqchiman. Kasalliklar profilaktikasi qoʻllaniladigan vaksinalar samaradorligi bilangina bogʻliq emas. Yaʼni bu sohada mustahkam moddiy-texnik baza yaratmay turib koʻzlangan natijaga erishish imkonsiz.
Raqamlarga murojaat qiladigan boʻlsak, yurtimizda har yili 2,5 million nafardan ziyod bola emalanadi. Bu jarayon toʻliq davlat byudjeti hisobidan amalga oshirilmoqda.
Emlash va immunizatsiya tadbirlariga GAVIning maxsus loyihalari hamda COVAX dasturi doirasida, shuningdek, YUNISEF va JSST tomonidan ham alohida koʻmak berilyapti.
Misol uchun, YUNISEF 2017-yildan beri yurtimiz boʻylab jami 21 ta vaksina ombori qurilishida amaliy yordam koʻrsatdi. Sovutgichli yuk mashinalari, vaksinalar uchun konteynerlar va sovuqlik kameralarini yetkazib berdi.
Oʻtgan yil noyabr oyida ishga tushirilgan respublika vaksinalar ombori 1000 kvadrat metrdan iborat uchta sovuqlik kamerasi (2-8°C), ultrasovuq sovutkichlar (3000 l hajmli) va muzlatgich xonalari (40 m3) bilan jihozlangan.
Shu bilan birga, inshoot immunizatsiya uchun zarur materiallar saqlanadigan 1000 kvadrat metr quruq omborga ham ega. Inshootda yuklarni tez va samarali boshqarish uchun elektr yuk koʻtargichlar, dok naveslari, tekislash platformalari hamda koʻtarish mexanizmlari mavjud.
Umuman, hozir Sanitariya-epidemiologiya xizmati 1 ta milliy, 14 ta hududiy, 206 ta tuman (shahar) vaksina saqlash omborxonalariga ega. Ularni tashish uchun 17 ta avtorefrijerator, 206 ta mini-avtorefrijerator, 16 ta “LADA-Vesta”, 16 ta “Reno Duster” avtomobili ajratilgan. 632 ta sovutkich, 148 ta generator, 10 121 ta termosumka va termokonteyner faoliyatimiz samaradorligini oshirmoqda. 862 ta tibbiy brigada tomonidan aholiga emlash xizmatlari koʻrsatilyapti.
— Qisqa qilib aytganda, mamlakatimizda immunizatsiya va vaksinatsiya tadbirlarini yuqori darajada tashkil etish borasida amaliy tajriba va yetarli shart-sharoitlar mavjud boʻlib, yuqumli kasalliklar boʻyicha epidemik barqarorlik taʼminlab kelinmoqda. Kelgusida bu boradagi ishlarimiz samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari koʻriladi, — deya taʼkidladi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi oʻrinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Nurmat Otabekov.
Anjumanda jurnalistlar savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javob qaytarildi.
“Xalq soʻzi”.
Sirojiddin VOHIDOV olgan suratlar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Endilikda muddati oʻtgan tovarlarning sotilishi avtomatik ravishda cheklanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring