Yozyovon tumani hokimining bir kuni...

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Markaziy Fargʻona hududida joylashgan Yozyovon tumanida bugungi kunda keng qamrovli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar amalga oshirilib, quvonarli natijalarga erishilmoqda. Ammo hali tadbirkorlik, investitsiya, qishloq xoʻjaligi, hududlar infratuzilmasini yaxshilash hamda aholi farovonligini oshirish borasida katta oʻzgarish va yangilanishlarga ehtiyoj bor.
Yozyovon tumani hokimi Dilshodjon Jalilov bir kunlik faoliyati davomida hokimlik masʼullari, tegishli mutasaddi idoralar rahbarlari bilan avtobusda bir qator ijtimoiy sohalar, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini aylanib, obodonlashtirish hamda koʻkalamzorlashtirish ishlari bilan tanishdi.
Yuzma-yuz muloqotda yutuqlar sarhisob etilishi barobarida mavjud kamchilik jiddiy tanqid qilinib, mutasaddilarga aniq vazifalar topshirildi.
Sport — sogʻlom hayot omili
Markaziy oʻyingohda “Tashabbusli byudjet” doirasida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishilib, quruvchilar va tegishli masʼullarga ishlarning sifatli hamda vaqtida bajarilishi uchun aniq vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, sport majmuasida boʻlib, toʻgaraklar faoliyatini jonlantirish, aholi va yoshlarni sportga keng jalb qilish yuzasidan koʻrsatmalar berildi. “Yozyovon lochinlari” futbol klubi taqdiri haqida suhbatlashildi. Yozyovonda futbol muxlislari yetarlicha bor, oʻyingoh jihozlanyapti. Jamoani tezroq shakllantirish, uni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida fikrlar bildirildi.
Taraqqiyot yoʻli – maʼrifatda
Tuman hokimining keyingi manzil 1-umumtaʼlim maktabi boʻldi. Masʼullar maktabdagi obodonlashtirish ishlari, oshxona faoliyatini oʻrganib, sport toʻgaraklari mashgʻuloti bilan tanishishdi. Hokim maktab oʻqituvchi va oʻquvchilari bilan samimiy suhbatlashdi.
— Taraqqiyot yoʻli – maʼrifatda, — dedi tuman hokimi. — Shu bois maktablarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, oʻqituvchi va oʻquvchilar uchun zamonaviy sharoitlar yaratish doimiy ustuvor vazifamiz boʻlib qolaveradi.
Yoʻllar iqtisodiyot drayveri
Tuman hududidan oʻtuvchi xalqaro avtomagistral yoʻli boʻyida soʻnggi yillarda tadbirkorlar faoliyati jadal rivojlanyapti. Ammo mazkur yoʻl boʻyidagi obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish ishlarining bugungi holati yaxshi emas. Shu sababli hokim soha masʼullariga oʻz eʼtirozini bildirdi.
Chunki yoʻl yoqasidagi tadbirkorlik subyektlari oʻz hududini qoʻl uchida obodonlashtirishgan. Shu sababli tegishli rahbarlarga yoʻllar iqtisodiyot drayveri ekanligi uqtirilib, zudlik bilan obodonlashtirish ishlarini talab darajasida olib borish kerakligi taʼkidlandi.
Tashabbus yoʻq joyda taraqqiyot boʻlmaydi...
Maʼlumki, bugungi kunda tumanda shaharsozlik meʼmorchiligi anʼanalari asosida “Yangi Oʻzbekiston” massivi qad rostlayapti. Oʻrganishlar jarayonida mazkur massivdagi 28-davlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga kirib keluvchi yoʻlning oʻng tomonida obodonlashtirish boʻyicha ishlar qilinmagani tanqid ostiga olindi. Tashkilot roʻparasidagi bogʻda eski lotok va betonlar yigʻib olinmagani tanqid qilindi.
Yangi massivdagi 40-umumtaʼlim maktabidagi chiroyli manzara havasingizni keltiradi. Taʼlim muassasasi jamoasi boʻsh yerdan unumli foydalanib, bogʻ barpo etgan, har qarich yerdan unumli foydalanadi. Shu bois hokim boʻsh yerdan unumli foydalanish boʻyicha tuman maktablari masʼullariga amaliy seminar oʻtkazish boʻyicha taklif bildirdi.
“Qoratepa”dagi ixtisoslashtirilgan maktabdagi antisanitariya holatlari, hojatxona talabga javob bermasligi, sportzal toʻshamalari iflosligi keskin tanqid qilindi. Maktab binosi fasad devoriga chakki tushib, qoraytirib yuborgani, binoga kirish zinalari sinib ketgani uchun jamoa rahbariyati faoliyati qoniqarsiz baholandi.
Muxtasar aytganda, bir kunlik faoliyati mobaynida hokim yana bir qator ijtimoiy soha obyektlarida boʻldi. Oʻrganishlar jarayonida maʼlum boʻldiki, qalbida vatanparvarlik tuygʻusi boʻlgan rahbarlar vazifasini sidqidildan bajaryapti. Aksincha, xoʻjakoʻrsinga, qoʻl uchida ish bajarayotganlar ham bor, tabiiyki, bunday toifadagilar qatʼiy ogohlantirildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring