Yoz mavsumida qon quyuqlashishi qanchalik xavfli?

16:04 25 Iyun 2023 Jamiyat
619 0

Koʻpchilik insonlar hayotida bir marta boʻlsa ham qon tahlili topshirgan. Shu paytda ular oʻzining qoni toʻq rangga kirib, quyuqlashganiga guvoh boʻladi. Ayniqsa, jazirama iqlim sharoitida qonning quyuqlashib ketishi koʻp uchraydi.

Mutaxassislarning fikricha, bu holatga eʼtiborsiz boʻlish kerak emas. Aksincha, qon tahlillari orqali uning quyuqlashib ketgani aniq boʻlgach, vaqtida davolanish zarur.

Xoʻsh, issiq kunlarda qon quyuqlashishi qanchalik xavfli?

— Qon – inson tana aʼzo va toʻqimalarini kislorod hamda zarur ozuqa moddalari bilan taʼminlovchi muhim suyuqlik, — deydi Toshkent shahar tibbiy maslahat diagnostika markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Orifjon Aripov. — U infeksiyalarga qarshi kurashib, ichki aʼzolar faoliyatida ishtirok etadi.

Qon quyuqlashishi organizmdagi ana shu jarayonlarning buzilishiga olib keladi. Oqibatda yashirin kasalliklar yuzaga chiqishi yoki yangilari paydo boʻlishi mumkin.

Ayrim hollarda xastalik yoki tashqi omillar sabab qon tarkibi buziladi va uning keragidan ortiq quyuqlashib ketishi yoki, aksincha, suyuqlashishi kuzatiladi. Uning quyuqlashishi tomirlarda qon aylanishining buzilishi va trombozlar hosil boʻlishiga sabab boʻladi.

Bu esa, oʻz navbatida, insult va infarktga chalinish ehtimolini orttiradi. Qon tarkibining suyuqlashishi esa qon ketishi, bemor tanasida koʻkarish va qon talashlar paydo boʻlishiga olib keladi.

Ikki holatda ham tezda tibbiy ehtiyot choralarini koʻrish zarur.

Qon quyuqlashishiga koʻpincha qattiq asabiylashish, qandli diabet, shuningdek shirinliklar, kartoshka, banan, tuxum, gazli ichimliklar, fast-fud va turli qovurma taomlar sabab boʻladi.

Qolaversa, bu holat kam suyuqlik ichish, havo haroratining koʻtarilishi yoki keskin pasayishi va organizmdagi ayrim oʻzgarishlar tufayli ham yuzaga keladi.

Issiq kunda qon quyuqlashishi tananing suvsizlanishiga bogʻliq. Issiq havoda ter bilan organizmdagi suv bugʻlanib ketadi.

Bu qonning quyuqlashishi, uning aylanma harakati qiyinlashishi va tromb hosil boʻlish xavfi ortishiga sabab boʻladi.

Natijada insonda bosh ogʻrigʻi, jizzakilik, tushkunlik, xotira pasayishi, holsizlik, uyquchanlik, qoʻl va oyoqlar sovqotishi, ogʻiz qurishi kuzatiladi.

Yurak tez urishi, nafas qisishi, tananing turli qismlarida koʻkarishlar paydo boʻlishi va tirnoq shakli oʻzgarishi mumkin. Hatto miyaga qon yaxshi yetib bormasa, bosh aylanishi, hushdan ketish ehtimoli ham mavjud.

Bu salbiy holatlar esa tomirlarda qon aylanishining buzilishi va trombozlar hosil boʻlganidan darak beradi. Oqibatda insult va infarkt xavfi ortadi.

Issiq havoda qon quyuqlashishiga yoʻl qoʻymaslik uchun yetarli miqdorda suyuqlik ichish zarur. Aynan suv eng yaxshisi, gazlangan ichimliklar emas. Shu bilan bir qatorda, salqin va kuchli boʻlmagan choy ichish mumkin.

Qon holatini tekshirish uchun shifokorga murojaat qilish maqsadga muvofiq. Agar tibbiy tekshiruvlardan soʻng uning quyuqligi meʼyordan ortiq ekani maʼlum boʻlsa, zarur muolajalar tayinlanadi.

Biroq qonni suyultiruvchi dori vositalarini oʻzboshimchalik bilan qabul qilish mumkin emas. Sababi uning haddan ortiq suyuqlashishi jarohatlarda qonning toʻxtamay qolishiga olib keladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер