Yoshlar taʼlim-tarbiyasi — eng ustuvor vazifa

16:53 29 Dekabr 2020 Jamiyat
6592 0

Bugun butun Oʻzbekiston xalqining nigohi bir nuqtaga: muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasini tinglash uchun oynai jahonga qadaldi.

Ikki soatu 40 daqiqadan koʻproq davom etgan Murojaatnomani jon qulogʻimiz bilan eshitib, barchamiz yangi yilga qanday nom berilishini intiqlik bilan kutdik. Ezgu anʼanaga aylangan bu odatni hech ikkilanmay bugungi taraqqiyotimizning muhim asosi desak, boʻladi. Chunonchi, mamlakatimizda har sana yil nomidan kelib chiqib, juda katta islohotlar, oʻzgarishlar amalga oshirilayotganini jahon eʼtirof etmoqda.

Davlatimiz Rahbari 2021-yilni «Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash» yili deb eʼlon qilishi munosabati bilan butun Oʻzbekistonni olqishlar tutib ketdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Darhaqiqat, bugun dunyo koʻzda halqalangan yoshdek qalqib turgan bir paytda yoshlarni chalgʻituvchi, ularni oʻz domiga tortishni istovchi turli kuchlar koʻpayib boryapti. Eng achinarlisi, dunyoning qaysi burchagida biror jinoyat sodir etilsa, albatta, bu jarayonda yoshlarning “qoʻlidan” foydalanilyapti.

Yoshlar tarbiyasi har bir davrning oʻta dolzarb masalasi boʻlib kelgani ayni haqiqat. Muarrixlarning yozishicha, Gerodot Sharqqa qilgan safarlari chogʻida Misr ehromlaridagi bir bitikka ajablangan: «Yoshlarning tarbiyasi buzilib ketyapti. Nima qilish kerak?!”

Muarrix bu yozuvni oʻqiganiga ham ikki ming yildan oshib ketdi. Yozuvning bitilganiga esa, kim bilsin qancha vaqt boʻlgan? Demak, yoshlar masalasi hamisha oʻz dolzarbligini yoʻqotmagan, bunga hamma davrlarda ham turli darajada munosabat bildirilgan ekan-da.

Islom taʼlimotida yoshlar tarbiyasi juda muhim oʻrin tutadi. Islomning dastlabki oʻn uch yilida, yaʼni Makka davrida Muhammad sollallohu alayhi va sallam insonlarning ongu shuuriga Allohning yakkayu yagonaligini singdirish barobarida ularga odob-axloq masalalarini oʻrgatishga alohida eʼtibor qaratganlar. Bu borada oʻz yonlariga 8–16 yoshli (Ali, Talha, Zubayr) kabi koʻplab yoshlarni olib, avvalo, ularning taʼlim-tarbiyasiga alohida ahamiyat berganlar.

Hadisi sharifda: “Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).

Tarbiya haqida Imom Gʻazzoliyning «Ihyou ulumud din» kitobida bunday deyiladi: “Bola – ota-ona qoʻlidagi omonat. Uning qalbi turli naqsh va rasmlardan xoli. Qanday naqsh solinsa, qabul qiladi, nimaga moyil qilinsa, moyil boʻlaveradi. Agar yaxshilikka undalsa va oʻrgatilsa, saodatli boʻladi. Ota-onasi hamda odob, taʼlim-tarbiya bergan ustozlar uning savobiga sherik boʻldi. Agar yomonlikka undalsa, halok boʻladi”.

Buyuk vatandoshimiz shayxurrais Abu Ali ibn Sino yosh avlod tarbiyasining ibtidosi qanday va nimalar bilan boʻlishi haqida quyidagilarni aytgan edi: “Yosh bola boshlangʻich taʼlim va tilga doir qoidalarni yod olganidan keyin u mashgʻul boʻlishi mumkin boʻlgan kasb-hunar va sanʼatga moyilligiga qarab, uni shunga yoʻllaymiz. Agar u kotiblikni xohlasa, til, xat yozish, nutq soʻzlash va odamlar bilan muomala qilish kabilarga dalolat qilamiz. Albatta, bu oʻrinda, bolaning mayli ahamiyatga ega” (“Islomiy tarbiya va uning falsafasi”. Muhammad Atiya, 197-bet).

Bundan roppa-rosa bir asr oldin maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy tarbiya haqida kuyinib bunday degan: «Tarbiyani kimlar qilur? Qayda qilinur? degan savol keladur. Bu savolga javoban: birinchi – uy tarbiyasidur. Bu Onalarning vazifasidur. Ikkinchi – maktab va madrasa tarbiyasidur. Bu Otalar, muallim, mudarris va hukumat vazifasidur.

Menga savol berurlar: Qaysi onalarni aytursiz? Bilimsiz, boshi paxmoq, qoʻli toʻqmoq onalarnimu? Oʻzlarida boʻlmagan tarbiyani qanday berurlar? Qaysi ota? Toʻychi, uloqchi, bazmchi, doʻmbirachi, karnaychi, surnaychi, ilm qadrini bilmagan, ilm uchun bir pulni koʻzi qiymagan, zamondan xabarsiz otalarnimi aytursiz? Avval ularni oʻzlarini oʻqutmaklik kerakdur.Bu soʻzlar kishini yuragini ezar, bagʻrini yondirur...»

Yoshlar tarbiyasini – hayot-mamot masalasi, deb taʼriflagan mutafakkir naqadar haq ekanini barchamiz yaxshi bilamiz. Chunki tarbiyasi moʻrt yoshlardan jamiyat, mahalla yoki oila uchun hech qanday naf yoʻq. Yoshlarning hayotda adashishi, tuzatib boʻlmas xatolari tarbiyada yoʻl qoʻyilgan xato yoki befarqlikning achchiq inʼikosidir.

Bu borada olib borilgan izlanishlarning aksari shuni koʻrsatmoqdaki, tarbiyada, avvalo, ota-onaning hissasi katta. Bejiz Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam: “Hech bir ota-ona farzandiga goʻzal tarbiyadan koʻra qimmatliroq meros qoldira olmaydi”, demagan.

Muxtasar aytganda, mamlakatimiz aholisining 64 foizini yoshlar tashkil etadi. Ularning ulgʻayib, komil inson boʻlishlari uchun yangi 2021-yilda ulkan imkoniyatlar eshiklari ochilishiga shubha yoʻq. Zero, muhtaram Yurtboshimiz Murojaatnomada buni har jihatdan bayon qilib berdi.

Nuriddin XOLIQNAZAROV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?