Yoshlar parlamentining bir yillik faoliyati sarhisob qilindi

07:50 12 Fevral 2022 Jamiyat
973 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti tomonidan “Yoshlar parlamenti faoliyati: 2021-yil sarhisobi va istiqboldagi rejalar” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.

Unda quyi palata deputatlari, Qonunchilik palatasining yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasi va Yoshlar parlamenti aʼzolari, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi, siyosiy partiyalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari Odiljon Tojiyev matbuot anjumanini kirish soʻzi bilan ocharkan, hisobot davrida Yoshlar parlamenti tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida toʻxtalib oʻtdi.

Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida mamlakatimiz aholisining yarmidan koʻpini yoshlar tashkil etishini, respublikamizda har bir yigit-qizning jamiyatda munosib oʻrin egallashi va oʻz salohiyatini namoyon etishi uchun ulkan ishlar amalga oshirilayotganini, Oʻzbekistonda Yoshlar parlamentlari, Yoshlar ishlari agentligi faoliyat koʻrsatayotganligini taʼkidlagan edi.

Taʼkidlanganidek, hisobot davrida mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash masalalarini mustahkamlash, ushbu sohadagi qonunchilikni amaliyotga samarali tatbiq qilishga koʻmaklashish Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti tomonidan keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.

Yoshlar bilan ishlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini taʼminlash, qonun ijodkorligi faoliyatiga yoshlarni keng jalb qilish, qonunlarda yoshlar manfaatlarini aks ettirish, yoshlar faolligini va jamiyatdagi ishtirokini rivojlantirish, chekka hududlardagi yoshlar ovozini ham parlamentda eshitishni yangi bosqichga koʻtarish kabi ustuvor vazifalarning bajarilishi ustidan jamoatchilik nazorati oʻrnatildi.

Shuningdek, Yoshlar parlamenti tomonidan Qonunchilik palatasiga kiritilgan 27 ta qonun loyihalari yuzasidan takliflar tayyorlanib, respublika miqyosida 161 ta oʻrganish tadbirlari amalga oshirildi. Yoshlar parlamenti aʼzolari qabul qilingan qonunlarning mazmun-mohiyati va targʻibotiga bagʻishlangan 252 ta turli tadbirlar, oʻquv-seminarlari va konferensiyalarda faol ishtirok etdi.

Hisobot davrida “Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish” kuni munosabati bilan “Hozir boʻlmasa qachon?”, saylov jarayonlarni ommalashtirish maqsadida “Biz boʻlmasak kim?” nomli chelenj tashkil qilindi.

Mamlakatimizda boʻlib oʻtgan muhim siyosiy jarayon – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentlik saylovi jarayonida Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazi bilan hamkorlik qilindi. MSK va Yoshlar parlamentining birgalikdagi faoliyatiga bagʻishlangan Xalqaro press klubning “Prezident saylovi va Yoshlar: ochiqlik, shaffoflik va adolatli tanlov” mavzusida maxsus sessiyasi tashkil etildi.

Yoshlar parlamenti aʼzolari MSK yigʻilishlariga bagʻishlangan 20 ga yaqin konferensiya va brifinglarda ishtirok etdi. Sentyabr-oktyabr oylarida ilk saylovchi va yosh saylovchilarning elektoral madaniyatini yuksaltirish yuzasidan respublika miqyosida 126 ta targʻibot-tashviqot ishlari olib borildi.

Matbuot anjumanida Yoshlar parlamenti aʼzolari OAV xodimlari tomonidan berilgan savollarga atroflicha javoblar berdi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?