Yoshlar – Oʻzbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi
Har qanday davlatning rivojlanish tarixi shuni koʻrsatadiki, yurtning taraqqiy etishi, muayyan yutuqlarga erishishi va xalqning farovon hayot kechirishi yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga qaratilgan eʼtibor bilan bevosita bogʻliq. Shu bois Oʻzbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Bugungi kunda mamlakatda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur sharoit va imkoniyatlar yaratish borasida mustahkam huquqiy asos shakllantirilgan. Mazkur yoʻnalishda olib borilayotgan ishlar zamon talablariga mos ravishda takomillashtirilmoqda. Xususan, hozirgacha parlament tomonidan yoshlarga oid 40 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilingan boʻlsa, 30 dan ziyod xalqaro huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev dunyo yoshlarining soni ikki milliarddan oshganini inobatga olgan holda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbarida Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi BMT konvensiyasini qabul qilish taklifini ilgari surdi. Ushbu tashabbus xalqaro hamjamiyat tomonidan iliq kutib olindi. Prezidentning bunday qarorga kelishining asosiy sababi – xalqaro terrorizm va ekstremizm xavfining ortib borayotganidir. Shu bois yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish dolzarb masala sifatida kun tartibiga qoʻyilgan.
Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida ilk imzolagan qonun hujjati ham aynan yoshlarga tegishli boʻlib, 2016-yil 14-sentyabrda qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Qonundir. Bu esa yoshlarga oid masalalar mamlakat rahbariyatining doimiy eʼtibor markazida ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Oʻzbekiston aholisining yarmidan koʻprogʻini yoshlar tashkil etadi. Shu bois davlat tomonidan yoshlarga oid siyosat izchil amalga oshirilmoqda. Mamlakatda yoshlarning intellektual va maʼnaviy jihatdan yetuk boʻlib kamol topishi, oʻz mustahkam hayotiy pozitsiyasiga ega boʻlishi, islohotlarga faol hissa qoʻshishi, Vatan taraqqiyoti yoʻlida sadoqat va fidoyilik bilan xizmat qilishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Zero, yosh avlodning bilimli, fidoyi va vatanparvar boʻlib ulgʻayishi – Oʻzbekistonni dunyoning rivojlangan davlatlari qatoridan munosib oʻrin egallashiga xizmat qiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlarga boʻlgan eʼtibori va ularga qaratilgan islohotlari mamlakatimizda yangi avlod yetuk kadrlarini tayyorlashga, ularning hayotini yaxshilashga qaratilgan muhim qadamlardir. Shu munosabat bilan joriy yilning 14-fevral kuni muhtaram Prezidentimiz mamlakatimiz yoshlari bilan muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, yoshlar xalqimiz va Vatanimizning oltin fondidir. Bu fikr nafaqat ramziy maʼno kasb etadi, balki real hayotda ham oʻz aksini topmoqda. Hozirda aholimizning 60 foizini yoshlar tashkil etayotgani shuni koʻrsatadiki, mamlakatimiz kelajagi aynan ularning bilimli, maʼrifatli va mehnatsevar boʻlishiga bogʻliqdir.
Oʻzbek yoshlari dunyoning eng nufuzli universitetlarida taʼlim olishmoqda. Bugungi kunda 1,5 mingdan ziyod talabamiz chet el oliygohlarida tahsil olayotgani Prezident tomonidan eʼtirof etildi. Bu esa taʼlim tizimiga qaratilgan eʼtibor natijasidir.
Soʻnggi yillarda yoshlarning siyosiy jarayonga jalb etilishiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Senat va Qonunchilik palatasida Yoshlar parlamentining tashkil etilishi yoshlarning siyosiy faolligini oshirishga xizmat qilmoqda. Natijada, soʻnggi saylovlarda 250 nafar yosh mahalliy kengashlarga, ikki nafari esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylandi. Bu esa davlat boshqaruvida yoshlarning ishtirok etishiga imkoniyat yaratmoqda.
Mamlakat kun tartibidagi eng muhim masalalardan biri – yoshlar bandligini taʼminlashdir. Har yili mehnat bozoriga 600 mingdan ortiq yoshlar kirib kelayotgan bir paytda, 2030-yilga borib bu koʻrsatkich 1 million nafarga yetishi kutilmoqda. Shu boisdan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash tizimi yoʻlga qoʻyildi. “Yoshlar daftari” orqali minglab yoshlar moliyaviy yordam olishdi, tadbirkorlikni boshlash uchun imkoniyat yaratildi. Ishsizlik darajasi keskin kamayib, yosh tadbirkorlar soni uch barobar oshdi.
Oliy taʼlim tizimidagi islohotlar tufayli universitetlar soni uch barobar oshdi va qamrov 42 foizga yetdi. Ayniqsa, xotin-qizlarning taʼlim olishiga alohida eʼtibor qaratilib, kontrakt pullarining davlat tomonidan qoplanishi natijasida qizlar orasida oliy taʼlimga qiziqish 11 barobar oshdi. Davlat rahbarining “Bitta qizni oʻqitsak, butun oilani oʻqitgan boʻlamiz” degan soʻzlari bu yoʻnalishdagi islohotlarning naqadar muhimligini koʻrsatadi.
Umuman olganda, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan yoshlar siyosati mamlakatimiz kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratmoqda. Yoshlarning taʼlim olishi, bandligi, tadbirkorlik bilan shugʻullanishi, ilm-fan va kreativ sohalarda oʻzini namoyon qilishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bugungi yoshlarga boʻlgan bunday eʼtibor, shubhasiz, kelajakda buyuk yutuqlarga zamin hozirlaydi.
Eldor Shermanov,
Yunus Rajabiy nomidagi OʻzMMSI rektori v.b.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring