Yoshlar – ertamizni hal qiluvchi katta kuch
Bugungi oʻzgarayotgan global dunyoda har bir mamlakat oʻzining siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy barqarorligini taʼminlash uchun avvalo fuqarolarining huquqiy ongi va madaniyatiga tayanadi. Ayniqsa, yosh avlodning huquqiy ongini shakllantirish orqali barqaror, adolatli va demokratik jamiyat qurishning mustahkam poydevorini yaratishga eʼtibor qaratadi. Chunki huquqiy ong — yoshlarning huquqiy tizimga boʻlgan ishonchi, qonunga boʻlgan hurmati, oʻz burchlariga masʼuliyatli munosabati demakdir.
Huquqiy ong — insonning huquq va majburiyatlari, qonunlar, huquqiy munosabatlar haqidagi bilim va tushunchalar majmuasi boʻlib, shaxsning huquqiy faolligini belgilaydi. Ushbu bilimlar asosida shaxsning amaldagi qonunlarga rioya qilishi, huquqiy normalarga asoslangan faol fuqarolik pozitsiyasi, adolat va qonuniylik tamoyillariga sodiqligi namoyon boʻladi. Yoshlar uchun huquqiy ong — shunchaki huquqiy maʼlumot emas, balki hayotda toʻgʻri qaror qabul qilish, qonunbuzarlikdan yiroq turish va jamiyatda oʻz oʻrnini topishdagi asosiy vositadir.
Nega yoshlarda huquqiy ongni shakllantirish muhim? Keyingi paytda yoshlar oʻrtasida koʻplab qonunbuzarlik holatlari kuzatilmoqda. Yoshlar huquqiy bilimlarga ega boʻlmasa, qonunbuzarlik sodir etish ehtimoli yuqori boʻladi. Misol uchun, internetda jinoyatga oid kontentlar, tovlamachilik, feyk xabarlar tarqatish kabi holatlar koʻpincha huquqiy savodsizlik natijasida yuz bermoqda.
Yoshlarda huquqiy ongni shakllantirish usullaridan biri, taʼlim tizimi orqali maktab va oliy oʻquv yurtlarida huquqiy taʼlimni sifatli va zamonaviy usullar bilan yoʻlga qoʻyishdir. Oʻquv maskanlarida “Konstitutsiya asoslari”, “Huquqiy bilimlar” kabi fanlar, amaliy mashgʻulotlar, sud majlislarida qatnashish kabi tajriba olish katta samara bermoqda. Xususan, taʼlim muassasalarida huquqiy ongni shakllantirishda, Qonunchilik mavzusidagi davra suhbatlari, simulyatsiya qilingan sud majlislari, huquqiy kvestlar va viktorinalar, “Qonun va yoshlar” nomli loyihalar, ommaviy axborot vositalari va raqamli media kabi yoshlar orasida internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali huquqiy bilimlarni ommalashtirish yuqori samara bermoqda. Qisqa, sodda, tushunarli formatdagi videoroliklar, infografika va onlayn darslar yoshlarning qiziqishini orttirmoqda.
Inson uchun shubhasiz, oila — birinchi tarbiya maskani. Ota-onalar farzandlariga qonunga hurmatni, adolat va masʼuliyatni oʻrgatishi, oʻzining shaxsiy namunasi orqali ularda huquqiy madaniyatni shakllantiradi. Yangi Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda yoshlar siyosati va huquqiy ongni oshirishga doir qator davlat dasturlari qabul qilindi. “Yoshlar — kelajagimiz” davlat dasturi orqali huquqiy, iqtisodiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash ishlari amalga oshirilmoqda. 2022–2026-yillarga moʻljallangan “Yangi Oʻzbekistonda inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” doirasida aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida huquqiy targʻibotni kuchaytirish koʻzda tutilgan. “Yoshlar daftari” orqali huquqiy koʻmakka muhtoj yoshlar aniqlanib, ularga bepul yuridik maslahatlar, himoya va taʼlim xizmatlari koʻrsatilmoqda. Huquqiy ong va huquqiy madaniyat — jamiyatning intellektual salohiyati, maʼnaviy yuksalishi va siyosiy barqarorligini taʼminlovchi omillardir. Yoshlarda bu fazilatlarni shakllantirish orqali biz nafaqat huquqbuzarlikni kamaytirishga, balki adolatli, faol, huquqiy bilimli fuqarolarni tarbiyalashga erishamiz. Bu esa mamlakatimizning kelajagi – Yangi Oʻzbekistonning poydevori boʻladi.
Tamara Tillayeva,
Yuridik fanlari nomzodi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring