Yoshlar bogʻiga ilk koʻchatlar ekildi
Davlatimiz rahbari poytaxtimizning Sergeli tumanida tashkil etilayotgan Yoshlar bogʻiga koʻchat oʻtqazdi.
Maʼlumki, Prezident tashabbusi bilan 2021-yildan buyon “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Jumladan, ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida Toshkentning “yashil belbogʻi” tashkil etilmoqda. Yoshlar bogʻi shu halqaning muhim boʻgʻini boʻladi.
Davlatimiz rahbariga bogʻ loyihasi haqida axborot berildi. Uning maydoni 75 gektardan ziyod boʻlib, hududi jihatidan poytaxtimizda “Yangi Oʻzbekiston” bogʻidan keyin ikkinchi oʻrinni egallaydi.
Bogʻ yettita katta hududga boʻlinadi. Markaziy xiyobonda turli maydonlar, ming oʻrinli ochiq amfiteatr, milliy va xalqaro gastronomik zonalar barpo etiladi.
Ochiq havoda ovqatlanish va qiziqarli mashgʻulotlar uchun alohida joylar boʻladi. Musiqiy favvoralar, ochiq osmon ostidagi kinoteatr, sanʼat koʻrgazmalari va lazer-shou imkoniyatlari yaratiladi. Bolalar uchun sport va oʻyin maydonlari, mashhur ertaklardagi qishloqlar, ustaxona, kutubxona tashkil etiladi. Sunʼiy koʻl, kanoe va suzish havzasi, baliq ovi dam oluvchilarga huzurbaxsh boʻladi.
19-mart kuni Toshkent shahri jamoatchiligi, davlat tashkilotlari va diplomatik korpus vakillari, yoshlar ishtirokida boqqa koʻchatlar ekildi.
Prezident bogʻ loyihasida qatnashayotgan investor va loyihachilar, chet ellik diplomatlar bilan muloqot qildi.
- Xalqimiz qayerda boʻlsa, daraxt ekishga intilgan. Amir Temur Samarqand atrofida soʻlim bogʻlar barpo etgan, boshqa shaharlarni ham obod qilgan. Buyuk bobolarimizga munosib boʻlib, bu ishlarni qilayapmiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari boqqa kelgan yurtdoshlarimiz bilan suhbatlashib, ularni Navroʻz bilan tabrikladi.
Boqqa birinchi bosqichda ming tupdan ziyod kashtan, eman, sharqiy chinor, qizil kurtak, magnoliya, gujum kabi manzarali daraxtlar hamda buta va gullar ekiladi. Loyiha yakuniga qadar ularning soni 20 ming tupga yetadi.
Yana bir eʼtiborli tomoni, bu bogʻda tabiiylik, oʻrmon shakli, ekzotik manzara hosil qilinadi. Bogʻ foydalanishga topshirilishi bilan 350 tadan ortiq ish oʻrni yaratiladi.Ayni kunlarda ham hududlarda koʻchatlar ekilmoqda. Umuman, yurtimizda 347 gektar maydonda “yashil hudud”, 187 ta vazirlik va hokimlik bogʻlari barpo etilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring