“Yoshlar bilan ishlashda yangi tajribamiz bor”

14:32 19 Iyun 2025 Jamiyat
180 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Bugun qishloq xoʻjaligida ishchilarning aksariyati yoshlar. Dala ishi ogʻir, ammo koʻplari oʻzi fermer sifatida ish boshlayotgani quvonarli. Joriy yilda fargʻonalik ishsiz yoshlarning bandligini taʼminlash maqsadida 1062 ta mahallada “xonadonbay” ish tashkil etilib, xatlov oʻtkazildi. Natijada 1 million 6 ming nafardan ortiq “yoshlar balansi” shakllantirilib, har birining oʻziga xos muammosi, qiziqishi va iqtidoridan kelib chiqib tizimli ishlar amalga oshirildi. Ayni paytda viloyatda 7 ming 300 nafar ishsiz yigit-qizlar aniqlanib, oʻtgan qisqa vaqtda ularning qariyb 2,5 ming nafari doimiy ish oʻrni bilan taʼminlandi.

— Bu borada davlatimiz rahbarining 2024-yil 5-apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini taʼminlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini oʻzlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash boʻyicha yer olish istagini bildirgan 21 ming nafardan ortiq talabgorlar roʻyxati shakllantirildi, — deydi Yoshlar ishlari agentligi Fargʻona viloyati boshqarmasi boshligʻi Bobur Moʻminov. — Shu asosda viloyat boʻyicha 5 ming gektarga yaqin yer maydonlari ishsiz yoshlarga ajratib berildi.

Ijara asosida yer olgan 18 ming nafar ishsiz yoshlarning 6 ming 770 nafari oʻzini oʻzi band qilish orqali, 11 ming 230 nafar yoshlar yuridik shaxs tashkil etmagan holda “Dehqon xoʻjaligi” sifatida roʻyxatdan oʻtkazilib, bandligi taʼminlanishiga erishildi.

— Yoshlar bilan ishlashda yangi tajribamiz bor. Tumanimizdagi har bir mahalla kesimida oʻtkazilgan xatlov natijasida 28 ming nafardan koʻproq yigit-qizlar turli toifalar boʻyicha ajratildi, — deydi Yoshlar ishlari agentligi Yozyovon tuman boʻlimi rahbari Umidjon Dehqonov. — Shu tariqa yer olish istagida boʻlgan ishsiz yoshlar, “Temir”, “Ayollar” daftariga kiritilgan oilalar farzandlari, “Yoshlar”, “Mehr” daftariga kiritilgan, oilasi kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirishdan qaytganlar roʻyxati shakllantirib olindi. Dehqonchilik qilish istagini bildirgan yoshlarga tuman boʻyicha 1 ming 282 nafar yoshlarga 344,6 gektar yer maydoni ajratib berildi. Bugungi kunda bu yer maydonlarida yoshlarimiz “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida ekin ekib, daromad olmoqda.

— Bizga yerni ekishga tayyorlashdan tortib, urugʻ, texnika, mineral oʻgʻit hamda yetishtirilgan mahsulotni sotishgacha boʻlgan barcha jarayonda yordam berilmoqda, — deydi yozyovonlik Dostonbek Rahimov. — Bunday eʼtibor va ragʻbatdan foydalanib, poliz mahsulotlarini yetishtirdim. Hozirgi kunda qovun va tarvuzni ichki bozorga yetkazib bermoqdamiz. Daromadi chakki emas.

Qoʻshtepa tumanining “Garmdon” MFYda yashovchi Rasuljon Tohirovning uch nafar oʻgʻli bor. Ammo farzandlarining muqim ish joyi, doimiy daromad manbai yoʻq edi. Shu sababli ular bir muddat xorijda ishlab keldi. Mahalla yoshlar yetakchisi Qosimjon Yoqubovning tavsiyasi asosida ushbu oiladagi ishsiz yoshlar uchun bir gektardan ortiq yer ajratildi.

Oila aʼzolari erta bahordan 14 ming tup tarvuz koʻchatlarini parvarishlab, ayni paytda hosilni dala boʻyidagi katta avtomagistral yoqasida tashkil etilgan bozorchada sotishmoqda. Shu tariqa 50 tonna atrofida tarvuz uzib olishni maqsad qilishgan.

— Farzandlarimga oʻz mahallamizda yuqori daromadli ish topilganidan xursandman, — deydi Rasuljon aka. — Endilikda faoliyatimiz koʻlamini kengaytirdik. Mahallada xizmat koʻrsatish shoxobchasini tashkil etish harakatidamiz.

Mazkur mahalladagi 33 nafar ishsiz yoshlar aniqlanib, ularga turli yoʻnalishlarda imtiyozli kreditlar ajratilib yer berildi. Hozirgi kunda garmdonlik yoshlar tadbirkorlik, dehqonchilik, bogʻ yaratish yumushlari bilan mashgʻul.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?