Yosh olimning kitob taqdimoti oʻtkazildi

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro viloyat axborot kutubxona markazida olim va tadqiqotchilar, nodavlat tashkilotlari faollari hamda ommaviy axborot axborot vositalari xodimlari ishtirokida tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Shavkatjon Bobojonovning kitob taqdimoti oʻtkazildi.
— Xalqimizning boy tarixi, madaniyati, oʻziga xos urf-odatlari xorijiy sayyohlarning katta qiziqishiga sabab boʻlmoqda, — deydi Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi boʻlim boshligʻi Oʻktamali Ravshanov. — Vohaning qadimiy qadamjolarini ziyorat qilish istagida kelayotganlar oqimi ham yil sayin koʻpaymoqda. Bu barchamizning zimmamizga yurtimiz tarixini yanada chuqur oʻrganish, ilmiy asoslangan kitoblar yozish, yosh avlodni oʻzligini anglashga daʼvat etishga undaydi. Koʻhna shaharda tugʻilib oʻsgan, ayni damda Toshkent davlat pedagogika universitetida faoliyat koʻrsatayotgan Shavkatjon Bobojonovning “Buxoroda hukmdorlarni dafn etish anʼanasi” hamda “Buxoro vohasida ziyorat turizmining shakllanishi va rivojlanish xususiyatlari” kitoblari shu nuqtayi nazardan alohida ahamiyatga ega.
Darhaqiqat, Buxoro ziyorat turizmi boʻyicha juda katta salohiyatga ega. Shuni eʼtiborga olib, davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan Yetti pir ziyoratgohlari toʻliq qayta rekonstruksiya va restavratsiya qilindi. Ziyorat amallarini bajarish uchun barcha sharoitlar yaratildi. Ularda zamonaviy mehmonxonalar ishga tushdi. Buning hisobiga ziyoratchilar oqimi 5-6 baravarga koʻpaydi. Olimlarning tariqat pirlari ilgari surgan umumbashariy gʻoyalar mazmun-mohiyatini ochib berishga qaratilgan asarlar bilan bu soha ravnaqiga hissa qoʻshayotganlari ayni muddao.
Tadbirda muallif ushbu asarlarning yaratilish jarayoni, tariximizning ochilmagan qirralari haqida soʻzlab berdi. Oʻz navbatida Sh. Bobojonovning ustoz va hamkasblari tarixiy jarayonlar mahalliy manbalar, ilmiy adabiyotlar va arxiv materiallari asosida yoritilgan bu kitoblar keng kitobxonlar ommasiga moʻljallangani, uzoq izlanishlar mahsuli ekanini taʼkidlab, yosh olimning ijodiy ishlariga muvaffaqiyat tiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring