«YOSH KITOBXON» — bu yilgi bahslar qanday kechdi?

02:11 28 Fevral 2023 Madaniyat
492 0

Foto: «Xalq soʻzi»

20-28-fevral kunlari poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida millionlab yoshlarning sevimli musobaqasiga aylanib ulgurgan “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichi boʻlib oʻtdi.

Tanlov yakunida hududiy bosqich gʻoliblari 5 ta shart asosida kurash olib borishdi. “Badiiy asarlar bilimdoni”, “Tezkor savol-javob”, “Buyuk mutafakkir va adib”, “Sheʼriyat” va “Insho yozish” shartlari boʻyicha ishtirokchilarning bilimi sinovdan oʻtkazildi.

— Bu yilgi bahslarda ishtirok etgan yoshlarimizning shijoati, gʻayrati alohida tahsinga sazovor, — dedi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev. — Ularning koʻzidagi ishonch, yuragidagi olgʻa intilishni koʻrib beixtiyor oʻzing ham tanlovga qoʻshilib ketging keladi. Koshki men ham shu tanlovda ishtirok eta olsam, degan oʻy kechadi xayolingdan. Yoshlarimiz haqiqatda kitobni yaxshi koʻrishadi, eng asosiysi buni qandaydir manfaat uchun qilishmaydi. Kitobxon yoshlar ichidan kelajakda yurtimiz gullab-yashnashi, vatanimiz ravnaqi yoʻlida fidokorlik bilan mehnat qiladigan insonlar yetishib chiqishiga ishonchim komil.

Darhaqiqat, bahs-munozaraga boy oʻtgan bellashuvlarda kitobsevar oʻgʻil-qizlarning bilimga chanqoqligi, tirishqoqligi, kitoblar bilan haqiqatda yaqin doʻst ekani sezilib turdi.

Yakuniy natijalarga koʻra, 10-14 yosh toifasida Navoiy viloyatidan Aziza Ibrohimova, 15-19 yosh toifasida Samarqand viloyatidan Marhabo Maxkamtosheva, 20-30 yosh toifasida Namangan viloyatidan Zamira Abdullayeva birinchi oʻrinni egallab, Prezident sovgʻasi — “Spark” avtomobili sohibi boʻlishdi.

— Kitob oʻqish eng sevimli mashgʻulotlarimdan biri boʻlgan har doim, — dedi tanlov gʻolibi, namanganlik Zamira Abdullayeva. — Badiiy asarlar, ayniqsa sheʼru hikoyalar mutolaasi menga oʻzgacha zavq bagʻishlaydi. Har kun ozgina boʻlsada kitob oʻqimasam uxlay olmayman. Kimlardir tanlovga alohida tayyorgarlik koʻrishi tabiiy, toʻgʻri, lekin men ayta olamanki, kitob oʻqishni kunlik odatiga aylantirgan odamga buning keragi yoʻq. Bu gapim bilan tayyorgarlik koʻrmadim demoqchimasman. Demoqchi boʻlganim, bu gʻoliblikni menga alohida tayyorgarlik emas, kitobga, mutolaaga boʻlgan mehru muhabbatim olib berdi.

Tanlovning qolgan oʻrin sohiblari va ishtirokchilari ham pul mukofotlari hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanishdi.

Rahmatjon BOBOJONOV, «Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?