Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi

22:08 11 Avgust 2025 Siyosat
328 0

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-avgust kuni yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Avvallari biznesga yuqori maʼmuriy bosim va aralashuv boʻlgani uchun koʻpchilik oshkora ishlashdan xavfsirar edi. Soʻnggi yillarda soliq yukini kamaytirish, byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish boʻyicha koʻp ish qilindi. Soliq turlari 13 tadan 9 taga kamaydi, 100 dan ortiq turdagi litsenziya va ruxsatnoma bekor boʻldi.

Bularning natijasida, kuzatilmayotgan iqtisodiyot ulushi 2019-yildagi 45-50 foizdan hozirda 35 foizga tushdi. Lekin hali buni yanada kamaytirish zarur.

Taqdimotda shu boradagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Mutasaddilar yashirin iqtisodiyotga sabab boʻlayotgan omillar va ularni bartaraf etish choralari boʻyicha axborot berdi.

Bunda eng samarali yoʻl ilgʻor texnologiyalar asosida yangicha yondashuvlarni joriy qilish ekani taʼkidlandi. Masalan, Toshkent shahrida jamoat transporti toʻliq avtomatlashgan toʻlovga oʻtkazilgani natijasida, aslida, yoʻlovchilar soni 30 foizga koʻp ekani koʻringan. Yoki raqamlashtirilgan dehqon va buyum bozorlarida tushum 2-3 karra oshayapti.

Shunday tizimni qishloq xoʻjaligi, qurilish, transport, savdo va xizmatlar kabi yashirin iqtisodiyot ulushi yuqori boʻlgan sohalarda ham joriy qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Litsenziya va ruxsatnoma berish jarayonlari hamda muddatlarini qayta koʻrib chiqib, inson omilini keskin qisqartirish va barcha qadamlarni toʻliq raqamlashtirish vazifasi qoʻyildi. Tadbirkorlar koʻp duch keladigan soliq, bank, bojxona, kommunal, sertifikatlash kabi sohalarda korrupsiyaga yoʻl ochayotgan omillarga chek qoʻyish zarurligi aytildi.

Elektron toʻlovlar rivojlangani odamlarga keng qulaylik yaratmoqda. Bu yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda ham maqbul vosita. Buning uchun naqdsiz hisob-kitoblarni ragʻbatlantirish, toʻlov tizimi operatorlarini koʻpaytirish muhimligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari faqat nazoratni kuchaytirish bilan yashirin iqtisodiyotni jilovlab boʻlmasligini, aholi va tadbirkorlarning soliq madaniyatini oshirib, toʻgʻri ishlaganlarni ragʻbatlantirish yoʻlidan borish kerakligini taʼkidladi.

Har bir soha boʻyicha alohida yondashuv qilib, tadbirkorlarga ochiq va qonuniy ishlashni manfaatli qilish vazifasi qoʻyildi. Shundan kelib chiqib, soliq maʼmurchiligini takomillashtirish va raqamlashtirish, biznesga qoʻshimcha yengilliklar berish, mehnat munosabatlarini yaxshilash boʻyicha topshiriqlar berildi.

Oʻz navbatida, soliq madaniyati butun jamiyat ishiga aylanishi zarur. Xalqimiz hamisha qadrlagan halollik fazilati pirovard natijada barcha sohalarda fayz-u baraka va farovonlik olib keladi. Bu gʻoyalarni aholi orasida targʻib qilib, keng qaror toptirish muhimligi qayd etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?