Yashil vodorod loyihasi roʻyobga chiqarildi

11:23 03 Iyul 2024 Jamiyat
186 0

Temur ESHBOYEV“Xalq soʻzi”. Karmana tumanidagi Farhod mahallasining 1 ming 300 metr kvadratlik hududida Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan 1 milliard 395 million soʻmga moliyalashtirilgan teskari osmos texnologiyasi asosida suv filtrlarini ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi. Ushbu quyosh energiyasi orqali suvni molekulyar darajada tozalaydigan “Innovation water filters” innovatsion suv filtrlari ishlab chiqarish loyihasi tufayli 11ta yangi ishchi oʻrni yaratildi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti talabiga koʻra, erkak kishi uchun kunlik ichimlik suviga boʻlgan talab 3,7 litr, ayol kishi uchun 2,7 litr, yosh bolalar uchun esa oʻrtacha 1,8 litr etib belgilangan. 500 litr quvvatga ega boʻlgan ushbu suv filtri bir kunda 18 soat ishlagan holda 900 ta xoʻjalikni kunlik ichimlik suvi bilan taʼminlaydi.

Bundan tashqari, tomchilab sugʻorish tizimi oʻrnatilgan issiqxona xoʻjaliklarida 1 gektar maydonni sugʻorish uchun soatiga 2 ming litr toza suv ishlab chiqaradigan teskari osmos texnologiyasi asosida suv filtri kerak boʻladi. Teskari osmos texnologiyali suv filtrlaridan issiqxona xoʻjaliklarida foydalanishning samarasi hosildorlikni 30-35 foizga oshirib, vegetatsiya davrini 20-30 foizga qisqartiradi. Tuproqning shoʻrlanishi va eroziyaga uchrashi, mineral oʻgʻitlar sarfi 4-5 baravarga kamayishini taʼminlaydi.

— Asosiy maqsad teskari osmos texnologiyasi asosida suv filtrlarini Navoiy viloyati hududida ishlab chiqarishni tashkil etishdan iborat, — deydi loyiha rahbari Sohib Jumayev. — Vazirlik tomonidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan xorijda ishlab chiqarilgan zamonaviy asbob-uskunalar va ehtiyot qismlar xarid qildik. Hozirda jamiyatda soatiga 250 litrdan 100 ming litrgacha toza suv ishlab chiqarish quvvatiga ega teskari osmos texnologiyasi asosida suv filtrlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Bir oyda 48-50 tagacha suv tozalovchi uskuna ishlab chiqariladi. Korxona tomonidan texnik xizmat koʻrsatish tashkil qilindi. Buyurtmachi tashkilotlar, issiqxonalarga suv filtrlari oʻrnatish bilan birga, ularga texnik xizmat ham koʻrsatiladi. Kelajakda respublikamizning barcha hududlarida suv filtrlariga xizmat koʻrsatuvchi servis markazlari ochish, yirik tashkilotlar bilan suv filtrlari sohasida hamkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish niyatimiz bor.

2022—2024-yillar mobaynida “Innovation water filters” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan umumiy maydoni 75 gektar boʻlgan jami 30 dan ortiq issiqxona xoʻjaliklariga teskari osmos suv filtrlari oʻrnatib berildi. Oʻrnatilgan suv filtrlarining umumiy quvvati 150 kub metr soatni tashkil etadi. Shuningdek, ushbu davrda buyurtmachilarga quvvati 500 litrdan 10 ming litrgacha boʻlgan 260 dona suv filtri yetkazib berildi.

Shuningdek, “Har bir oila tadbirkor” loyihasi doirasida ajratilgan kredit mablagʻlari evaziga yakka tadbirkorlik subyektlariga teskari osmos texnologiyasi asosidagi suv filtrlari yetkazib berilib, 128 ta oilada tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish imkoniyati yaratildi. Bunday suv filtrlari maishiy xoʻjalik va ichimlik suvini tozalashga moʻljallangan. Yaʼni, yer ostidagi hamda shoʻr suvni tozalaydi. Bu toza ichimlik suviga boʻlgan ehtiyojni qanoatlantiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?