“Yashil makon”: koʻchatchilikda Quva tajribasi ommalashib bormoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
Quva tumani dehqonchilik, bogʻdorchilik, koʻchatchilik va gulchilik sohasida nafaqat Fargʻona vodiysi, balki butun mamlakatimiz miqyosida tanilgan. Bu sohaga qaratilgan eʼtibor va ragʻbat tufayli keyingi yillarda quvalik mirishkorlar ushbu yoʻnalishda MDH davlatlari, hatto Yevropa mamlakatlariga yiliga oʻn millionlab mevali va manzarali, noyob gullar koʻchatlarini eksport qilishga muvaffaq boʻlmoqdalar.
Ayni paytda koʻchatchilik va gulchilik tumanning oʻndan ortiq mahallalari drayveri sifatida belgilangan boʻlib, ushbu soha hududlar obodligini taʼminlash va aholi farovonligini yuksaltirishda muhim omil boʻlib xizmat qilayotir. Hozirda tumandagi koʻchatchilik, gulchilik kooperatsiyalari va klasterlarida hayotiy tajribalar ilmiy hamda jahon andozalari asosida jadal rivojlantirilib, quvonarli yutuqlarga erishilyapti.

Kuni kecha Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ishtirokida Quva tumanidagi 51–umumtaʼlim maktabida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kuzgi daraxt ekish mavsumi yumushlariga bagʻishlangan viloyat seminari tashkil etildi.
Mahalliy hokimliklar, taʼlim muassasalari masʼullari qatnashgan amaliy seminarda shahar–tumanlar taʼlim muassasalarida kuzgi daraxt ekish mavsumini namunali oʻtkazish boʻyicha muhim vazifalar belgilab olindi.
—“Yashil makon” loyihasini taʼlim muassasalarida uyushqoqlik bilan oʻtkazish kelajagimiz vorislarida bolalikdan tabiatga mehr uygʻotadi,—dedi Xayrullo Bozorov. —Shu bilan birga, yashil hududlarni koʻpaytirish, ekologik muhitni yaxshilashga xizmat qiladi. Ayni jihatlarni inobatga olib, mazkur yumushni har bir taʼlim muassasasida namunali tashkil etish muhimdir.

Taʼkidlash joiz, amaliy seminar boʻlib oʻtgan 51–umumtaʼlim maktabida ikki gektardan ziyod hudud koʻkalamzorlashtirilgan. Bilim dargohi hovlisi manzarali daraxtlar hamda anvoyi gullar bilan bezangan. Bu yilgi kuzgi daraxt ekish mavsumida 17 ming tupdan ziyod noyob manzarali daraxtlar qalamchalari ekildi.
Eʼtiborlisi, taʼlim dargohida koʻchatlar va gullar qalamchalari tayyorlab sotish ham yoʻlga qoʻyilgan. Bu borada har yili maktab byudjetiga oʻrtacha 150 million soʻmdan koʻproq daromad foyda keladi hamda mazkur mablagʻ obodonlashtirish, faol oʻqituvchi va aʼlochi oʻquvchilarni ragʻbatlantirishga yoʻnaltiriladi.
Yuzma–yuz muloqotda viloyat hokimi ushbu yoʻnalishda Quva tumani tajribasi barcha shahar–tumanlar mutasaddilariga ibrat va namuna boʻlishi zarurligini taʼkidladi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring