Yapon “samurayi” nihoyat hamyurtimiz bilan jang qilishga rozi boʻldi

15:36 07 Mart 2025 Sport
170 0

Yaponiyalik mutlaq chempion Naoya Inouening navbatdagi ikki jangi rasman tasdiqlandi. “The Ring” nashrining xabariga koʻra, Inouening promouterlari amerikalik Ramon Kardenas va oʻzbekistonlik Murodjon Ahmadaliyev bilan jang oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishgan.

Tomonlarning roziligiga qaramasdan, ushbu jang sodir boʻlishi bir shartning bajarilishiga bogʻliq. Ushbu kelishuvga binoan, Inoue avval 4-may kuni Las-Vegasda Kardenas bilan ringga chiqadi. Agar ushbu jangda gʻalaba qozonsa, 14-sentyabr kuni Tokioda Ahmadaliyevga qarshi jang qiladi.

Murodjon Ahmadaliyev ayni paytda WBA vaqtinchalik chempionlik kamariga ega va uzoq vaqtdan beri Inoue bilan jang qilishni talab qilib kelmoqda. Agar yapon “samurayi” hamyurtimizga qarshi ringga chiqishdan bosh tortganda, WBA tashkiloti undan chempionlik kamarini olib qoʻyishi mumkin edi. Aynan shu sababli Ahmadaliyevning promouteri Eddi Xirn va menejeri Vadim Kornilov Inouening jamoasi bilan muzokaralar olib borib, jang tashkil etilishiga erishdi.

Ahmadaliyev bu jangni uzoq kutganini va Inouening undan qochayotganini bir necha bor taʼkidlagan, biroq “The Monster” laqabli yaponiyalik chempion bu daʼvolarni rad etib kelayotgandi.

Agar Naoya Inoue Ahmadaliyevni magʻlub etsa, u dekabr oyida Saudiya Arabistonidagi “Riyadh Season” musobaqasida navbatdagi jangini oʻtkazishi rejalashtirilgan. Ahmadaliyev esa ushbu imkoniyatdan foydalanib, divizionning mutlaq chempioni boʻlishni maqsad qilgan. Hamyurtimiz uchun bu jang unutilmas fursat boʻlishi mumkin, chunki u Inoueni magʻlub etish orqali butun dunyo eʼtiborini oʻziga qaratishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?