Yangi tashkil etilgan Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasiga rais saylandi

21:45 25 May 2021 Sport
2837 0

Bugun poytaxtimizdagi Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasida tashkilotning Bosh Assambleya yigʻilishi boʻlib oʻtdi. 

Onlayn tarzda oʻtgan anjumanda Bosh vazir oʻrinbosari, Turizm va sport vaziri A. Abduhakimov, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi raisi R. Shoabdurahmonov, Paralimpiya qoʻmitasi rahbariyati, xodimlari, murabbiy va sportchilari, qoʻmitaning viloyat boʻlimlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Xabaringiz bor, joriy yilning 18-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorni imzolagan edi. Hujjatga koʻra, Oʻzbekistonda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarga sport bilan shugʻullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishlarini taʼminlash va davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash koʻzda tutilgan.

Assambleya kun tartibiga 3 ta masala kiritildi. Unga koʻra, Milliy paralimpiya qoʻmitasini tashkil etish, uning Ustavini tasdiqlash va qoʻmitasi rahbariyatini saylash masalalari koʻrib chiqildi.

Dastlab Turizm va sport vaziri A.Abduhakimov soʻzga chiqib, paralimpiyachilarimizning Rio-2016da qoʻlga kiritgan yutuqlarini eʼtirof etib, qaror Tokio Paralimpiadasi arafasida oʻz vaqtida qabul qilinganini, jismoniy imkoniyati cheklanganlar va nogironligi boʻlgan shaxslarga davlat miqyosidagi yuksak ahamiyat qaratilayotganini, aholini sogʻlomlashtirishga qaratilgan “Sport hamma uchun” loyihasi yana-da keng koʻlam kasb etayotganini taʼkidladi.

Shundan soʻng, delegatlar ishtirokida Assambleyaning asosiy masalalari koʻrib chiqildi. Anjumanni olib borgan Oʻzbekiston Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi raisi oʻrinbosari Sh. Moʻminjonov mamlakatimizda Paralimpiya harakati yangi bosqichga koʻtarilayotgani, bu borada qarorda belgilab qoʻyilgan bir qator ishlarni amalga oshirilish lozimligi haqida gapirib oʻtdi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan qoʻmita ustavi delegatlar tomonidan bir qator tuzatish va takliflar kiritilgan holda toʻldiriladigan boʻldi. Ayni paytgacha ishlab chiqilgan ustav asos sifatida bir ovozdan qabul qilindi.

Qoʻmita rahbarligiga shu paytgacha Oʻzbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi raisi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan M.Tashxadjayev nomzodi koʻrsatildi. Uning rahbarligida assotsiatsiyada oʻtgan ikki yil davomida koʻplab sport natijalariga erishilgani alohida taʼkidlandi. Jumladan, Tokio Olimpiadasiga yoʻllanmani qoʻlga kiritgan para yengil atletika boʻyicha terma jamoa aʼzosi Muhammad Rixsimov, para kanoechi Shahnoza Mirzayeva va para taekvondochi Zuhriddin Tohirovlar soʻzga chiqib, nomzodga oʻz munosabatlarini bildirib oʻtishdi. Qoʻmita raisligiga koʻrsatilgan nomzod bir ovozdan maʼqullandi.

Maʼlumot oʻrnida shuni aytib oʻtish lozimki, ayni damda 29 nafar oʻzbekistonlik paralimpiyachi Tokio yozgi Paralimpiya oʻyinlari yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Shulardan 15 nafari para yengil atletikachi, 7 nafari para suzuvchi, 3 nafari para kanoe ustasi,  3 nafari para taekvondochi, 1 nafari oʻq otuvchi hisoblanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?