Yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga SHARH

Eʼtiqodlar xilma-xil boʻlgan va koʻp millatli jamiyatda bagʻrikenglik, hamjihatlik va oʻzaro totuvlik muhiti, insonparvarlik va mehr-oqibat tuygʻularini shakllantirish hamda mustahkamlash ijtimoiy hayot farovonligiga erishishning asosiy garovidir.
Din shaxsiy dunyoqarash va amal boʻlib, qonun uni toʻliq kafolatlaydi, har bir shaxsni diniy hissiyotlari kamsitilishidan himoyalaydi.
Oʻzbekiston qadimdan turli millat va elat hamda konfessiya vakillari oʻzaro tinch-totuv yashab, oʻz diniy ibodat va rasm-rusumlarini emin-erkin bajarib kelgan bagʻrikeng diyor sifatida qadrlanadi. Mamlakatimizning ushbu yoʻnalishda olib borayotgan izchil siyosati xalqimiz va jahon hamjamiyati tomonidan haqli ravishda eʼtirof etilmoqda.
Yurtimizda vijdon erkinligini taʼminlash har doim ustuvor vazifalardan biri boʻlib kelgan. Shu bois parlamentimiz tomonidan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonun yangi tahrirda ishlab chiqildi va qabul qilindi.
Ushbu maqsadda Qonun vijdon erkinligi meʼyorlarini aniq koʻrsatib, fuqarolarning xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmasligini taʼminlaydi. Shuningdek, har qanday dinga zoʻravonlik bilan kiritishni taqiqlaydi.
Demokratik davlatlar qatorida, qonun ustuvorligi tamoyilidan kelib chiqib, Oʻzbekistonda ham dinning siyosatga aralashishi hamda dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga yoʻl qoʻyilmasligi Qonunda aniq koʻrsatildi.
Qonunni tayyorlashda bu boradagi xalqaro meʼyor va talablar, birinchi navbatda, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt hamda BMTning Inson huquqlari boʻyicha qoʻmitasining umumiy tartibdagi sharhlari puxta oʻrganilib, ulardagi asosiy qoida va tamoyillar inobatga olindi.
Yurtimizda tarixan shakllangan anʼana, urf-odat va qadriyatlarni hisobga olgan holda, Qonunda hamkorlarimiz — Yevropa Kengashining Venetsiya komissiyasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar ekspertlari tomonidan berilgan tavsiyalar oʻz aksini topdi.
Qonundagi prinsipial yangiliklar haqida gapirganda, ular diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning izchil davomi sifatida, avvalo, har bir insonning vijdon erkinligini taʼminlash uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga, huquqni qoʻllash amaliyotiga aniqliklar kiritishga alohida eʼtibor qaratilganini qayd etish lozim.
Bu yangiliklar, ayniqsa, quyidagi masalalarda yaqqol namoyon boʻladi.
Birinchidan, Qonun asosida diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish va tugatish bilan bogʻliq tartib soddalashtirilib, bu borada muhim yengilliklar joriy etilmoqda.
Xususan, mahalliy diniy tashkilotlar, jumladan, masjidlar va boshqa konfessiyalarning ibodatxonalarini tashkil etish boʻyicha tashabbuskor fuqarolar soni ikki barobar kamaytirilib, 50 nafardan kam boʻlmagan etib belgilandi. Shuningdek, diniy tashkilotning markaziy boshqaruv organi va diniy taʼlim muassasalarini tuzish uchun ham 100 nafar tashabbuskor boʻlishi haqidagi talab bekor qilindi.
Diniy tashkilotni davlat roʻyxatidan oʻtkazish bilan bogʻliq xizmatlar toʻliq elektron shaklda, inson omilisiz amalga oshirilishi joriy etildi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi adliya idoralariga taqdim etiladigan hujjatlar soni keskin qisqardi, ularni koʻrib chiqishning muddati esa 3 barobarga kamaydi, yaʼni 3 oydan 1 oyga tushirildi.
Bu bilan diniy tashkilot tuzish tashabbuskorlariga qulay, tez va sifatli xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratildi, ortiqcha byurokratik toʻsiqlar bartaraf etildi.
Diniy tashkilotni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish asoslari Qonun bilan belgilanib, unda koʻrsatilmagan asoslarga koʻra rad etishga yoʻl qoʻyilmasligi taʼminlandi.
Shu bilan birga, diniy tashkilotning faoliyatini toʻxtatib qoʻyish va tugatish faqatgina sud orqali boʻlishi, roʻyxatdan oʻtkazadigan va boshqa davlat organlari bunga haqli emasligi, mansabdor shaxslarning muayyan diniy tashkilot qonuniy manfaatlarini buzuvchi xatti-harakatlari ustidan sudga murojaat qilinganda, diniy tashkilot davlat bojini toʻlashdan ozod etilishi kabi qoʻshimcha kafolatlar nazarda tutildi. Bu ham ilgari tariximizda boʻlmagan mexanizmlardir.
Ikkinchidan, diniy taʼlimning professional maqomi rasman eʼtirof etildi, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining, dinga boʻlgan munosabatidan qatʼi nazar, dunyoviy taʼlim olish huquqi taʼminlanishi qayd etildi.
Har qanday shaxsning “oʻzicha” aholiga diniy taʼlim berishi noanʼanaviy aqidalarning tarqalishiga, mutaxassis boʻlmagan shaxslar tomonidan sof diniy masalalar boʻyicha biryoqlama tushunchalar berilishiga olib keladi.
Bu esa jamiyatda diniy masalalar bilan bogʻliq ixtiloflar kelib chiqishiga, aholining yot gʻoya va qarashlar taʼsiriga tushishiga sabab boʻladi. Shu maqsadda, diniy taʼlim muassasasidan tashqarida diniy taʼlim berish noqonuniy faoliyat sifatida belgilandi.
Uchinchidan, amaldagi qonunchilik hujjatlarida “ibodat libosi” tushunchasining huquqiy taʼrifi mavjud emasligi sababli jamoat joylarida ibodat libosida yurishga taqiq Qonundan chiqarib tashlandi.
Shu bilan birga, amaldagi boshqa qonunchilik hujjatlariga asosan, davlat tashkilotlari va muassasalarida xodimlarning kiyinishiga oid talablar ularning ichki hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Toʻrtinchidan, diniy tashkilotni tuzish uchun talab etib kelingan mahalla fuqarolar yigʻinlari roziligini olish tartibi bekor qilindi. Diniy tashkilot tuzish tashabbuskorlari ortiqcha xat-hujjatlarni yigʻishdan xalos boʻldilar.
Beshinchidan, bugungi kunda dunyoning koʻpgina mintaqalarida notinch vaziyat hukm surayotgani tufayli diniy omildan gʻarazli maqsadlarda foydalanish kuchayib borayotganini inobatga olib, Oʻzbekiston hududida buzgʻunchi gʻoyalarning tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik uchun diniy mazmundagi bosma, audio va video mahsulotlarni ekspertizadan oʻtkazish dolzarb boʻlib qolmoqda.
Qonunda jamiyatda turli yot qarashlarni targʻib qilayotgan guruhlarning faoliyati, ular tomonidan tarqatilayotgan buzgʻunchi gʻoyalarning salbiy taʼsiridan aholini himoya qilish maqsadida diniy mazmundagi materiallarni dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasini olgandan keyin tayyorlash, olib kirish va tarqatish belgilab qoʻyildi.
Bundan tashqari, davlat idoralari tomonidan qonun normalari noxolis talqin qilinishi va turlicha qoʻllanishining oldini olish maqsadida atama va tushunchalarga taʼriflar keltirildi, ular aniq va ravshan tarzda bayon etildi.
Negaki, qonun atamalarining notoʻgʻri talqin qilinishi natijasida turli tushunmovchiliklar, masalaga noxolis yondashuv holatlari vujudga kelishi mumkin. Shu kabi omillardan kelib chiqib, Qonunda har bir insonning Konstitutsiyamiz bilan kafolatlangan huquqlariga mos ravishda, fuqarolarga diniy qarashlarni majburan singdirishga yoʻl qoʻyilmasligi qatʼiy belgilandi.
Ushbu qoʻshimchalar jamiyatda turli konfessiyalar oʻrtasida oʻzaro doʻstlik va hamjihatlik aloqalarini yana-da mustahkamlashga, yuz berishi mumkin boʻlgan turli tushunmovchiliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Diniy qarash va taʼlimotlarning turlicha talqin qilinishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida “noqonuniy diniy faoliyat” bilan “qonuniy diniy faoliyat” oʻrtasidagi chegara aniq belgilab qoʻyildi hamda “diniy taʼlim” tushunchasiga huquqiy jihatdan aniqlik kiritildi.
Shuningdek, Qonun bilan belgilab qoʻyilayotgan vijdon erkinligini taʼminlash sohasidagi asosiy ustuvorliklar konfessiyalar oʻrtasida tinchlik va totuvlikni taʼminlash, dunyoviy davlatchilik tamoyilini kafolatlash, shuningdek, aholi ongi va qalbiga yot gʻoyalarning singdirilishiga qarshi maʼrifat yoʻli bilan kurashishni nazarda tutadi.
Shu oʻrinda yana bir bor taʼkidlaymiz, Oʻzbekiston — koʻp konfessiyali mamlakat. Unda istiqomat qiladigan 130 dan ortiq millat va elat vakillari 16 konfessiyaga amal qiladi. Ularning oʻzaro tinch, totuv va hamkor faoliyat koʻrsatishi Vatanimiz ravnaqi, yurtimiz tinchligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Qonunda fuqarolarning huquqlarini roʻyobga chiqarish va jamiyatda tinch-totuvlikni taʼminlashga, fuqarolarning munosib hayot kechirishiga shart-sharoit yaratishga davlatning kafil ekani qayd etildi.
Mazkur Qonun diniy bagʻrikenglik va konfessiyalararo hamjihatlikni mustahkamlashga, dinning asl mohiyatini anglashga, buzgʻunchi gʻoyalarga qarshi immunitet hosil qilishga, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlashga munosib hissa qoʻshadi.
Umuman olganda, ushbu Qonun inson huquqlari boʻyicha xalqaro standartlar bilan kafolatlangan, diniy sohada umumeʼtirof etilgan huquq va erkinliklar, yurtimizdagi hozirgi diniy vaziyatning oʻziga xos xususiyatlari va bevosita Oʻzbekistonda dinlararo munosabatlar shakllanishining tarixiy sharoitlarini oʻz ichiga olgani bilan ahamiyatlidir.
Qonun turli dinlarga eʼtiqod qiluvchi mamlakatimiz fuqarolari oʻrtasidagi oʻzaro doʻstlik va hamjihatlikka asoslangan munosabatlarini saqlab qolish va yana-da mustahkamlash, ularning diniy eʼtiqod bilan bogʻliq qadriyatlari, urf-odat va anʼanalari hurmat qilinishi hamda toʻliq taʼminlanishini kafolatlaydi.
Bu esa, hech shubhasiz, yangi Oʻzbekistonni barpo etish va uni dunyoga tarannum qilishning eng muhim sharti va garovidir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Kadastr pasportlarini berish muddatlari oʻzgartirildi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- “Gʻalaba bogʻi”da mudofaa innovatsion texnologiyalari festivali oʻtkazildi—Fotoreportaj
- Prezident Makkada boʻlib turgan muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefonlashdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring