Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi nega olti oydan keyin kuchga kiradi?
Foto: Xalq so‘zi
Navoiy shahrida Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasining qoʻshma ish rejasiga muvofiq “Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Qonunning mazmun-mohiyatini tushuntirishga bagʻishlangan seminar boʻlib oʻtdi. Unda viloyatdan saylangan senatorlar hamda Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlari deputatlari, yirik korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirni Oliy Majlisi Senati aʼzosi Q. Tursunov kirish soʻzi bilan ochib, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksini yangi tahrirda qabul qilish zarurati bilan bogʻliq jihatlarga eʼtibor qaratdi. Xususan, 1995-yilda qabul qilingan amaldagi Mehnat kodeksi bugungi kun talablariga mos kelmasligi va xususiy tadbirkorlik rivojlanishi jarayonida ish beruvchining masʼuliyati, fuqarolarni mehnat faoliyatiga jalb qilishning yangi shakllari faol rivojlanishi bilan bogʻliq masalalar aks etmagani, ish beruvchilarga qoʻshimcha ishchilarni mehnatga jalb qilishning sodda shakllarini tanlashga imkon beradigan yetarli shart-sharoitlar yaratmasligi taʼkidlandi.
— Yangi kodeks orqali mamlakatimizda Xalqaro mehnat tashkilotining bir qator talab va belgilagan meʼyorlari asosida mehnat munosabatlarida ish beruvchi va xodimlarning huquqlarini tartibga solishga erishildi, — dedi Qonunchilik palatasi deputati Aqshagul Tuleganova. — Shu asosda ishlab chiqilgan Kodeks mehnat huquqining ayrim institutlariga bagʻishlangan va bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, mehnat nizolarini koʻrib chiqish kabi yangi normalarni oʻz ichiga olgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Oʻktam Islamov yangi tahrirdagi Mehnat kodeksini ishlab chiqishda xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar, jumladan, Germaniya, Shvetsiya, Norvegiya, Buyuk Britaniya, Latviya, Estoniya, Yaponiya, Janubiy Koreya hamda MDH davlatlari tajribasi chuqur oʻrganilib, bozor iqtisodiyoti talablarini hisobga olgan holda xodimlar va ish beruvchilar manfaatlari muvozanatini taʼminlash, shuningdek, xalqaro huquq normalari, shu jumladan, Oʻzbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalarga moslashtirilganini qayd etdi.
— Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi nega rasmiy eʼlon qilingan kundan olti oy oʻtgach, kuchga kiradi, degan haqli savol tugʻiladi, — dedi Oʻktam Islamov. — Buning asosiy sababi mana shu muddat ichida yangi Mehnat kodeksidagi huquqiy meʼyorlarni milliy qonunchiligimizdagi boshqa meʼyorlar bilan moslashtirishimiz, unda belgilangan tartiblarga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash uchun ish beruvchilar tayyorgarlik koʻrishlarini taʼminlashimiz zarur. Misol uchun, yangi Mehnat kodeksiga koʻra ish beruvchi oylik ish haqi toʻlovini kechiktirganligi uchun jarima toʻlashi belgilangan. Tabiiyki, bunga barcha ish beruvchilar hali toʻliq tayyor emas. Olti oy muddat bu yoʻnalishda tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni mustahkamlashga imkon beradi.
Seminarda yangi tahrirdagi kodeks kuchga kirgach, kichik biznes subyektlari va yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shugʻullanadigan aholi mehnatini huquqiy tartibga solinishi, rasmiy va norasmiy tarmoqlarda mavsumiy ish bilan band boʻlganlarning mehnat huquqlarini himoya qilishdagi boʻshliq va qarama-qarshiliklarni bartaraf etish, mehnat munosabatlarida korrupsiya xavfi kamayib, “Yagona milliy mehnat tizimi” raqamlashtirilishi atroflicha tushuntirildi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring