Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot eshigi

18:18 11 Sentyabr 2025 Jamiyat
105 0

Surxondaryo — bu oddiy zamin emas. Bu yurt — inson jasoratining qudrati bilan sugʻorilgan diyor. Har bir toshining ostida tarix yotibdi, har bir togʻining bagʻrida iroda, sabr va gʻayrat bor. Bu voha koʻp va xoʻp voqealarga guvohlik qildi: odamzodning shakllanishidan to ilk davlatchilik paydo boʻlishigacha, bosqinlar ham, mustamlakachilik ham, sinovu azob ham. Lekin Surxon — yelkasida togʻ koʻtaradigan, yelkam deb Vatanni koʻtaradigan alplar yurti, zahmatkash fidoyilar yurti boʻlib kelmoqda.

Bugun tarix yana bir bor burilish ostonasida. Endi Surxondaryo haqida gap ketsa, u “chegara hudud” deb emas, balki Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot eshigi sifatida tilga olinmoqda. Bu yerda goʻyo tarixiy sukunat emas, haqiqiy taraqqiyotga intilish boshlangan. Ilgarigi bosqinchilar oʻtgan yoʻllardan endi investorlar oʻtmoqda.

Inson qadrini eʼzozlovchi “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasi Surxondaryoni bunyodkorlik maydoniga aylantirdi. Vohaning har bir burchagi taraqqiyot nafasini his etmoqda. Joriy yilda viloyatda 8 trillion 304,9 milliard soʻmlik qurilish ishlari amalga oshirildi.

— Qurilish sohasida erishilayotgan bu yutuqlar, avvalo, Yurtboshimiz tomonidan hududlarni barqaror rivojlantirish, zamonaviy shaharsozlikni joriy etish borasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlarning amaldagi natijasidir, — deydi viloyat hokimi oʻrinbosari Alisher Amirov. — Joriy yilda viloyatimizda 8 trillion 304,9 milliard soʻmlik qurilish ishlari amalga oshirildi. Bu 110,2 foizlik oʻsish demakdir. Oʻz navbatida, bu iqtisodiy oʻsish bilan birga, aholi hayoti sifatining ham yaxshilanayotganini anglatadi. Quvonarlisi, bu jarayonda mahalliy korxonalar, tadbirkorlar va mikrofirmalarning ulushi katta. Ular umumiy hajmning 55,5 foizini tashkil etdi. Yirik tashkilotlar tomonidan 143,6 foizlik oʻsish qayd etildi.

Surxondaryodagi oʻzgarishlar faqat raqamlarda emas, balki koʻz bilan koʻrib, yurak bilan his qilish mumkin boʻlgan jarayonlarga aylangan: Termiz shahridagi “Yangi Termiz City” majmuasi yurt yuragida yangi nafas, yangi shaharsozlik ruhi bilan shakllanmoqda. Bu yerda savdo markazlari, ofislar, mehmonxonalar, koʻp qavatli uylar va ijtimoiy obyektlar qurilmoqda. Har bir gʻisht, har bir devor kelajak uchun bunyod etilayotgan zamonaviy muhitning timsoliga aylanmoqda. Termiz tumanidagi “Yangi Oʻzbekiston” massivida 55,5 gektar yerda barpo etilayotgan 74 ta koʻp qavatli uy, maktablar, bogʻchalar, oilaviy poliklinika kabi inshootlar orqali aholining kundalik hayoti, turmush sifati va xizmatlarga boʻlgan imkoniyatlari sezilarli darajada yaxshilanmoqda.

Termiz shahridagi mahobatli “Movaro” turar-joy majmuasi, 24/7 turizm koʻchasi, yangi kafelar, xizmat koʻrsatish nuqtalari — bularning barchasi aholi yuzidagi mamnunlikning qayta namoyon boʻlayotganidan, ular uchun qulay muhit yaratilayotganidan dalolat beradi.

— Termizga har safar kelganimda hayratda qolaman, — deydi boysunlik Egamberdi ota Pirnazarov. — Ilgari bu shahar shunchaki tuman markazlaridan kattaroq joy edi. Katta-katta binolar, keng yoʻllar, yashillik, chiroyli inshootlar. Har bir qadamda yangilik, har bir koʻchada hayot nafasi yangilanmoqda. Boysunning oʻzida ham har bir mahalla, har bir qishlogʻida yangilanishlar. Zamonaviy maktablar, bogʻchalar, yoʻllar, yangi-yangi koʻp qavatli uylar qurilyapti. Ilgari orzu qilgan narsalarimiz endi hayotimizda roʻy beryapti. Yurtimizdagi tinchlik, mehnat va hamjihatlik bilan shunday hayotni quryapmiz. Xalqimiz bunday dorilamon kunlarning qadriga yetadi, albatta.

Qurilish bu yerda faqat devor koʻtarish emas — bu odamlar hayotini yuksaltirish, bolalarga ilm, oilalarga qulaylik, jamiyatga taraqqiyot berish demakdir. Bu jarayonning ilk natijalari yorugʻ, taʼsirli va bardavomdir. Vohaliklar bu koʻrsatkichlar bilan cheklanib qolayotgani yoʻq.

Termiz shahrida barpo etilayotgan “Temirchilik klasteri” va qurilish materiallari sanoat zonasi — sanoatning tiklanishi, ish oʻrinlarining koʻpayishi va mahalliy iqtisodiyotning mustahkamlanishi yoʻlidagi yangi qadamlardan. Bu yerdagi har bir ishlanma qalb qoʻri, chin vatanparvarlik bilan amalga oshirilmoqda.

Buning barobarida transport, yoʻl infratuzilmasi, avtoturargohlar, zamonaviy shahar muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Masalan, “Developments-Rest” MCHJ tomonidan qurilayotgan 28-32 qavatli turar joylar, biznes markazlar, mehmonxonalar, bogʻcha va xizmat nuqtalari bilan toʻla loyiha — koʻhna Termizni endi nafaqat yurtdoshlarimiz, balki dunyo sayyohlari uchun ham zamonaviy markazga aylantirishga xizmat qilmoqda.

Shu keng qamrovli tashabbuslar qatorida umumiy qiymati 50 million dollar boʻlgan “Obihayot park” majmuasi — Surxon daryosining sohilida turizm, savdo va shaharsozlikni birlashtirgan ulkan loyiha sifatida 42 ta turar va noturar inshootni oʻz ichiga olgan. Zamonaviy uy-joylar, mehmonxonalar, milliy va xalqaro restoranlar, fitnes markazlar, koʻngilochar maskanlar 24 soat faoliyat koʻrsatuvchi koʻchalarni oʻz bagʻriga jamlamoqda.

Bu islohotlar jarayonida ekologiya va barqarorlik masalalari ham eʼtibor markazida boʻlyapti. “Yangi Termiz City” majmuasida sunʼiy koʻllar orqali tabiiy muhitni asrash, iqlimni yumshatish, shaharning havo sifatini yaxshilash kabi ekologik yondashuvlar ham amalda qoʻllanmoqda. Ijtimoiy infratuzilmaga alohida eʼtibor qaratilib, maktablar, bogʻchalar, poliklinikalar orqali aholining taʼlim va tibbiyotga boʻlgan ehtiyojlari qondirilmoqda. Bu orqali har bir farzand munosib taʼlim, har bir oila sifatli tibbiy xizmat olish imkoniga ega. Shuningdek, kichik va oʻrta biznes subyektlarining qurilishlardagi ishtiroki orqali nafaqat yangi ish oʻrinlari yaratilyapti, balki mahalliy mahsulotlar raqobatbardoshlikka erishib, iqtisodiy barqarorlik mustahkamlanmoqda. Surxonda qurilayotgan har bir inshoot, ulugʻvor loyihalar, innovatsion yondashuvlar va ekologik yechimlar orqali yurtimiz yanada koʻrkam, hayot uchun qulay va faxrlanarlik maskanga aylanmoqda.

Bugun surxondaryoliklar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ijobiy samarasini hayotida his etmoqda. Yangi loyihalar, qulay sharoitlar, ijtimoiy infratuzilma va keng koʻlamli qurilish ishlari tufayli odamlarning turmush darajasi sezilarli yaxshilanmoqda.

Farhod ESONOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер