“Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!» shiori ostidagi festival Yangi Namangan tumanida 5 ming nafar yigit-qizni ezgu maqsad yoʻlida birlashtirdi

17:53 09 Iyun 2023 Jamiyat
579 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Yangi Namangan tumani markazi va joylarda tashkil etilgan “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!» shiori ostida oʻtkazilgan festival “Besh tashabbus” harakati doirasidagi tadbir bilan boshlandi. Yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya, sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan toʻgʻri foydalanish koʻnikmasini shakllantirish, kitobxonlikni targʻib qilish maqsadi koʻzlangan suhbat, uchrashuv hamda koʻrgazmalarda ishtirokchilar oʻzlarining isteʼdodlarini namoyish etdilar.

Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi tuman boʻlimi tomonidan tashkil etilgan boʻsh ish oʻrinlari mehnat yarmarkasi oʻziga mos yumush qidirib yurgan yigit-qizlar uchun tanlov maydoni boʻldi. Boisi, bu yerga yigʻilgan korxona va tashkilotlar hamda tadbirkorlar tomonidan uch mingdan ziyod boʻsh ish oʻrinlari taklif qilindi. Pirovardida, “sariq toifa”ga kiruvchi 456 nafar yoshga oʻziga maʼqul sohalarga yoʻllanmalar berildi.

Saylda ishtirokchilar, xususan imkoniyati cheklangan yigit-qizlar uchun chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik tashkil etilgani koʻpchilikka maʼqul boʻldi. Chunki,   tor doiradagi 10 dan ortiq shifokorlar oʻz salomatligini nazoratdan oʻtkazishni maqsad qilgan oʻnlab yoshlarni qabul qilib, profilaktika va davolash masalasida amaliy yordam koʻrsatdilar. Ayni jarayonda nogironligi bor yoshlarning murojaati tinglanib, ulardan 6 nafariga viloyatdagi tibbiyot muassasalarida davolanish uchun order hamda nogironlik aravachasi beriladigan boʻldi.

Kelajak avlod vakillari toʻplangan davralarga koʻpni koʻrgan otaxon va onaxonlar alohida fayz kiritishadi. Tadbirda 30 dan ortiq “10+1” tamoyilining faol ishtirokchisi boʻlgan oqsoqol va kayvonilar bu safar ham hayotiy tajribalari, oʻgitlari bilan qatnashishdi.

“Hokim va bitiruvchi yoshlar” mavzusidagi uchrashuvga toʻplangan maktab bitiruvchilarining hokim bilan dildan suhbati oʻziga xos mazmun kasb etdi.   Tuman rahbari ularning mustaqil hayotga yoʻllashda barcha imkoniyatlar ishga solinishini taʼkidlagan boʻlsa, oʻquvchilar oʻzlarining kelgusidagi rejalari, qaysi oliy oʻquv yurtiga imtihon topshirish toʻgʻrisidagi qarorlari, tanlagan kasblari haqida gapirishdi.

Taʼkidlash joiz, yakunlanayotgan oʻquv yilida tuman boʻyicha 1503 nafar yigit-qiz maktabni tamomlab, mustaqil hayotga qadam qoʻymoqda. Ularning 22 nafari oltin, 4 nafari kumush medal sohibiga aylangani ustozlar mehnatining quvonchli mahsulidir.                        

Katta festival darajasiga koʻtarilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar kun oqshomida namoyish etilgan badiiy dastur bilan nihoyasiga yetdi. Sahnaga koʻtarilgan taniqli estrada xonandalari va ijrochi yoshlarning dilrabo kuy-qoʻshiq hamda jozibali raqslari dillarga oʻzgacha zavq-shavq bagʻishladi.

               Yulduz YOʻLDOSHEVA,

Yangi Namangan tumani hokimligi axborot xizmati rahbari.

                                                            

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер