Yangi Oʻzbekiston — investorlar uchun ishonchli mamlakat

12:14 16 May 2024 Siyosat
279 0

Foto: Arxiv surat

Har qanday ishga kirishish uchun, avvalo, moliyaviy asos darkor. Biznes-gʻoya yoki loyiha rejasi qanchalik puxta oʻylangan va hisob-kitob qilingan boʻlmasin, u moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlanmas ekan, qogʻozda qolib ketaveradi.

Bu qoida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari asosida olib borilayotgan yangilanish jarayonlariga ham taalluqli. Belgilangan maqsadlarga erishishda zarur kapital qoʻyilmalar iqtisodiyot va infratuzilmani jadal surʼatlar bilan modernizatsiya qilish imkonini bermoqda. Shu bois davlatimiz rahbari yangi Oʻzbekistonni bunyod etish uchun eng muhim zaxira manbai boʻlmish investitsiyalarga alohida eʼtibor qaratadi.

Investitsiyalarni koʻpchilik mutaxassislar iqtisodiyotning qon tomiri, deya bejiz aytmaydi. Shu fikrni davom ettirgan holda yaqinda boʻlib oʻtgan III Toshkent xalqaro investitsiya forumini ham, taʼbir joiz boʻlsa, bir maromda urayotgan yurakka oʻxshatish mumkin. Ushbu tadbir

93 davlatdan 2,5 mingdan ortiq ishtirokchilarni jamladi. Forumda jami 26,6 milliard dollarlik shartnomalar imzolandi. Taqqoslash uchun, 2022-yilda bu koʻrsatkich 11 milliard dollarni tashkil etgandi. Ayni raqamlarning oʻzi ham mamlakatimizga sarmoyaviy qiziqish ortganidan dalolat beradi.

Aniq ustuvorliklar, muayyan takliflar

Toshkent xalqaro investitsiya forumi singari tadbirlar koʻp mamlakatlarda oʻtkaziladi. Lekin hammasida ham davlatning birinchi rahbari qatnashmaydi va soʻzga chiqmaydi. Shu bois Shavkat Mirziyoyevning nutqi xorijiy sarmoyadorlar uchun muhim ahamiyatga ega boʻldi. Ular buni alohida hurmat va mehmondoʻstlik belgisi, deb qabul qildi. Buning ustiga ishbilarmon doiralar vakillari vaqt qadrini juda yaxshi bilgani holda oliy martabali rahbar kundalik oʻta muhim ishlaridan ortib ularga ham vaqt ajratgani, eʼtibor qaratgani tufayli juda minnatdor boʻlishdi. Investorlar kerakli maʼlumotni mamlakat Prezidentining nutqidan olishi ular uchun toʻliq ishonch kafolati sifatida muhim.

Ushbu nufuzli tadbir ishtirokchilari eʼtirof etganidek, Oʻzbekiston rahbarining chiqishi ularda katta taassurot qoldirdi.

Birinchidan, Toshkent xalqaro investitsiya forumi yaxshi anʼanaga aylanib borayotgani va har yili barcha qitʼadan yangi-yangi hamkorlarni mamlakatimizga toʻplayotganini eʼtirof etar ekan, davlatimiz rahbari bugungi anjuman global geosiyosiy va iqtisodiy muammolar avj olayotgan, barqaror rivojlanish yoʻlida xavf va tahdidlar kuchayib borayotgan davrga toʻgʻri kelayotganini ham aytib oʻtdi. Xususan, Oʻzbekiston Prezidenti soʻzlariga koʻra tovar va xizmatlarni yetkazib berish zanjirlaridagi uzilishlar, xalqaro savdoning pasayishi, investitsiya oqimlarining kamayishi, iqlim ofatlarining kuchayishi vaziyat naqadar beqaror va qaltis ekanini yaqqol koʻrsatmoqda. Shunday ekan, hech bir davlat zamonaviy dunyoning bunday oʻtkir muammolari bilan yakka holda kurasha olmaydi. Va har bir mamlakat uchun xorijiy investitsiyalar oqimi alohida ahamiyat kasb etadi. Investitsiyalar bilan bogʻliq tendensiyalar esa kutilgan umidlarni oqlamayapti — oʻtgan yili rivojlanayotgan davlatlarga kiritilgan investitsiyalar umumiy hajmi 9 foizga kamaydi.

Shunga qaramay, Oʻzbekiston yetakchisi qayd etganidek, keyingi yetti-sakkiz yil davomida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilib, mamlakatimizda investitsiya va biznes muhitini tubdan yaxshilash, bu yoʻldagi toʻsiqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish uchun qatʼiy qadamlar tashlandi. Natijada Oʻzbekiston ijtimoiy-iqtisodiy sohada muayyan yutuqlarga erishdi.

Ushbu fikrlar tasdigʻi sifatida Prezident bir qator dalil va raqamlarni keltirdi. Yaʼni soʻnggi yillarda iqtisodiyotimiz qariyb ikki barobar oʻsdi. Oʻtgan yil yakuni boʻyicha bu oʻsish 6 foizni tashkil qildi. Inflyatsiya 9 foizgacha pasaydi. Savdo aylanmasi koʻrsatkichlari muttasil oshmoqda. Valyuta bozori va oltin-valyuta zaxiralari barqarorligi saqlab qolinmoqda.

Bunga esa qator omillar tufayli erishildi. Jumladan, oxirgi yillarda mamlakatimizda 60 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirildi. Xalqaro moliya institutlarining 14 milliard dollardan ortiq mablagʻlari ijtimoiy va infratuzilma sohalariga jalb qilindi. Oʻtgan yilning oʻzida xorijiy investitsiyalar hajmi qariyb ikki barobar koʻpaydi. Dunyoning yetakchi kompaniyalari hamda yirik brendlari bilan 300 dan ortiq investitsiya va sanoat loyihalari ishga tushirildi.

Ikkinchidan, ushbu soʻzlar Prezidentimiz tomonidan samimiy va toʻliq masʼuliyat bilan aytildi. Ular salohiyatli sarmoyadorlar uchun aniq chaqiriq boʻldi. Zero, koʻpgina mamlakatlarning milliy iqtisodiyotida keyingi yillarda muayyan qiyinchiliklar yuzaga kelganiga qaramay Oʻzbekiston barqaror iqtisodiy oʻsishni namoyon etmoqda va investitsiyaviy jozibadorligini saqlab qolmoqda. Demak, agar sarmoyador oʻzining mablagʻlari “ishlab”, daromad keltirishini xohlasa u bizning mamlakatimiz bilan hamkorlik qilishi, oʻzining mablagʻini kiritishi mumkin va lozim.

Bunday qoʻyilmalar uchun shart-sharoitlar ham doimiy ravishda takomillashtirilib, yaxshilanib bormoqda. Masalan, davlatimiz rahbari aytib oʻtganidek, endi xorijiy investorlar uch yil muddatga aksiyalardan oladigan dividendlari boʻyicha soliqlardan ozod etiladi.

Prezident alohida qayd etganidek, asosiy maqsad — Oʻzbekistonni xorijiy investorlar uchun ishonchli va uzoq muddatli hamkorga aylantirish. Shu maqsadda davlat bozor munosabatlarini rivojlantirishni, investorlar huquqi ishonchli himoya qilinishini, qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishni, halol raqobat uchun yanada keng shart-sharoitlar yaratishni, xususiy mulk daxlsizligi va sud tizimining mustaqilligi taʼminlanishini oʻz zimmasiga oladi. Bu tamoyillar yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda qatʼiy muhrlab qoʻyilgan.

Toshkent xalqaro investitsiya forumi ishtirokchilari uchun investorlar huquqlarining himoyasini kuchaytirishga qaratilgan bir qator aniq takliflar ham taqdim etildi. Xususan, Jahon savdo tashkiloti tartib-qoidalari va standartlariga muvofiq yangi tahrirdagi “Investitsiyalar toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qilish, Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi huzurida Xalqaro tijorat sudi faoliyatini tashkil etish, sanoat zonalari tizimida mutlaqo yangicha yondashuvlarni joriy qilish va ularni boshqarishda xususiy operatorlar, jumladan, yuqori malakali xorijiy kompaniyalarni faol jalb etish, maxsus iqtisodiy zonalar faoliyat muddatlari boʻyicha cheklovlarni bekor qilish, xorijiy sarmoyadorlar uchun yerlarni ijaraga berish muddatini amaldagi imtiyoz va preferensiyalarni toʻliq saqlab qolgan holda 25-yildan 49-yilgacha uzaytirish koʻzda tutilgan.

Shu va boshqa takliflar Toshkent xalqaro investitsiya forumining ochilish marosimidan keyingi kun boʻlib oʻtgan navbatdagi yigʻilish — Xorijiy investorlar kengashining ikkinchi yalpi majlisida batafsil muhokama etildi. Ularning roʻyobga chiqarilishi esa, shubhasiz, investorlarni Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishga ragʻbatlantiradi.

Uchinchidan, turli mamlakatlardan kelgan anjuman qatnashchilari eʼtirof etishicha, Oʻzbekiston Prezidenti nutqida mamlakatning “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasiga muvofiq rivojlanib borishining asosiy yoʻnalishlari hamda investorlar kuch va mablagʻlari jalb qilinishi boʻyicha asosiy ustuvorliklar aniq belgilab berildi.

Davlat rahbari mamlakatning istiqboldagi taraqqiyoti uchun juda muhim boʻlgan beshta ustuvor yoʻnalishga toʻxtalib oʻtdi. Investorlar tomonidan bildirilayotgan qiziqish esa ularning sarmoya kiritish nuqtayi nazaridan jozibadorligini koʻrsatib turibdi.

Birinchi yoʻnalish — “yashil” energetika. Bu sohada allaqachon xorijiy sarmoyadorlar faol ish olib bormoqda. Masalan, oʻtgan yilning oʻzida strategik hamkorlar — “Masdar”, “Gezhouba”, “ChinaEnergy” kompaniyalari tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobidan yirik shamol energiyasi stansiyalari va quvvati 1,4 gigavatt boʻlgan quyosh elektr stansiyalari ishga tushirildi. “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda esa “yashil vodorod” ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish boshlandi. Yana oʻttizga yaqin loyihalar roʻyobga chiqarilish arafasida. Ularni bajarishga koʻplab sarmoyadorlar bosh qoʻshgan. Shunday boʻlsada, sarmoya kiritib, undan foyda olish imkoniyati boshqa investorlarda ham bor. Axir Oʻzbekistonda 2030-yilgacha 20 gigavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini yaratish va energetika balansida uning ulushini 40 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Ikkinchi yoʻnalish ham xorijiy investorlar uchun jozibador boʻlib, u bank-moliya sohasidir. Bunda keyingi yillarda mamlakatimizda koʻplab xususiy banklar, xorijiy banklarning filiallari va qator raqamli banklar ochilganiga qaramay, shu sohada faoliyat yuritadigan investorlar uchun keng imkoniyatlar mavjud. Xususan, forum doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan Oʻzbekistonning yirik banklaridan biri boʻlgan “Asaka” bankini xususiylashtirish boʻyicha bitim imzolandi. Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki bilan boshqa yirik banklarimizning transformatsiyasi va xususiylashtirish jarayonlari faol olib borilmoqda.

Uchinchi yoʻnalish: koʻpgina xorijiy sarmoyadorlar mamlakatimizning foydali qazilmalariga katta qiziqish bildirishadi. Oʻzbekiston — mineral resurslar va muhim metallarning katta bazasiga ega mamlakat. Yurtimizda oltin, mis, volfram, kumush, uran konlari bor. Yana, Prezidentimiz eʼtibor qaratganidek, zaminimizda noyob minerallar bilan bir qatorda litiy, magniy, molibden, germaniy, vanadiy va indiy kabi 30 dan ortiq kamyob metallarning zaxiralari mavjud. Yaqinda Yevropa Ittifoqi bilan oʻta muhim xomashyo sohasida strategik hamkorlik oʻrnatildi. Prezidentimiz Amerika Qoʻshma Shtatlari va Buyuk Britaniya bilan ham shunday bitim ustida ish olib borilayotganini eʼlon qildi hamda strategik xomashyolarni chuqur qayta ishlash va qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish uchun yetakchi kompaniyalarni Oʻzbekistonga taklif etdi.

Toʻrtinchi yoʻnalish: xorijiy investorlar mamlakatimizning raqamli transformatsiyasida ham koʻmaklashishi mumkin. Bu yoʻnalishda muayyan ishlar olib borilmoqda. Jumladan, bir yilda IT xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksporti ikki barobar oshdi. Kelajakda bu koʻrsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish reja qilingan. Shu bois xorijiy kompaniyalarni jalb etish uchun IT-park bazasida Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi tashkil qilinmoqda. Saudiya Arabistonining “Data Volt” kompaniyasi bilan hamkorlikda “yashil” energiyada ishlovchi Maʼlumotlar markazi barpo etilyapti. Bu Oʻzbekistonning raqamli iqtisodiyotga oʻtishi, sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilishi uchun kuchli turtki boʻlishi lozim.

Beshinchi yoʻnalish sifatida Oʻzbekiston Prezidenti oʻz nutqida transport infratuzilmasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratdi. Temir yoʻl transportini takomillashtirish, avtomobil va tezyurar poyezdlar uchun temir yoʻllarni qurish boʻyicha qoʻshma loyihalar, Toshkent, Buxoro va Urganchdagi xalqaro aeroportlarni rivojlantirish, Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston va Oʻzbekiston — Afgʻoniston — Pokiston temir yoʻllarini qurish juda katta miqdordagi mablagʻni talab qiladi. Shu bois Markaziy Osiyoni Shimol va Janub, Sharq va Gʻarb bilan bogʻlaydigan global tranzit markaziga aylantirish boʻyicha strategik loyihalarga investitsiya kiritish foydali boʻlishi lozim.

Shavkat Mirziyoyev soʻzining yakunida yana bir bor taʼkidladiki, investitsiyalar — bu mamlakatimiz transformatsiyasining lokomotivi va iqtisodiy taraqqiyotimizning mustahkam drayveridir. Har bir tashabbus va loyihani roʻyobga chiqarishda sarmoyadorlarga davlatimiz, hukumatimiz aʼzolari yaqindan koʻmak beradi.

— Yirik korporatsiyalar va xalqaro tashkilotlar sarmoya kiritish uchun Oʻzbekistonga tashrif buyurayotganini koʻrgach, anglaysizki, bu mamlakatda ishlar toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgan, — deya taassurotini bayon qiladi Saudiya Arabistonining “Vision Invest” investitsiya kompaniyasi prezidenti Omar Al-Midani. — Oʻzbekistonga qadam qoʻyish asnosida oldinda meni nimalar kutayotganini bilmasdim, zero, avvallari bu yerda hech boʻlmaganman. Barchasini oʻz koʻzim bilan koʻrgach, hayron qoldim: Oʻzbekiston bunday mehmondoʻst xalq yashaydigan goʻzal mamlakat ekanini tasavvur qilmagan edim. Shu qadar sarishta va xavfsiz. Shahar boʻylab sayr qilar ekansiz, mahalliy madaniyatni idrok etib, uni qadrlay boshlaysiz.

Shuningdek, mamlakat uzoqni koʻzlab boshqarilayotganiga tushunasiz. Maqsadga eltuvchi yoʻnalishlar aniq. Rahbariyat va vazirlar bilan suhbatlashgan koʻyi xulosa yasaysiz: ular aynan siz kutgan, sizga ishonch bagʻishlagan sheriklar. Ular oʻz mamlakatida nimalar qilish zarurligini tushunadiganlar toifasidan.

Xayrli maqsadlar uchun milliardlar

Forum ishtirokchilari Oʻzbekiston Prezidentining nutqida eshitganlaridan tashqari, Shavkat Mirziyoyevning oʻzi bilan boʻlgan uchrashuvlarda aniq dalillar bilan yanada batafsilroq tanishdi. Bunday uchrashuvlar xorijiy sarmoyadorlarni jalb etish ishida yana ham muhim rol oʻynaydi. Negaki, ular davlatning birinchi rahbari bilan muloqotni ham oʻzlarining faoliyatiga alohida eʼtiborning namoyon boʻlishi, ham erishilgan kelishuvlarning amalga oshishi va qoʻllab-quvvatlanishi kafolati, deb hisoblaydi.

Forum arafasida va davomida davlatimiz rahbari xalqaro tashkilotlar va moliya muassasalarining vakillari bilan koʻplab uchrashuvlar oʻtkazdi. Mazkur uchrashuvlar haqidagi xabarlardan ham koʻrinib turibdiki, ularda investitsiyaviy hamkorlik va muayyan loyihalarga tegishli masalalar muhokama etildi.

Misol uchun, Shavkat Mirziyoyevning YTTB delegatsiyasi bilan uchrashuvida eʼtirof etilishicha, bugungi kunda bankning mamlakatimizdagi loyihalari portfeli 4,4 milliard yevrodan ortiq, ulardagi xususiy sektor ulushi esa 70 foizga yaqinlashgan. Oʻzbekiston va YTTB oʻrtasida yangi Hamkorlik strategiyasi qabul qilingan boʻlib, u kichik va oʻrta biznes, xotin-qizlar tadbirkorligi, muqobil energetika, raqamli texnologiyalar va boshqa sohalarda hamkorlikning yoʻnalish va koʻlamini kengaytirishga qaratilgan. YTTBning faol koʻmagi va bevosita ishtirokida Oʻzbekistonda davlat korxonalarini xususiylashtirishga tayyorlash boʻyicha tadbirlar amalga oshirilmoqda, “yashil” energetika, transport infratuzilmasi, ekologiya va boshqa ustuvor sohalarga tegishli meʼyoriy-huquqiy baza takomillashtirilmoqda. Uchrashuvda Oʻzbekiston Prezidenti suv taʼminoti, energetika, yoʻl infratuzilmasi, “yashil” shaharlarni rivojlantirish kabi yoʻnalishlarda yangi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish muhimligini qayd etdi.

Qirgʻiz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi — Prezident Administratsiyasi rahbari Aqilbek Japarov bilan suhbatda Oʻzbekiston bilan Qirgʻiziston oʻrtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish, savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport va logistika sohalarida hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalari koʻrib chiqildi. “Qambarota GES-1” va Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temir yoʻlini qurish loyihalarining amaliy jihatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Prezidentimiz Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikoyil Jabborov boshchiligidagi delegatsiya bilan ham uchrashdi. Unda taʼkidlanishicha, oʻtgan yili Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi savdo aylanmasi 27 foizga, joriy yilning boshidan beri esa yana 15 foizga ortgan. Avtomobilsozlik, energetika, qishloq xoʻjaligi, elektrotexnika, toʻqimachilik, turizm va boshqa sohalarda kooperatsiya loyihalari roʻyobga chiqarilmoqda. Shunday boʻlsa-da, loyihalar portfelini yanada kengaytirish muhimligi taʼkidlandi. Bu esa, jumladan, qoʻshma investitsiyaviy kompaniya mablagʻlarini jalb etish orqali amalga oshiriladi.

Saudiya Arabistoni energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon Ol Saud boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvda taʼkidlanishicha, bugungi kunda qoʻshma loyihalar portfeli 30 milliard dollardan oshdi. “ACWA Power” kompaniyasi mamlakatimizda energetika tarmogʻini rivojlantirishga eng koʻp investitsiya kiritgani aytib oʻtildi. Shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, qishloq xoʻjaligi va boshqa yoʻnalishlarda yangi loyihalarni ilgari surish zarurligi qayd etildi.

Mamlakatimizning Birlashgan Arab Amirliklari bilan iqtisodiyotning ustuvor sohalaridagi hamkorligi ham jadal rivojlanmoqda. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BAA iqtisodiyot vaziri Abdulla bin Al Marriy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvida iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida sheriklik jadal rivojlanayotgani, tovar ayirboshlash hajmi, qoʻshma korxonalar va toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar soni oshib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi loyihalar portfeli 4 milliard dollarga yetdi. Energetika, transport, logistika, qishloq xoʻjaligi, suv taʼminoti va boshqa sohalarda yirik loyihalarni tezlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻzbekiston Prezidenti Oʻmon Sultonligi savdo, sanoat va investitsiyalarga koʻmaklashish vaziri Qays bin Muhammad al-Yusufni qabul qildi. Energetika, transport, sogʻliqni saqlash, turizm, geologiya, oziq-ovqat, toʻqimachilik, kimyo sohalarida, jumladan, Oʻzbekiston — Oʻmon investitsiya kompaniyasi koʻmagida loyihalarni amalga oshirish uchun katta salohiyat borligi qayd etildi. Transafgʻon temir yoʻlini qurish hamda Oʻzbekiston — Turkmaniston — Eron — Oʻmon transport yoʻlagini barpo etish masalasini ilgari surish borasida ham fikr almashildi.

Prezidentimizning investitsiya forumida qatnashgan kompaniyalar rahbarlari bilan muloqotlari ham konstruktiv, aniq mazmunga boy boʻldi. Masalan, Misrning “Orascom Investment Holding” kompaniyasi rahbari Nagib Saviris bilan uchrashuvida asosiy eʼtibor Oʻzbekiston iqtisodiyotining turli sohalari, jumladan, togʻ-kon sanoati, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, sayyohlik, qurilish, infratuzilmani rivojlantirish kabi yoʻnalishlarda toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etish masalalariga qaratildi. Oʻz navbatida, Nagib Saviris Misr investitsiyalarini mamlakatimiz iqtisodiyotiga yoʻnaltirish uchun barcha saʼy-harakatga tayyorligini bildirdi.

Shavkat Mirziyoyevning “Suez”, “Arsenale Group”, “Airbus”, “Linde” kabi yetakchi kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvida investitsiyaviy va innovatsion hamkorlikning istiqbollari, shuningdek, suv taʼminoti, fuqaro aviatsiyasi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, turizm va boshqa sohalarda muayyan loyihalarni roʻyobga chiqarish istiqbollari koʻrib chiqildi. Yevropa biznes vakillari bundan keyin ham Oʻzbekiston iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlarida muhim loyiha va dasturlarni amalga oshirishda qatnashishga tayyorliklarini bildirishdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev forum doirasida Xitoyning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan ham uchrashuv oʻtkazdi. Jumladan, “CAMCE” korporatsiyasi raisi bilan Toshkent shahrida Olimpiya shaharchasi qurilishi hamda energetika, sanoat va infratuzilma sohalaridagi loyihalar portfelini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. “Goldwind” kompaniyasi prezidenti bilan kompaniyaning Oʻzbekistonda “yashil” energetikani rivojlantirishdagi ishtiroki istiqbollari koʻrib chiqildi, shamol elektr stansiyalari qismlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va joriy loyihalarni jadallashtirishga kelishib olindi. “China Southern Power Grid” bilan Buxoro viloyatida shamol elektr stansiyalari, butun mamlakat boʻylab gidroakkumulyatsiya stansiyalari va yuqori kuchlanishli liniyalar qurish loyihalari muhokama qilindi. Oʻzbekistonda elektr hisoblagichlar ishlab chiqarish boʻyicha “Holley Group” kompaniyasi muvaffaqiyatli ishlayotgani qayd etildi. Toshkent viloyatida texnopark qurish va unga Xitoyning yirik kompaniyalarini jalb qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Prezidentimiz forum qatnashchilari bilan oʻtkazgan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotlar mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojining koʻpgina qirralarini qamrab oldi. Oʻzaro manfaatli takliflar, koʻpgina davlatlarning ishbilarmon doiralari vakillarini yangi Oʻzbekistonni barpo etishda qatnashishga chorlov, albatta, eʼtiborsiz qolmadi. Bu esa shundan dalolat beradiki, investitsiya forumi ishtirokchilari oʻz vataniga qaytgach, nafaqat biznesi uchun bizning mamlakatda mavjud boʻlgan imkoniyatlar haqida koʻproq biladi, balki shu imkoniyatlardan foydalanish yoʻllarini ham izlay boshlaydi. Oʻzbekistonlik sheriklar bilan endi birinchi marta hamkorlik qilishga bel bogʻlaganlar, masalan, istiqbolli loyihalarga pul tikish yoki unda qatnashishni koʻzlashi mumkin. Boshqalari esa oʻz mahsuloti, xizmatlari va texnologiyalari bilan mustaqil ravishda Oʻzbekiston bozoriga chiqish haqida oʻylab qoladi. Mamlakatimizda ishlash tajribasiga ega boʻlganlar esa oʻz biznesini yanada kengaytirish va yangi loyihalar boʻyicha qaror qabul qiladi.

Hamkorlikni kengaytirishdan hamma manfaatdor — xorijiy sarmoyadorlar, kompaniyalar, eng muhimi, mamlakatimiz iqtisodiyoti. Zero, bu Taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlardan biridir.

Jadal surʼat bilan taraqqiyot sari

Bunday maqsadlar esa strategiyada yuzta. Ular aniq-tiniq belgilab berilgan. Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisi doirasida, Prezident nutqida va tadbir ishtirokchilari bilan oʻtkazgan uchrashuvlarida katta eʼtibor ana shu maqsadlarga erishish boʻyicha strategik vazifalarga qaratildi. Taktik qarorlar esa qator shuʼba majlislari va davra suhbatlarida muhokama etildi. Ularda qonunchilikni takomillashtirish, bank sektori va iqtisodiyotning koʻplab tarmoqlarini transformatsiya qilishdan boshlab, to ekologiya, madaniy merosni asrash va sunʼiy intellektdan foydalanish masalalarigacha koʻrib chiqildi.

Shuʼba majlislari va davra suhbatlari shunisi bilan ahamiyatliki, ularda forum qatnashchilari nafaqat mamlakatimizdagi ahvol boʻyicha oʻz fikrlari bilan boʻlishib, takliflarini berdi, balki koʻzlangan maqsadlarga erishish jarayonida faol qatnashishga tayyorliklarini ham bildirdi.

Forum doirasida Oʻzbekiston poytaxtini mintaqaning yetakchi moliyaviy markaziga, xalqaro biznes va sarmoyadorlar uchun raqobatbardosh investitsiyaviy markazga aylantirish maqsadida Toshkentda Xalqaro moliyaviy markaz tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Shu masalaga bagʻishlangan davra suhbatida uning ishtirokchilari Toshkent shahrining investorlarni jalb etish boʻyicha afzalliklari, Oʻzbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi omillari va uni yanada oshirish uchun zarur boʻlgan shartlar haqida oʻzaro fikr almashildi.

Masalan, Xalqaro moliyaviy korporatsiya tahliliy boshqarmasi direktori Alyona Dolgovaning aytib oʻtishicha, Toshkentning xalqaro moliyaviy markaz boʻlishi uchun uchta asosiy “ustun” bor. Birinchidan, bu maʼmuriy-huquqiy infratuzilma boʻlib, u investorlar uchun juda muhim. Investorlarga anʼanaviy moliyaviy uslublar va mahsulotlar uchun keng imkoniyat berilishi ham — hal qiluvchi omil. Shuningdek, mintaqada islom banklarining paydo boʻlishi Toshkent uchun strategik yoʻnalish boʻlishi kutilmoqda. Va uchinchisi — iqtisodiyotning raqobatbardoshligi. XVF baholashicha, Oʻzbekistonda YIMning yillik oʻsishi 2030-yilga borib 5 foizdan oshadi. Mamlakat jadal rivojlanmoqda va uning poytaxti global investorlar uchun qulay muhitni yaratadi.

Shuʼba majlisining yana bir mavzusi — “Oʻzgarishlar va barqarorlik algoritmi: mintaqaviy va global iqtisodiyotning transformatsiyasida sunʼiy intellektning roli”. Uning qatnashchilari, jumladan, sunʼiy intellektning iqtisodiyotga taʼsiri mavzusini muhokama qildi. Sunʼiy intellektning jarayonlarni optimallashtirish, vazifalarni avtomatlashtirish va qimmatli axborotlarni olish boʻyicha ahamiyati barqaror rivojlanish va innovatsiyalar uchun oʻta muhim. Shu jihatni eʼtirof etgan ishtirokchilar yaqin kelajakda sunʼiy intellekt tufayli yuz beradigan oʻzgarishlarning ahamiyatini taʼkidladi va taraqqiyotni taʼminlash uchun mazkur oʻzgarishlarga tayyor boʻlish lozim, degan xulosaga keldi. Masalan, “Citigroup” investitsiyaviy bankining sobiq texnik direktori Antonio Benjamin sunʼiy intellekt rivojlanishi bilan bogʻliq xavf-xatarlarga toʻxtalib oʻtdi. Uning fikricha, Oʻzbekiston uchun ham, boshqa istalgan mamlakat uchun ham sunʼiy intellekt sohasida milliy va suveren strategiyaga ega boʻlish juda muhim, bu strategiya mamlakatning qadriyatlari, tarixi va milliy anʼanalarini aks ettirishi kerak.

Forum doirasida uning ishtirokchilari nafaqat mamlakatimizning, balki hududlarning ham investitsiyaviy salohiyati bilan tanishtirildi. Misol uchun, sarmoyadorlarning eʼtibori 2023-yilda Toshkentga 4,5 million sayyoh kelgani va bu raqam yildan yilga ortib borayotganiga qaratildi. Shu bois zamonaviy sayyohlik infratuzilmasi, jumladan, mehmonxonalar barpo etish boʻyicha yangi loyihalarga ehtiyoj bor. Turli mamlakatlarning ishbilarmon doiralari vakillarida “Yangi hayot” ulkan maxsus industrial texnoparki qurilishi boʻyicha loyiha ishlari boshlangani ham katta qiziqish uygʻotdi. Bu yerda sohaviy klasterlar va maydoni yuz gektardan iborat logistika markazi ham barpo etiladi.

Jizzax viloyati vakillari xorijiy sarmoyadorlarni qiymati 30 million dollarlik loyihani ishga tushirish imkoniyatidan foydalanishga taklif qildi. Unda togʻ jinslaridan qurilish uchun plitalar ishlab chiqarish, shuningdek, “Zomin Farm” iqtisodiy sanoat zonasida 20 million dollarlik bir martalik tibbiyot buyumlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish belgilangan. Buxoro viloyatida noruda materiallar manbalarining katta miqdori mavjud boʻlib, xorijiy sarmoyadorlar bu yerda qurilish materiallari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishi mumkin. Andijon viloyati vakillari ham qiziqarli takliflarni kiritdi. Jumladan, viloyat har yili 55 tonna shokoladni oʻn millionlab dollarga sotib oladi. Xoʻsh, ushbu talabni hisobga olgan holda, sarmoyadorlar shu yerning oʻzida shokolad ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻysa boʻlmaydimi? Yana shu viloyatning oʻzida sopol buyumlar, kaolin xomashyosidan avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqarishga ehtiyoj bor va bu ham sarmoyadorlarni oʻziga jalb qiladi. Shu va boshqa oʻzaro manfaatli takliflar eʼtibordan chetda qolmasligiga ishonch bildirildi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, shuningdek, Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarining investitsiyaviy salohiyati taqdimoti chogʻida ham xorijiy sarmoyadorlar uchun koʻpgina takliflar tushdi.

Investorlar oʻz mablagʻini joylashtirishi uchun “oʻsish nuqtalari” forum qatnashchilariga nafaqat Oʻzbekistonning viloyatlarida, balki Markaziy Osiyo mintaqasi doirasida ham taklif etildi. Masalan, qoʻshni Qirgʻiziston va Tojikistonda gidroelektr stansiyalarini qurish. Yoki Markaziy Osiyo davlatlari uchun Hind okeaniga va arzon dengiz yoʻllariga chiqish imkonini beradigan Oʻzbekistondan Afgʻoniston va Pokiston orqali oʻtuvchi temir yoʻl qurish. Ushbu temir yoʻl yuk tashish muddatini 35 kundan 5 kungacha qisqartiradi, tashuvlarning narxi esa kamida 40 foizga pasayadi. Yana bir ulkan mintaqaviy loyiha Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temir yoʻlini qurish, uni roʻyobga chiqarish ham vaqtni tejab, yuk tashuvlarining muddati va narxini qisqartiradi.

“UCC Holding” bosh direktori Mehmet Arif Ozozanning fikricha, Oʻzbekiston — juda ochiq mamlakat va bu yerda investorlar uchun doʻstona muhit shakllantirilgan. Bu mamlakatning ulkan yutugʻi va bunday katta tezlik bilan taraqqiyot sari intilish hayron qoldiradi.

— Oʻzbekiston juda qisqa muddatda shunday katta natijalarga erishgani faxrlansa arzigulik voqea, — deydi qatarlik tadbirkor. — Bu esa mamlakatning xalqaro investorlar uchun jozibadorligini oshiradi va ularning diqqat-eʼtiborini oʻziga qaratadi.

Ishonch bilan aytish mumkinki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan nufuzli tadbir yangi Oʻzbekistonning investitsiyaviy salohiyatini muvaffaqiyat bilan namoyish etdi. Shubhasiz, endilikda koʻplab xorijiy investorlarning sarmoyalari geografiyasida mamlakatimiz munosib oʻrin egallaydi. Bu esa yurtimiz taraqqiyotiga, xalqimizning turmush darajasi, farovonligi oshishiga xizmat qiladi.

Oʻtkir RAHMAT.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?