Yangi oʻquv yilidan 9-sinf bitiruvchilari texnikumlarda bepul oʻqiydi

13:55 28 Oktyabr 2025 Jamiyat
318 0

Фото: AI

“Kasbiy taʼlim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqida Taʼlim nazorati Telegram-kanali xabar berdi.

Unda aytilishicha, mazkur qarorga muvofiq, 2030-yilgacha 9-sinf bitiruvchilarining texnikumlar bilan qamrovi 29 foizdan 50 foizga, dual taʼlim (ish joyida oʻqitish) ulushi esa 9 foizdan 40 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Kasbga yoʻnaltirish tizimi

2026-yildan boshlab maktabgacha taʼlim muassasalaridan boshlab oʻquvchilarni kasb tanlashga yoʻnaltirish tizimi joriy etiladi. 5 yoshdan “Atrofimizdagi kasblar” oʻyinlari, 1-4-sinflarda “Kasblar alifbosi”, 5–6-sinflarda “Kasblar olami”, 7–9-sinflarda esa “Mening kelajakdagi kasbim” fanlari joriy qilinadi. 2028-yildan 9-sinf yakuniy imtihonlari natijasiga koʻra oʻquvchilar texnikumlarga yoʻnaltiriladi.

Oʻqituvchi va ustalarni qoʻllab-quvvatlash

2026-yildan ishlab chiqarish taʼlimi ustalarining maoshi birinchi malaka toifasiga ega oʻqituvchilar darajasiga tenglashtiriladi. Har bir ustaga 20 nafar oʻquvchidan ortiq boʻlmasligi belgilandi. Texnikum direktorlariga ustalar uchun ajratilgan ish haqi fondi doirasida eng kam oylik ish haqining 15 baravarigacha oylik belgilash vakolati beriladi. Har yili eng yaxshi 50 nafar usta va oʻqituvchi xorijda malaka oshiradi.

Dual taʼlimdagi imtiyozlar

Dual taʼlimda tahsil olayotgan oʻquvchilarga har oy bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida stipendiya toʻlanadi. Ushbu davr mehnat stajiga qoʻshiladi. Dual taʼlimni tashkil etgan ish beruvchilarga 7-yil muddatga 5 milliard soʻmgacha imtiyozli kredit beriladi.

Milliy tanlov va reyting

2026-yildan boshlab Prezident sovrini uchun “Kasbiy mahorat milliy tanlovi” oʻtkaziladi. Milliy reytingda eng yuqori 50 talikka kirgan texnikumlarning har biri bazaviy hisoblash miqdorining 3000 baravari miqdorida ragʻbatlantiriladi.

Moratoriy va moliyalashtirish tartibi

2030-yilgacha texnikumlarni tugatish, ularning yer maydonlari va binolarini xususiylashtirishga moratoriy eʼlon qilinadi. 2026-yil 1-sentyabrdan 9-sinf bitiruvchilari texnikumlarda toʻliq davlat byudjeti hisobidan oʻqiydi, 11-sinfni bitirgan talabgorlar esa toʻlov-kontrakt asosida tahsil oladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер