Yangi mavsumda Buxoro futbol jamoasi “Buxoro” nomi ostida maydonga tushadi
Foto: Халқ сўзи
Bir paytlar mazmunli oʻyini bilan muxlislar eʼzoziga sazovor boʻlgan “Buxoro” futbol jamoasi oʻtgan mavsumda pro-ligada “Nurafshon” nomi bilan maydonga tushgandi. Ammo egningdagi toʻn oʻzgargani bilan mohiyat oʻzgarmasa, qiyin. Bir qator hal qiluvchi uchrashuvlarda jamoaning zaif nuqtalari koʻrinib qoldi. Boz ustiga jamoa uchrashuvlarni “Buxoro” oʻyingohida emas, viloyat markazidan 60 chaqirimcha olisda — Gʻijduvondagi stadionda oʻtkazdi. Holbuki, “Buxoro” oʻyingohi bir paytlar mamlakatimizning muhtasham arenalaridan biri hisoblanar edi. Endi esa... Xullas, jamoa super-liga yoʻllanmasini hal qila olmadi. Oʻz tarixida ilk bor ketma — ket ikkinchi mavsumni pro ligada oʻtkazadigan boʻldi. Vaholanki, mazkur professional klub uchun ozmuncha mablagʻ sarflanayotgani yoʻq. Raqamlarni eshitgan kishining labiga uchuq toshishi ajab emas.
Yaqinda “Buxoro” professional klubida navbatdan tashqari yigʻilish oʻtkazildi. Maʼlum boʻlishicha, futbolchilik va murabbiylik faoliyati bilan koʻpchilikka yaxshi tanish Hakim Fuzaylov jamoa bosh murabbiyi etib tayinlangan. U joriy mavsumda Samarqandning “Dinamo”siga ustozlik qilgan va bu jamoani super-ligaga olib chiqqan edi.
Tabiiyki, buxorolik muxlislar oʻz jamoalarini elitada koʻrishni istashadi. Murabbiyning zimmasiga aynan shu vazifa qoʻyildi. Buyogʻi qanday kechishini vaqt koʻrsatadi, albatta. Har holda tojikistonlik tajribali murabbiy H. Fuzaylov Buxoroda kuchli, raqobatbardosh, oʻz oʻyin uslubiga ega jamoani shakllantiradi, deya umid qilinmoqda.
Aytmoqchi, jamoa kelgusi mavsumda “Nurafshon” emas, “Buxoro” nomi ostida maydonga tushadi. Buni mutasaddilar jamoa barcha hujjatlarda “Buxoro” professional klubi nomi ostida roʻyxatdan oʻtgani bilan izohlashdi. Fikrimizcha, haqiqiy ishqiboz uchun jamoaning nomlanishi u qadar muhim emas. Muhimi, chinakamiga professional jamoa shakllansin. Uning oʻyinini tomosha qilgani stadionga shoshaylik. Televizor boshqaruv pultini Angliya, Italiya, Ispaniya chempionatlarini emas, oʻzimizning futbolni koʻrgani bosishga majbur boʻlaylik. Afsuski, bu hozir shirin bir orzu, xolos.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring