Yangi yil archa bayramlari Samarqand shahrining 6 ta hududida oʻtkaziladi
Sanoqli kunlardan soʻng 2026-yil kirib keladi. Yangi yilni koʻtarinki kayfiyatda qarshi olish, aholi va mehmonlar uchun unutilmas bayram muhitini yaratish maqsadida Samarqand shahrida “Prezident archasi” tadbirlariga tayyorgarlik ishlari yakuniga yetmoqda.
Samarqand shahar hokimligi axborot xizmati bergan maʼlumotga koʻra, yangi yil archalari shaharning 6 ta asosiy hududida oʻrnatilmoqda. Ular viloyat musiqali drama teatri hamda Temiryoʻl vokzali old maydonlari, Sartepo massivi Turkiston koʻchasi, Qorasuv maskanida joylashgan “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi, Kimyogarlar shaharchasidagi Madaniyat saroyi oldi va “Yoshlik” istirohat bogʻida qad rostlamoqda.

Aholiga bayramona kayfiyat ulashish maqsadida Yangi yil arafasida shahar jamoat transportida yoʻlovchi tashish xizmati Qorbobo va Qorqiz qiyofasidagi 150 nafar haydovchi tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Samarqand shahrining markaziy koʻchalarida joylashgan korxona, tashkilot va muassasalar, savdo, umumiy ovqatlanish hamda servis xizmati koʻrsatish obyektlari Yangi yil bayrami ruhida bezatilib, zamonaviy yoritish vositalari va illyuminatsiyalar bilan chiroyli tarzda jihozlanmoqda.
Bayramning asosiy archasi joylashgan hudud — Koʻksaroy maydonida archa konstruksiyalari, bolajonlar uchun koʻchma attraksionlar tashkil etilyapti. Maydon turli xildagi zamonaviy tungi yoritish vositalari va illyuminatsiyalar bilan bezatilib, bayramona muhit yaratiladi.

Shuningdek, archa atrofidagi sahnada esa Qorbobo va Qorqiz ishtirokida hamda taniqli sanʼatkorlar va teatr ijodkorlari tomonidan qiziqarli badiiy chiqishlar namoyish etiladi.
Bundan tashqari, shahar bozorlarida Yangi yil yarmarkalari tashkil etilib, Alisher Navoiy koʻchacida turli xil shirinlik mahsulotlari va Yangi yil sovgʻalari sotiladigan maxsus rastalar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Viloyatda asosiy bayram tadbirlari joriy yilning 20-dekabridan boshlanadi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- 1-mart — Zulfiya tavallud topgan kun. “Bugun tunda kelarmish bahor”
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring