Yangi imkoniyatlar va hamkorlik istiqbollari

BMT Bosh Assambleyasining Nyu-Yorkdagi yubiley sessiyasida ishtirok etgan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning AQSH yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan oʻtkazgan samarali uchrashuvlari natijasida fuqaro aviatsiyasi, togʻ-kon sanoati, moliya va innovatsiyalar, kimyo, energetika hamda boshqa ustuvor yoʻnalishlarda istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirildi. Bu mamlakatimiz yetakchisining oʻz xalqi farovonligi yoʻlidagi shijoatli faoliyatining yaqqol ifodasidir.
23-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning muzokaralari chogʻida AQSH Prezidenti Oʻzbekiston yetakchisining AQSHning 50 dan ortiq yirik kompaniya va banklari rahbarlari bilan oʻtkazgan uchrashuv hamda muzokaralarining samarali natijalarini yuksak baholadi. Ushbu loyiha va kelishuvlar ikki mamlakatda oʻn minglab yangi ish oʻrinlarini ochishga xizmat qiladi.
Mazkur tarixiy voqea Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan samarali islohotlar va biznes yuritish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar tufayli AQSH kompaniyalarining mamlakatimiz iqtisodiyotiga qiziqishi ortib borayotgani natijasidir. Ushbu kelishuvlar Oʻzbekistonning iqtisodiy rivojlanishiga, xalqimizning hayot darajasini oshirishga va mamlakatimizning jahondagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning uzoqni koʻzlagan siyosati va tinimsiz mehnati tufayli Oʻzbekiston yangi taraqqiyot yoʻlidan ildam bormoqda.
Bugun Oʻzbekiston Respublikasi oʻzining misli koʻrilmagan ochiqligi va jadalligi bilan ajralib turgan izchil, aniq va konstruktiv siyosatni olib borayotgani dunyoning yetakchi mamlakati — AQSH bilan munosabatlarda ham namoyon boʻlmoqda. AQSH Prezidenti Donald Tramp “Prezident Mirziyoyev — bir soʻzli inson va biz boshqa koʻplab masalalar ustida birgalikda ishlashda davom etamiz!”, deya olqishlashi ortida ham Qoʻshma Shtatlardek davlatning Oʻzbekistondagi shiddatli, ortga qaytmas islohotlarga ishonchi yotadi. Amerikaliklarning dono bir maqoli bor: “Odamlarning soʻziga emas, ishiga boq”. Shu maʼnoda, millatimiz yetakchisi amaliy ishlari bilan jahonda katta obroʻ va eʼtibor qozondi.
Shu oʻrinda bir fikrni aytmoqchiman. Hozirgi kunda dunyoda rasman 200 dan ziyod mustaqil davlatlar bor, lekin aslida koʻpchiligining mustaqilligi qogʻozda, yaʼni sunʼiy. Chunki ular siyosiy, iqtisodiy yoki xavfsizlik jihatdan u yoki bu davlatga tobe va afsuski, ularning taqdiri oʻz poytaxtlarida emas, balki boshqa poytaxtlarda hal etiladi. Oʻzbekiston ulardan farqli oʻlaroq haqiqiy mustaqillikka ega boʻldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ushbu oʻta tahlikali hamda murakkab davrda jonajon Vatanimiz istiqlolini nafaqat koʻz qorachigʻidek asramoqda va himoya qilmoqda, balki tez surʼatlar bilan har tomonlama mustahkamlab borayotir.
Prezidentimiz tashabbusi tufayli nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari, balki uzoq va yaqindagi barcha xorijiy davlatlar bilan doʻstona, oʻzaro manfaatli qoʻshnichilik munosabatlari mustahkamlandi. Bu oʻz oʻrnida siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hamda xavfsizlik munosabatlarining ijobiy oʻzgarishlariga olib keldi. Muhim bir jihatni toʻgʻri tushunish kerak, mazkur yutuqlar tasodifan boʻlgani yoʻq. Bu va boshqa yutuqlarimizning negizida, avvalambor, millatimiz yetakchisining chuqur oʻylangan siyosati va irodasi turibdi.
AQSHdek buyuk davlat har kim bilan ham ishonchli va doʻstona munosabatlar oʻrnatmaydi. AQSH Oʻzbekiston mustaqilligini birinchilardan boʻlib tan olgan, uning hududiy yaxlitligi va suverenitetini qoʻllab-quvvatlab kelayotgan davlat sifatida Markaziy Osiyoga oid tashqi siyosatni belgilash va olib borishda Oʻzbekistonga suyanishga intilyapti.
AQSH tomonidan Markaziy Osiyo — AQSH hamkorligiga oid “S5+1” formatining 2016-yilda tashkil etilishi va oʻsha yili Samarqandda AQSH Davlat kotibi Jon Kerri hamda Markaziy Osiyoning besh mamlakati tashqi ishlar vazirlari ishtirokida uchrashuv oʻtkazilgani ham fikrimizni tasdiqlaydi. Bu platforma orqali AQSH oʻzining mintaqaga nisbatan siyosatini tushuntiradi, Markaziy Osiyo hukumatlari pozitsiyalari va dardi bilan tanishadi, oʻzaro fikr almashiladi.
AQSH diplomatlari fikricha, bugun mintaqa davlatlari ancha oyoqqa turib oldi, ular katta yoʻlni bosib oʻtdi. Ular mustaqil va oʻz tizimlariga ega. Mintaqa oʻzgarib bormoqda. Bu tashqi dunyoni ham shunga yarasha harakat qilishga undaydi. Masalan, AQSH bilan hamkorlik Oʻzbekiston va qoʻshnilarimizni global moliya bozoriga olib chiqadi.
Bugungi zamonaviy dunyoda konchilik, neft va gazga tayanib yashash bilan iqtisodiyotni rivojlantirish qiyin. Hamma ham bu borada muvaffaqiyat qozongan emas. Tabiiy boyligiga tayangan hamma davlatlar ham boy emas. Shunday ekan, inson kapitaliga sarmoya yoʻllash haqida koʻproq oʻylash kerak. Amerika hukumati oʻz biznesmenlariga Oʻzbekiston yoki Qozogʻistonga borib ishlash haqida buyruq bera olmasa-da, ilm-fan, texnologiya, taʼlim bobida ulkan yordam koʻrsata oladi.
AQSH serqirra hamkorlik qiladi, oʻz manfaatlari va maqsadlariga qarab ish tutadi. Shunday ekan, oʻzaro manfaatlar nimada? Manfaatlar qay nuqtada toʻqnashadi?
Hozir Oʻzbekiston xalqaro miqyosda ochiq va erkin jamiyat sifatida namoyon boʻlmoqda. Amerikaliklar nazdida Prezident Mirziyoyev har safar soʻzlaganda undan yanada koʻproq ishlar, kattaroq qadamlar kutilmoqda. Hammaning eʼtibori Mirziyoyevda. Oʻzbekiston xalqi oʻz rahbariga ishonmoqdami, demak, Amerika ham shunga qarab intiladi. Gap har doimgidek amalda nima qilinishida! Kongressda, boshqa hukumat organlari va idoralarida Mirziyoyevga nisbatan xayrixohlik bor. Prezident Mirziyoyev faqat gapirmayapti, amalda oʻz soʻzini isbotlay olyapti degan xulosaga kelingan. Avvalgi — Oʻzbekiston oʻzgarmaydi degan umidsizlik yoʻq. Aslida oʻzgarish qilish hech qachon oson kechmagan. Bunga vaqt kerak. Tizimni pastdan tepaga, tepadan pastga, har tomonlama yangilash kerak. Hatto bir partiya hukmron, siyosiy jihatdan plyuralistik boʻlmagan tuzumlarda ham rahbar xohlagan oʻzgarishni qilishi oson emas, ayniqsa, siyosiy sohada. Shu nuqtayi nazardan, hozir Markaziy Osiyo haqida gap ketganida, asosan, Oʻzbekiston diqqat markazida boʻlmoqda.
Vashington nazarida Oʻzbekiston mintaqaviy hamkorlik va hamjihatlikka bebaho hissa qoʻsha boshlagan. Tramp maʼmuriyati davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevga Markaziy Osiyodagi dinamikani ijobiy tomonga burgan yetakchi deya qaramoqda. “C5+1” formatidagi dialog markazi ham, oddiy qilib aytganda, Toshkent boʻlib qoldi. Bu ham Oʻzbekistonga yangi vazifa va masʼuliyat yuklaydi.
Oʻzbekistonning dunyoning yetakchi mamlakati bilan munosabatlari jadal va oʻzaro manfaatdorlik asosida rivojlanmoqda. Xususan, davlatimiz rahbarining 2018-yil may oyida Vashingtonga rasmiy tashrifi Amerika Qoʻshma Shtatlari bilan oʻzaro munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Ikki davlat rahbarlari “Strategik sheriklikning yangi davri boshlanishi toʻgʻrisida”gi Qoʻshma bayonotni qabul qildi va oʻz saʼy-harakatlarini hamkorlikning oʻzaro manfaatli sohalarini rivojlantirishga yoʻnaltirdi. Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar ijobiy baholandi va qoʻllab-quvvatlandi. Bu Oʻzbekistonning reytingi va xalqaro imijiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.
Soʻnggi yillarda ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo hajmi ikki baravar oshdi. Amerikalik sayyohlarning Oʻzbekistonga oqimi esa 50 foizga koʻpaydi. AQSH Kongressida nufuzli “Oʻzbekiston boʻyicha kokus”, yaʼni respublikaning norasmiy doʻstlari guruhi tuzildi. Toshkentda keng qamrovli, jumladan, marketing va tadbirkorlik, axborot texnologiyalari, mediaindustriya, sogʻliqni saqlash boshqaruvi kabi akademik dasturlarni oʻz ichiga olgan Vebster universitetining filiali ochildi.
Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish borasida ham Oʻzbekiston va AQSH munosabatlari izchil rivojlanmoqda. Amerika diplomatlari, siyosatchilari, kongressmenlari, senatorlari, ishbilarmonlarining tez-tez Oʻzbekistonga amalga oshirayotgan tashriflari ham AQSH Oʻzbekiston bilan manfaatli munosabatlarni mustahkamlashdan manfaatdorligini koʻrsatadi.
AQSHning Oʻzbekistondagi elchisi Jonatan Henik rasman shu lavozimga kirishishdan oldin mamlakati Senatida soʻzlagan nutqida aytganidek, Oʻzbekiston — Markaziy Osiyoning yuragi va AQSHning kuchli sherigi. Henik Toshkent bilan hamkorlikning taʼsirini butun mintaqa, shuningdek, Yevroosiyo va hatto Hind hamda Tinch okeanlari hududlaridagi mamlakatlar bilan ham bogʻlaydi. 2016-yilda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar eʼlon qilinganidan beri AQSH ularni olqishlab kelmoqda.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQSHga bu galgi tashrifi ikki davlat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun muhim qadam boʻldi. Erishilgan kelishuvlar Oʻzbekiston iqtisodiyotini yuksaltirish, siyosiy munosabatlarni mustahkamlash va madaniy aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladi. Donald Trampning iliq fikrlari esa Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.
Oqil SALIMOV,
akademik.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring