Yangi bogʻchada nega bola kam..?

19:13 15 Fevral 2022 Jamiyat
1202 0

Foto: Халқ сўзи

Gʻalati paradoks: Shirin shahrida yangi, nihoyatda koʻrkam va zamonaviy bir bogʻcha bor, ammo uni imkoniyati darajasida tarbiyalanuvchilar bilan toʻldirish muammo boʻlib turibdi. Nega?

Nurobod — Shirin shahri va Xovos tumani tutashgan hududdagi mahalla. Yaqin yillar davomida ushbu manzil har jihatdan chiroy ochdi. Qishloq boʻlib “dunyoga kelgan” Nurobod “Obod mahalla” dasturi asosida Shirin shahrining koʻrkam bir boʻlagiga aylandi. Shirin shahar maktabgacha taʼlim boʻlimi tasarrufidagi 6-davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti (6-MTT) ham ayni dastur doirasida qurib bitkazildi.

Mubolagʻa emas, mazkur taʼlim-tarbiya muassasasi binosi oʻziga xos uslubda, koʻrgan koʻzni quvontiradigan yangicha meʼmoriy yondashuv asosida bunyod etilgan. Lekin yuqorida keltirganimizdek, bogʻchaning bu koʻrkiga yanada fayz baxsh etadigan bolajonlar yetarli emas.

Sirdaryo viloyati maktabgacha taʼlim boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, 160 tarbiyalanuvchiga moʻljallangan mazkur muassasaga hozir, bor-yoʻgʻi, 56 nafar bola qatnamoqda. Holbuki, Nurobodning oʻzida MTTga qatnashi mumkin boʻlgan 3 — 7 yoshli oʻgʻil-qizlar 256 nafarni tashkil etsa, qoʻshni Xovos tumani mahallalarida ham shu yoshdagi bolajonlar bor. Negaki, bogʻcha shunday hududda joylashganki, Xovos tumanining Fayzobod qishlogʻi bilan oraliq masofa juda yaqin.

Xoʻsh, talab mavjud ekan va muhimi, shunga yarasha eng zamonaviy maktabgacha taʼlim tashkiloti qurib qoʻyilgan boʻlsa, unda nega ota-onalar farzandlarini 6-MTTga berishmayapti?

Viloyat maktabgacha taʼlim tashkilotining ushbu savolga izohidan maʼlum boʻlishicha, hamma gap 6-MTT va qoʻshni Xovos tumanidagi ayni muassasalardagi badal toʻlovlari oʻrtasidagi tafovutda. Va yana bir chalkash masala ham borki, bu ham boʻlsa, Nurobod mahallasi uchun qurilgan 6-MTT joylashgan hudud Xovos tumaniga qarashli. Yaʼni MTT Shirin shahar maktabgacha taʼlim boʻlimi tasarrufida, binosi esa Xovos tumanida joylashgan.

Bu esa bir qarashda har qanday insonda gʻalati taassurot qoldirishi tabiiy. Biz ham taajjublangancha maʼlumotning davomi bilan tanishdik.

Unda keltirilishicha, Nurobodda boʻsh joy boʻlmaganligi sababli bogʻcha Xovos tumanida qurilgan. Toʻgʻri, elektr energiyasi, tabiiy gaz taʼminoti, ularning toʻlovi va boshqa masalalar shahar hamda tuman oʻrtasida, mahalliy doiralarda oʻz yechimini topayotgandir. Ammo keltirganimizdek, bir-biriga tutashib ketgan ikki hududdagi bogʻchalarda badal toʻlovidagi farq sezilarli darajada boʻlmasligi kerak emasmi?

Yana savol tugʻiladi: xoʻsh, nega Xovos tumanida badal narxi pastu, Shirinda baland?

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-fevraldagi “Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari xodimlarining ayrim toifalari mehnatiga haq toʻlashni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda tegishli Farmoniga asosan, Sirdaryo viloyatining Oqoltin, Mirzaobod, Xovos va Sardoba tumanlarida joylashgan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qatnaydigan bolalarning ota-onalariga badal toʻlovi miqdori 2023-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda ikki baravar pasaytirilishi belgilangan. Mazkur hujjatlarga asosan, ushbu hududlarda ota-onalar badal toʻlovi belgilangan umumiy summaning 50 foizini tashkil etadi.

Xususan, Shirin shahrining Nurobod mahallasi bilan deyarli birlashib ketgan Xovos tumanining Fayzobod qishlogʻida ota-ona toʻlaydigan badal puli agar oiladan bitta farzand 9 soatlik guruhlarga qatnasa 47 ming 500 soʻmga, ikki nafar farzand uchun esa 38 ming 500 soʻmdan toʻgʻri keladi. Shirin shahrida, jumladan, Nuroboddagi 6-MTTda ushbu toʻlovlar mos ravishda 183 ming va 130 ming soʻmni tashkil etadi. Ayni mana shu farq sabab ota-onalar tomonidan Shirin shahar maktabgacha taʼlim boʻlimiga qarashli 6-MTTga farzandlarini joylashtirmayapti. Qolaversa, chegara hududidagi chekka mahalla — Nurobod aholisining ijtimoiy yashash tarzi — daromadi, bandligi hamda boshqa jihatlari qoʻshni Xovos tumanidagi ahvoldan farq qilmaydi.

Bilmadik, ehtimol, mamlakatimizning boshqa hududlarida ham shunga oʻxshash masala bordir?! Ammo biz Sirdaryo viloyatida oʻzimiz duch kelgan muammoga eʼtibor qaratdik.

Oʻylaymizki, Maktabgacha taʼlim vazirligi bu borada har tomonlama maqbul choralarni koʻrib, oqilona yechim topsa, bu kelajagimiz egalari uchun manfaatli boʻladi.

Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер