Yangi bogʻ va tokzorlar barpo etiladi

18:41 08 Iyul 2021 Iqtisodiyot
787 0

Uzumchilik bogʻdorchilikning eng muhim tarmoqlaridan biri boʻlib, mamlakatning xalq xoʻjaligida salmoqli oʻrinni egallaydi. Azaldan ajdodlarimiz uzumchilik bilan shugʻullanib kelgan, odamlarimiz uzum yetishtirishning hadisini olgan. Toyfi, husayni, kelinbarmoq va kishmish kabi uzumlarning dovrugʻi butun dunyoga maʼlum va mashhur.

Yurtimizda qishloq xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha katta salohiyat borligini, hosildor yerlarimiz, dehqonchilikda suyagi qotgan odamlarimiz koʻpligini, bu qon-qonimizga singib ketganini inobatga olib aytsak, uzumchilik tarmogʻini kengaytirish uchun imkoniyatimiz qanchalik keng ekani oydinlashadi.

Ana shu jihatlarini olib aytadigan boʻlsak, kuni kecha davlatimiz rahbari raisligida uzum yetishtirish, uni sanoat usulida qayta ishlashni rivojlantirish hamda hududlarda ekoturizmni yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega.

Aytish kerakki, yigʻilishda sohadagi muammolar va oldinda turgan vazifalar keng muhokama etildi. Albatta, tarmoq imkoniyatlaridan toʻgʻri foydalanilsa, nafaqat mamlakat aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, isteʼmolchilar talabini yetishtirilayotgan meva-uzum mahsulotlari hisobiga toʻla qondirish, balki eksport salohiyatini oshirish imkoni ham ortadi. Bu iqtisodiyotga ham foyda degani. Shuning uchun ham bogʻdorchilik va uzumchilikni jadal surʼatlarda rivojlantirish talab etilmoqda.

Maʼlum boʻlishicha, bugungi kunda yurtimizda fermer xoʻjaliklari tomonidan 90 ming gektar maydonda uzum yetishtirilmoqda. Bu tarmoqda 900 ming aholi doimiy va mavsumiy ish bilan band. Soʻnggi toʻrt yilda 52 ming gektar yangi tokzorlar tashkil etilib, sohaga 210 milliard soʻm subsidiyalar ajratildi. Shu davr mobaynida meva-sabzavotlar eksportida uzumning ulushi 2 baravarga koʻpaygan.

Davlat rahbari asosiy mahalla odamlarning ish haqini koʻpaytirish ekanini aytib, shu maqsadda 44 ta tumanni uzumchilikni rivojlantirish boʻyicha eksperiment sifatida tanlab olinganini maʼlum qildi.

Shuningdek, ayrim hududlarda yirik tokzorlar maydoni soʻnggi toʻrt yilda 7 ming gektarga kamayganini qattiq tanqid qilindi. Tarmoqda seleksiya ishlari deyarli yoʻq, haligacha 40-50 yil avval yaratilgan uzum navlari ekib kelinmoqda. Tokzorlarni yangilashni ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyilmagan. Koʻchat yetishtirish ilmiga va texnologiyasiga amal qilinmaydi, koʻchat kasalliklari bilan olimlar ham, ishlab chiqaruvchilar ham shugʻullanmasligi, hosildorlik ham pasayib, kasallik esa kun sayin koʻpayib borayotgani aytildi. Tokzorlarning atigi 38 foizi intensiv usulda parvarishlanmoqda. Mahalliy uzumlarimiz hosildorligi Osiyoning boshqa davlatlariga nisbatan 1,5-2 baravarga kam. Qolaversa, yurtimizda yetishtiriladigan uzumlar aksariyati danakli boʻlib, jahon bozorida danaksiz uzumga boʻlgan talab keskin ortib borayotgani qayd etildi.

Koʻrinib turibdiki, muammolar talaygina, shunga yarasha vazifalarimiz ham koʻp. Mahsulotlar sifatini, hosildorligini oshirish, bu borada eksport salohiyatini oshirish kechiktirib boʻlmaydigan masala. Mazkur tarmoqni rivojlantirish, tokzorlarni koʻpaytirish va ularga ishlov berish, sugʻorishda yangi texnologiyalarni joriy etish uchun tajribamiz ham, salohiyatimiz ham yetadi. Hamma gap intilishda,.

Eʼtiborli tomoni, endilikda ushbu tarmoq keng koʻlamda rivojlanadi. Masalan, uzum plantatsiyalari uchun subsidiyalar ajratiladi. Davlatimiz rahbari endi yangi tokzorlarni barpo etish, eski bogʻ va uzumzorlarni yangilash uchun yangi tizim joriy etilishi, bunda, sertifikatlangan yangi uzum plantatsiyalarining har bir gektariga 10 mln soʻmdan subsidiya ajratilishi, shuningdek, koʻchatchilik xoʻjaliklari tashkil qilingan maydonlarning har bir gektari uchun ham subsidiya berish tizimi joriy etilishi haqida maʼlum qildi.

Yangi tokzorlar uchun bir dona artezian quduq yoki nasos stansiyasi qurishga har 10 gektarga 120 mln. soʻmgacha subsidiya beriladi, yaʼni subsidiya beriladigan maydon hajmi 3 barobarga kamayadi (hozir eng kam maydon 35 gektar qilib belgilangan). Sertifikatlangan uzum plantatsiyalarini tashkil etishni moliyalashtirish uchun banklarga 100 mln. dollar resurs ajratiladi. Bu mablagʻ Jahon bankining qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish loyihasi (200 mln dollar) doirasida moliyalashtiriladi.

Yil yakuniga qadar 15 ming 700 gektar tokzorda tomchilatib sugʻorishni joriy etish va 1 mingta artezian quduqlar qazish ishlarini yakuniga yetkazish uchun byudjetdan 100 mlrd soʻm subsidiya ajratiladi. Uzumzorlar tashkil etishni moliyalashtirish uchun banklarga 100 million dollar resurs ajratiladi.

Koʻrinib turibki, uzumchilik tarmogʻini kengaytirish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinadi, zarur sharoitlar yaratib berildi. Sohada moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari yoʻlga qoʻyiladi.

Albatta, mamlakatimizda tuproq-iqlim sharoitlari nihoyatda qulaydir. Mavjud salohiyatni toʻliq ishga solish, shunga yarasha katta daromad olishda katta ahamiyatga ega. Faqat ishlab chiqarilayotgan meva-uzum mahsulotlari oʻsib borayotgan xalqimiz va xomashyoni qayta ishlash sanoati ehtiyojini toʻliq taʼminlash uchun hali yana talaygina ishlarni amalga oshirishga toʻgʻri keladi.

Yigʻilishda jahon bozorida xoʻraki uzumga talab ortib borayotgani, mayiz va tabiiy vino mahsulotlari ham xaridorgir ekani, shu bois, bugun mamlakatda uzumchilikni ilgʻor tendensiyalar asosida rivojlantirish zarurligi alohida taʼkidlandi. Shundan kelib chiqib, uzum yetishtirishda ham zamonaviy usullarni keng joriy etish, tokzorlar mahsuldor boʻlishi uchun birinchi navbatda tok ildizlarining rivojlanishi uchun optimal sharoit-yaxshi suv-havo va ozuqa rejimini yaratish, buning yangicha texnologiyalarini oʻzlashtirish zarur, deb oʻylayman.

Dilorom IMOMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?