“Yallama”da bojxona terminali ishga tushirildi

12:39 16 Aprel 2022 Jamiyat
1111 0

Toshkent viloyatining Chinoz tumanida joylashgan “Yallama” chegara bojxona postiga tutash hududda yangi zamonaviy bojxona terminali ishga tushirildi.

Terminalning tantanali ochilish marosimida Davlat bojxona qoʻmitasi rahbariyati, bir qator vazirlik va idoralar masʼullari, Qozogʻiston va Rossiyaning bojxona ishlari boʻyicha Oʻzbekistondagi vakillari, Toshkent viloyati hokimligi hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqar ekan, Davlat bojxona qoʻmitasi Raisining birinchi oʻrinbosari I.Muxtorov soʻnggi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar doirasida bojxona tartib-taomillarini yanada soddalashtirish, transport-logistika xizmatlarini rivojlantirish orqali tadbirkorlarga qulay shart-sharoitlar yaratish hamda ushbu islohotlar orqali aholi bandligini taʼminlash borasida tizimli tadbirlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-noyabrdagi “Bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirish va Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PF-5582-son Farmonida “Yallama” postiga tutash hududda bojxona terminalini qurish belgilangan edi.

Joriy yilning 17-fevral kuni bojxona tizimini yanada isloh qilish boʻyicha oʻtkazilgan videoselektorda Muhtaram Prezidentimiz tomonidan mazkur hududdagi tashqi savdo markazini qisqa muddatlarda ishga tushirish yuzasidan alohida topshiriq berilgan edi.

Respublikamizning eng yirik bojxona postiga tutash hududdagi mazkur “Euroasia Transportation Logistics” xorijiy korxonasi tomonidan qurib foydalanishga topshirilgan bojxona terminalini ayni shu topshiriqning amaliy ijrosi boʻldi.

20 gektar maydonni egallagan “Yallama” bojxona terminalida davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan bojxona, bank, logistika, tezkor laboratoriya, fitosanitar, veterinar, sanitar-epidemiologik, ekologik, muvofiqlikni baholash kabi barcha xizmatlar “Yagona darcha” tamoyili asosida koʻrsatiladi.

Shuningdek, bu yerda bir vaqtning oʻzida 500 ta yuk avtomobillarini sigʻdira olish imkoniyatiga ega hamda bepul WI-FI bilan taʼminlangan avtoturargoh, 5000 kv.m maydonda yopiq hamda 3836 kv.m maydonda ochiq bojxona omborlari, rasmiylashtiruv zali, davlat nazorati organlari uchun xizmat xonalari, savdo doʻkonlari hamda boshqa bino va inshootlar mavjud.

Bundan tashqari, bojxona terminali eng zamonaviy texnik vositalar, jumladan avtotarozi, avtomobillar raqamini aniqlash va videokuzatuv tizimlari, zamonaviy kompyuter texnikalari va boshqa qurilmalar bilan jihozlangan.

Eng muhim yangiliklardan biri shundaki, bojxona terminali hududida 10 ta shtat birligidan iborat bojxona punkti tashkil etildi. Endi shundoqqina chegara bojxona postidan tovarlarini olib kirgan yoki olib chiqish istagidagi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari shu yerning oʻzida sutkaning istalgan vaqtida tashqi savdo yuklarining bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini amalga oshirishadi.

Bojxona terminalining ishga tushishi natijasida tadbirkorlarning rasmiylashtiruv va sertifikatlashtirish uchun sarflanadigan vaqt va xarajatlari tejaladi, tirbandliklar bartaraf etiladi, bojxona qonunbuzarlik holatlarining oldi olinadi.

Va eng asosiysi mazkur hududda yashovchi 50 dan ziyod aholi doimiy ish oʻrni bilan taʼminlandi.

Yangi barpo etilgan bojxona terminalida yaratilgan shart-sharoitlar avvalambor tadbirkorlarga qulay va vakolatli idoralarga samarali nazoratni tashkil etishga xizmat qiladi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер