Yaxshidan bogʻ qoladi

14:24 11 Noyabr 2024 Jamiyat
204 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Qadimda ota-bobolarimiz ona zaminni obod qilish, daraxt ekib, tabiat musaffoligini saqlashni farzand tarbiyalashdek muqaddas vazifa deb bilgan. Yaxshidan bogʻ qoladi, degan purmaʼno oʻgitga amal qilgan.

Inson va tabiat oʻrtasidagi uzviylik, ekologik barqarorlik xususida gap ketganda, har bir daraxt, buta, giyohning hayotimizdagi oʻrni nechogʻli muhimligi barchamizga yaxshi maʼlum. Mevali daraxtlar kerakli darmondorilar, rizq-roʻz bilan taʼminlasa, manzaralilari zaharli gazlarni yutib, kislorod yetkazib beradi. Misol uchun, ilm-fanda allaqachon bitta archa daraxti 200 nafargacha insonni toza havo – kislorod bilan taʼminlashi aniqlangan.

Mamlakatimizda keyingi yillarda birgina “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar ana shu jihatlari bilan ham eʼtiborga sazovordir. Bu kabi saʼy-harakatlar mohiyatini barcha hamyurtlarimiz ham birdek tushunayotgani yoʻq. Baʼzilari oʻz manfaati yoʻlida barchasiga koʻz yumushga tayyor.

Yurtimizda daraxt kesishga ikki yilga moratoriy eʼlon qilingan. Lekin tadbirkorlarimiz qurilish qilmoqchi boʻlgan hududni oʻrab oladi. Daraxtlarni sunʼiy ravishda quritadi. Baʼzi hollarda tadbirkorlar va boshqa hamyurtlarimiz tomonidan yashnab turgan daraxtlarni ochiqdan-ochiq kesib tashlash holatlari ham uchraydi.

Fargʻona viloyati prokuraturasi hamda ekologiya boshqarmasi mutaxassislari Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda Quva tumanida reyd oʻtkazishdi. Unda tumanning “Guliston” MFY hududida yashovchi fuqaro F.Yo. hech qanday ruxsatsiz bir tup archani kesib tashlagani aniqlandi. Natijada huquqbuzarga Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy jinoyat toʻgʻrisidagi kodeksga asosan, 1 mln. 650 ming soʻm miqdorida jarima qoʻllandi.

Toshloq tumaning “Nayman Boʻston” MFY hududida istiqomat qiluvchi T.Sh. oʻzboshimchalik bilan bir tup tol shoxlarini kesgan. Reyd tadbiri yakunida tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, u 1 mln. 700 ming soʻm miqdorida jarimaga tortildi.

Fargʻona shahrining Kimyogarlar mahallasida yashovchi R.A. hech qanday ruxsat olmay, ikki tup sosna daraxtini kesib tashlagan. Shu tariqa huquqbuzarga 1 mln. 700 ming soʻm jarima rasmiylashtirildi. Shuningdek, oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori 13 mln. 600 ming soʻm hisoblanib undirib olindi.

Viloyatda joriy yildan Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish boʻyicha 174 ta holat aniqlanib, 878 mln. 150 ming soʻm maʼmuriy jarima qoʻllanildi. Bugungi kunga qadar 338,5 mln. soʻmi undirildi. 47 ta oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zarar 803 mln. 818 ming soʻm belgilanib, 123 mln. 497 ming soʻmi undirib olinishi taʼminlandi. Shu yilning oʻtgan vaqti mobaynida 40 dan ortiq qonunbuzilish holatlarining oldi olindi.

Unutmaslik kerakki, daraxtkesarlarni ushlash va jazolash uchun har bir mahalla, koʻcha boshiga doimiy ravishda nazoratchi qoʻyishning imkoni boʻlmaydi. Demak, buning uchun faol jamoatchilik nazorati, jarayondagi burch va masʼuliyat tuygʻusi muhim.

Har bir daraxt bugungi hayotimiz, kelajagimizga daxldor. Oʻz hayoti va ertangi taqdiriga befarq boʻlishga hech kimning haqqi yoʻq.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер