Yaxshi boshlangan debyut yomon xotima topdi

12:24 16 Sentyabr 2025 Sport
81 0

“Nasaf” klubi xalqaro maydonda Oʻzbekistonning bayroqdor jamoalaridan ekani hech kimga yangilik emas. “Qarshiliklar” Oʻzbekiston sharafini Osiyo chempionlar ligasi, Klublar oʻrtasida Osiyo chempionati, OFK kubogi kabi musobaqalarda munosib himoya qilishni uddalagan. “Nasaf” xalqaro maydonda sovrin yutgan yagona oʻzbek jamoasi hisoblanadi.

Oʻtgan yili Oʻzbekiston Superligasida gʻalaba qozongan Roʻziqul Berdiyev boshchiligidagi jamoa bu yil OFK Elit chempionlar ligasi musobaqasida Oʻzbekiston sharafini himoya qilishi kerak edi. Kecha jamoa turnirdagi dastlabki oʻyinini oʻtkazdi.

Taʼkidlash kerakki, OFK Elit chempionlar ligasi musobaqasining tashkil etilganiga bu yil 2-yil toʻladi. Ushbu turnir Osiyo chempionlar ligasidan jamoalar sonining kamligi va guruhning umumiyligi bilan tubdan farq qiladi. Jamoalarning ikki mintaqaga boʻlingani esa yuqori saviyadagi oʻyinlar sonini oshirmoqda.

Musobaqaning dastlabki mavsumida Oʻzbekiston sharafini “Paxtakor” jamoasi himoya qilgan va oʻz ishtirokini nim chorak final bosqichida yakunlagan edi. Ayni oʻsha musobaqa yakunida Saudiya Arabistonining “Al-Ahli” klubi turnir chempionligini qoʻlga kiritdi. Bu yil Oʻzbekiston nomidan turnirda qatnashayotgan “Nasaf” klubiga ham birinchi turda ayni shu “Al-Ahli” jamoasi raqiblik qildi.

Yaxshi bilasiz, “Nasaf” jamoasidan Oʻzbekiston milliy terma jamoasi yigʻiniga Abduvohid Neʼmatov, Alibek Davronov, Umarbek Eshmurodov, Sherzod Nasrullayev, Husayn Norchaev kabi jami 5 nafar futbolchi jalb etilgan edi. Muhim oʻyinga tayyorgarlik koʻrish maqsadida Roʻziqul Berdiyev “CAFA National Cup” finali oldidan Timur Kapadzedan yordam soʻradi. Milliy terma jamoa ustozi oʻsha kuni jamoaning asosiy tarkibida tushishi kerak boʻlmagan futbolchilar Neʼmatov, Nasrullayev, Norchaev va Eshmurodovni klub bazasiga qaytishiga ruxsat berdi. Faqatgina markaziy himoyachisi Alibek Davronov terma jamoa ixtiyorida qoldi va “Buxoro”ga qarshi oʻyindan 1 kun avval klub ixtiyoriga qaytib ketdi.

“Nasaf” klubi chempionlar ligasi oʻyinidan 2 kun avval Jidda shahriga uchib ketdi. Oʻyin oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida “ajdarlar” ustozi Roʻziqul Berdiyev quyidagi fikrlarni aytib oʻtdi:

“Biz Osiyo chempionlar ligasi Elit musobaqasidamiz. Ertandan musobaqadagi yurishimizni boshlaymiz. Raqibimiz “Al-Ahli” kuchli tarkib va katta salohiyatga ega jamoa. “Nasaf” uchun bu kabi turnirda qatnashish yangilik emas, biz ilgari ham “Al-Ahli” darajasidagi kuchli raqiblarga qarshi maydonga tushganmiz. Jamoamiz har qanday raqibga munosib qarshilik koʻrsatishga qodir. Ertangi oʻyinga toʻliq tayyormiz, yigitlarning ham kayfiyati yaxshi. Albatta, ijobiy natija uchun bor kuchimizni safarbar qilamiz”.

Oʻyin uchun “Nasaf” jamoasi ustozi quyidagi futbolchilarni asosiy tarkibda maydonga tushirdi:

Abduvohid Neʼmatov, Alibek Davronov, Sherzod Nasrullayev, Sardor Bahromov, Igor Golban, Gʻolib Gʻaybullayev, Murod Rahmonov, Umar Eshmurodov, Oybek Bozorov, Stefan Cholovich, Husayn Norchaev.

Zafarmurod Abdurahmatov, Dragan Cheran, Sharof Moʻhiddinov, Javohir Siddiqov va Yusuf Otubanjo kabi futbolchilar zaxiradan maydonga tushdi.

Musobaqaning amaldagi chempioni esa oʻyinni quyidagi tarkib bilan boshladi:

Eduard Mendi, Rojer Ibanez, Matteo Dams, Merix Demiral, Ali Majrashi, Ziyad Al-Jahoni, Enzo Millo, Firas Al-Buraykan, Frank Kessye, Riyod Mahrez.

“Transfermarkt” portali maʼlumotlariga koʻra, “Al-Ahli” klubi Oʻzbekiston chempionidan qariyb 14 barobarga qimmat. Yaʼni, “Al-Ahli”ning kechagi oʻyin uchun tanlangan asosiy tarkibidagi futbolchilarning umumiy transfer qiymati 104 million yevro edi. “Nasaf”da esa ushbu raqamlar 7,5 million yevroni tashkil etadi.

Oʻyinni “Nasaf” juda yaxshi boshladi. Roʻziqul Berdiyev raqibni yaxshi oʻrganib chiqqani koʻp epizodlarda aniq koʻrindi. “Al-Ahli” mezbon sifatida kuchli bosim bilan boshladi. Ayniqsa, yarim himoyada Kessie va Millotning pressing oʻyinini tashkil qilishi “Nasaf”ni dastlabki daqiqalarda qiynadi.

34-daqiqada “Nasaf” hujumchisi Husayn Norchayev raqib himoyachilari xatosidan unumli foydalanib hisobni ochdi. 41-daqiqa “Nasaf” yana qarshi hujumda raqibini jazoladi. Gol muallifi yana Husayn Norchayev boʻldi. Shu tariqa “ajdarlar” birinchi boʻlimni gʻalaba bilan yakunladi.

Ikkinchi boʻlimda ham oʻyin bir maromda ketayotgan edi. Ammo 65-daqiqada “Nasaf” posboni Abduvohid Neʼmatov toʻpga chiqishda juda qoʻpol xatoga yoʻl qoʻydi. Bundan “saudlar” hujumchisi Enzo Millo unumli foydalanib, hisobni qisqartirdi. Buyogʻiga amaldagi chempion toʻxtamadi. 3 daqiqadan soʻng, Enzoning oʻzi hisobni tenglashtirdi.

90+4 daqiqada Riyod Mahrez “Nasaf” himoyachilarini mahorat bilan aldab oʻtib gʻalaba golini kiritdi. 90+13 daqiqada “Nasaf” himoyachisi Alibek Davronov qoʻpol oʻyini sabab maydondan chetlatildi. 90+15 daqiqada esa zaxiradan oʻyinga qoʻshilgan Muhammad Sulaymon jamoasining 4-golini kiritdi. Shu tariqa oʻyin 4:2 hisobi bilan amaldagi chempionning gʻalabasi bilan yakunlandi.

“Nasaf” klubi buyuk gʻalaba bilan qaytishi mumkin edi, afsuski, bitta xato butun oʻyin taqdirini oʻzgartirib yubordi.

Muhammadamin Zuhriddinov,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер