Yagona yoʻl – “Halollik vaksinasi”

15:09 06 Noyabr 2025 Jamiyat
221 0

Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda pora “oldi – berdi”si bilan bogʻliq xabarlarga kunora koʻzimiz tushyapti. Bu jirkanch illat shunchalik yuqumliki, nufuzli tashkilotlar, mahalliy boshqaruv idoralarigacha kirib borayotgani juda achinarli.

– Korrupsiya illatini keltirib chiqarayotgan sabablaridan biri bu yoʻlga kirgan shaxslarning manfaatga mukkasidan ketganidir, – deydi Yangi Namangan tumani prokurori Habibulla Isoqov. – Baʼzida boshqaruv jarayonlarining shaffof emasligi, elektron hukumatning yetarli darajada rivojlanmagani, kadrlar tanlash va tayinlashda xolislikning unutilishi kabi omillar ham koʻzga tashlanmoqda.

Korrupsiyaga berilayotganlarning aksariyati oqu qorani tanigan, huquqiy bilimi yetarli, qaysidir vakolatli lavozimda oʻtirgan, lekin oʻzganing haqidan aslo tap tortmaydigan noinsoflar, desak xato boʻladi. Ularning oʻzi shu yoʻl bilan mansabga kelgan, hatto boshqa birovga nafli boʻlgan hujjatni imzolash uchun qalamini tekinga ishlatmaydi. Koʻpchiligi hatto korxona yoki muassasasidagi boʻsh mehnat oʻrnini pullashni koʻzlagan. Mabodo biror kim bu yerga halol yoʻl bilan kelib qolsa, turli bahonalar bilan sigʻdirmaydi. Taʼlim tizimi, xususan, koʻplab umumtaʼlim maktablari direktorlari orasida manfaatlar toʻqnashuvi yaxshigina “ommalashgan”.

Shunday holat Namangan shahridagi 45-umumtaʼlim maktabida sodir boʻldi. Muassasa direktori Muhayyo Samadova (ism, sharifi oʻzgartirilgan) 2024-yil avgusti oʻrtalarida ingliz tili muallimasi Zamira Ahmadaliyevani huzuriga chorlaydi. Unga agar 200 dollar bersa oʻtgan yilgi dars soatini saqlab qolishini shama qiladi. Oʻqituvchi ilojsiz holatga tushadi. Rahbarning talabiga koʻnmasa maoshi pasayadi. M. Samadova xuddi shunday yuzsizlikni yana ikki nafar ingliz tili muallimalariga ham ishlatib, ularga 250-300 dollardan uzatish shartini qoʻyadi. Ikki oʻt oʻrtasidagi uch oʻqituvchining tegishli idoralarga murojaati bilan tez orada jinoyat fosh etiladi.

Yana bir holat Oʻzbekiston Milliy maqom markazining Namangan viloyat hududiy boʻlimida sodir boʻldi. Boʻlimda vaqtincha direktor vazifasini bajarib turgan Dilshod Abdurahmonov (ismi, sharifi oʻzgartirilgan) fursatdan foydalanib qolishni koʻzlab qaltis ishga qoʻl uradi. “Bu kursida omonat oʻtiribman, hali tasdiqlanamanmi yoʻqmi” deya xonandalardan birining shu yerda ishlaydigan turmush oʻrtogʻini mehnat tartibini yarimtadan toʻla stavkaga oʻtkazib berish haqidagi iltimosiga “100 dollar bersangiz hammasi yaxshi boʻladi”, deya xizmati haqini maʼlum qiladi. Tabiiyki, rahbarning oʻylamay bosgan qadami uni sud muhokamasiga yetakladi.

Yana bir qiziq kuzatuv. Manfaatlar toʻqnashuvi aksariyat hollarda moliyaviy taʼminoti davlat byudjeti hisobidan qoplanadigan idora va muassasalarda roʻy bermoqda. Vaholanki, ular rahbar va mutasaddilarining lavozim haqlari tayin, oladigan maoshi boshqa birovlarnikidan kammas. Jinoyat ishlari boʻyicha Namangan shahar sudi Davlatobod tuman davlat soliq inspeksiyasi inspektori Sh.R.ning poraxoʻrlik bilan bogʻliq jinoyat ishini koʻrib chiqdi. Bu shaxs 2024-yil may oyidan mahallalarga biriktirilgan soliq inspektorlari shoʻbasi inspektori lavozimida ishlab, oʻziga biriktirilgan uchta mahalla hududida faoliyat yurituvchi tadbirkorlardan “ulush” olib kelgan. U nazorat chogʻida “Gʻirvon” savdo majmuasi oldida savdo qilayotgan A.Kning doʻkoniga kirib, belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtmay ish olib borilayotganini aniqlaydi. Ushbu holat uddaburon soliqchi uchun ayni muddao boʻladi. Huquqbuzar tadbirkorga nisbatan dalolatnoma tuzmaslik evaziga uch million soʻm talab qiladi. Sudlanuvchi Oʻrta Gʻirvon MFY hududida joylashgan bir qator tadbirkorlardan daromad soliqlarini naqd berishsa, shaxsiy hisob varaqlariga toʻlab qoʻyishni aytib ularni aldaydi. Biroq, aytganida turmasdan 12 million 347 ming soʻm mablagʻni oʻz ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi.

Manfaatlar toʻqnashuvi koʻrinishida aniqlangan va sud idoralari tomonidan tegishli bahosini olgan bu singari misollarni koʻplab keltirish mumkin. Nega ular koʻpayib bormoqda? Kezi kelganda tanganing ikkinchi tomoni, oʻz manfaatini oʻylab, ishini qonun yoki oʻrnatilgan tartib-qoidalarga xilof ravishda bitirishga ruju qoʻygan fuqarolarimizning alohida vakolatga ega boʻlgan mansabdorlarga “oldi-berdi” uchun sharoit yaratib berayotganliklari ham qingʻirlikning urchishiga sabab boʻlmayaptimi, degan savolni dolzarb qilib qoʻyishga toʻgʻri keladi. Odatda koʻpchilik porani oʻz ixtiyori bilan beradi, lekin huquqini himoya qilib bu haqida tegishli idoralarga xabar qilishni xohlamaydi. Faqatgina doʻppi tor kelib qolganda ayuhannos soladi. Qani, maktab direktoriga uzatgan oʻqituvchidan “Qachon, qancha berdingiz?” deb soʻrab koʻring-chi, haqiqatni aytarmikin? Ertaga rahbarlarning eʼtiboriga tushish, aksariyat hollarda oʻz ishini qonunni chetlab bitirayotganidan qoʻrqadi. Bu andishami yoki surbet rahbarning tegirmoniga suv quyish? Aslida qonunda belgilab qoʻyilganidek, pora berayotgan ham jinoyatning teppa-teng ishtirokchisidir. Ayrim sohalarda samarali nazorat tizimi shakllanmaganligi, mutasaddilar faoliyati jamoatchilik va ommaviy axborot vositalariga ochiq emasligi, baʼzida bunday holatlarni koʻrib-koʻrmaslikka olinayotganligi, rahbar kadrlarni tanlashda subyektiv jihatlarning ustun kelayotganligining achchiq mevasi bu.

Korrupsiya jamiyat taraqqiyotiga gʻov, jamiyat uchun eng xatarli illatligi butun dunyoda isbotini topgan. U bor joyda qonun kuchini yoʻqotib, adolat yakson boʻladi, hammasidan yomoni odamlarda befarqlik, ezgu gʻoyalarga ishonchsizlik koʻrinishlari ildiz otadi. Tamagirlik bilan olingan pul qaysidir bemor muolajasiga toʻsiq, kimningdir oilaviy byudjetidan oʻgʻirlik, boshqa birovning farzandi kelajagiga xiyonatdir. Binobarin, “Sendan ugina mendan bugina” qabilidagi oʻzaro til biriktirishlarga qarshi kurashni yanada kuchaytirmaskanmiz, manfaatlar toʻqnashuvini bartaraf etish oson boʻlmaydi. Yagona yoʻl – “Halollik vaksinasi” har bir soha, jamiyat hayoti uchun masʼul har bir mansabdor shaxsga yetib borsin!

Qudratilla NAJMIDDINOV

(«Xalq soʻzi»).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер